O‘zbekiston | 22:20 / 06.02.2022
86007
18 daqiqa o‘qiladi

Qimmatlashayotgan avtomobillar, sudlanayotgan “kino vaziri” va IMEI mashmashasi - hafta dayjesti

Milliardlarni “yutib yuborgan” UzAuto Motors, blogerlar qahriga uchragan vazir, haydovchilarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i, Andijonda yonayotgan tungi gulxanlar va 33 kunga “kechikkan” Firdavs Abduxoliqov. Kun.uz yakunlangan hafta dayjestini taqdim etadi.

Kun.uz yangi videorukn – hafta mavzulari dayjestini taqdim etadi. Haftaliklarimizda yakunlanayotgan yetti kunlikning eng asosiy mavzulari haqida fikr yuritamiz, ro‘y berayotgan voqea-hodisalar haqida o‘z sub’yektiv fikrlarimizni ham bildirib o‘tamiz. Va albatta, biz tilga olgan mavzular bo‘yicha fikrlaringizni izohlarda kutib qolamiz.

Uch foizlik yig‘imni “yutib yuborgan” UzAuto Motors

Fevralning birinchi haftasi ortda qolyapti hamki, 1 fevraldan kontraktatsiyani tiklashni va’da qilgan UzAuto Motors'dan hamon darak yo‘q. Kompaniya eng xaridorgir mashinalar uchun shartnoma tuzishni qachondan boshlashi noma’lumligicha qolyapti.

Foto: UzAuto Motors

Monopol korxona hech qanday izoh bergani yo‘q. Buning o‘rniga, masalan, Ukraina politsiyasiga Cobalt yetkazib berganini aytib maqtanyapti. Bu Cobalt'larning magnitolasi bor-yo‘qligi noma’lum.

Yangi mashinalar uchun shartnoma tuzish bundan salkam 50 kun oldin to‘xtatilgan edi. Qishga yaqin avtomobili uchun pul to‘lab qo‘ygan, lekin navbati kelishini kutayotganlar soni 90 mingga yaqinlashgandi. Mikrochiplar muammosi rostdan ham bor, lekin ana shu sharoitda UzAuto Motors'ning chorasiz o‘zbekistonliklarga nisbatan munosabatini ko‘rsatadigan birgina faktga e’tibor qarating:

Kompaniya 2021 yilda avtomobil ishlab chiqarishni 16 foizga kamaytirgan, lekin eksportni 36 foizga oshirgan. Avvalgi yillardagi raqamlarni qo‘shsa, bu farq yanayam oshadi, chunki UzAuto Motors eksportni yildan yilga oshiryapti. Shu monopoliya peshonasiga bitgan o‘zbekistonliklar esa yarim yillab navbat kutishda davom etyapti.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va eksport qilingan yengil avtomobillar soni
(Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Kun.uz hisob-kitoblari)

Natijada ikkilamchi bozordagi avtomobillar narxi sezilarli qimmatlashdi. UzAuto Motors kontraktatsiyani boshlashi bilan narxlarni ham oshirishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lib chiqsa va kompaniya: “Narxlar oxirgi marta 2020 yil mart oyida oshirilgandi, o‘shandan keyin o‘tgan ikki yil ichida butlovchi qismlar qimmatlashdi”, deb izoh bersa, bu yolg‘on bo‘ladi.

Gap shundaki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yangi avtomobil sotib olganda budjetga to‘lanadigan 3 foizlik yig‘im bekor qilindi. 2019 yil 1 oktyabrgacha bu yig‘imni xaridorlar to‘layotgandi, o‘sha sanadan boshlab esa ishlab chiqaruvchilar to‘laydigan bo‘ldi. Tabiiyki, UzAuto Motors yig‘imni mashinalar narxi ustiga mindirib, narxni 3 foizga oshirdi.

Endi ana shu 3 foizlik yig‘im bekor qilingach, mashinalar narxi 3 foizga arzonlaydimi? Yo‘q, albatta. Chunki UzAuto Motors prezident qarori chiqqanidan keyin ko‘p o‘tmay bu yig‘imni budjetga to‘lamasdan, o‘z cho‘ntagiga ura boshlagan: 2020 yilda Hisob palatasi bu kompaniya tomonidan budjetga to‘lanmagan summa yarim trillion so‘mdan oshiqligini e’lon qilgandi.

Kompaniya matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban avtomobillar narxi 3 foizga pasaymasligini tasdiqladi.

“Avtomobillar narxlari pasaytirilmaydi, 2 yil davomida avtomobil narxlarining o‘zgarmay kelgani ayni damda 3 foizlik farqni “yutib yuborgan”, dedi UzAuto Motors matbuot kotibi Zumrad Shojalilova.

Yaqinda e’lon qilingan taraqqiyot strategiyasida, keyingi 5 yilda 25tadan ortiq monopoliya tugatilishi ko‘zda tutilgan, lekin aynan qaysi monopoliyalar ekani to‘liq yozilmagan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda turli toifadagi monopoliyalar soni 220tadan oshadi.

***

O‘zbekiston oflayn ta’limga qaytmoqda

Talabalar shaharchasi, Toshkent / Foto: Kun.uz

Tugayotgan haftaning shov-shuvli yangiliklaridan biri oflayn ta’limga qaytish bo‘ldi. 7 fevraldan maktab, kollej, litsey, texnikum, oliygohlar va xususiy ta’lim maskanlarida an’anaviy ta’lim boshlanadi.

Koronavirus va yana boshqa ayrim sabablar tufayli bu yilgi qishki ta’til odatdagidan biroz ertaroq boshlandi va ancha uzoqroq davom etdi. Avvaliga ta’til muddati ikki haftaga uzaytirildi (24 yanvargacha), keyin 1 oylik onlayn ta’lim e’lon qilinib (24 fevralgacha), keyinchalik u 2 haftaga qisqartirildi (7 fevralgacha).

Umuman, ta’til muddati 2 haftaga uzaytirilishi va 2 haftalik onlayn ta’lim hisobiga o‘quvchi va talabalar 1 oy vaqtini amalda yo‘qotdi, deyish mumkin. Vaholanki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar koronavirusning “omikron” shtammi ta’limgohlarni yopishga asos bo‘lmasligi kerakligini aytib kelayotgan edi. O‘zbekistonda ham bu o‘z isbotini topdi: “omikron” garchi juda tez tarqalsa-da, oddiy grippdan ko‘ra xavfliroq emasligi ma’lum bo‘ldi.

Albatta, ta’tilning (onlayn ta’limni ham amalda ta’til hisobiga qo‘shaverish mumkin) bir oyga cho‘zilib ketishida biz yuqorida aytgan “boshqa ayrim sabablar”ning ham o‘rni bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas.

Shu o‘rinda, qarorlar juda tez o‘zgarganidan, hatto rasmiylarning o‘zlari ham bu o‘zgarishlardan orqada qolib ketganini aytish kerak. 3 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov XPK sessiyasida chiqish qilib, ayrim istisnolarni inobatga olmaganda 7 fevraldan boshlab hamma talabalar sinfxonaga qaytishi shartligini e’lon qildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, vazirlik matbuot xizmati rasmiy bayonot berib, 7 fevraldan 24 fevralgacha darslar ham onlayn, ham oflayn davom etishi (bu vaqtda talaba istaganini tanlaydi), 24 fevraldan boshlab esa to‘liq oflaynga qaytilishini ma’lum qildi.

Albatta, rasmiylarning o‘zi yuz minglab talabalarni chalg‘ituvchi bayonotlar berganini tanqid qilish bilan birga, talabalarning e’tirozlari inobatga olinganini ham e’tirof etish adolatdan bo‘lardi. Boshqa tomondan qaraganda esa, inobatga olmasliklarining iloji ham yo‘q edi: shuncha talaba qanday qilib atigi 4 kun ichida Toshkentga kelib joylashishi mumkin?

Eslatib o‘tamiz, 24 fevralgacha oflayn ta’limning davom etishi faqat oliygohlarga taalluqli, boshqa ta’limgohlarda 7 fevral, dushanbadan an’anaviy darslar boshlanadi.

***

UzIMEI'ni tanqid qilayotganlar “dolya”da o‘tirganlarmi?

Sherzod Shermatov / Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ko‘pgina muammolar bo‘yicha odamlarning fikri har xil, yechimi bo‘yicha jamoatchilikning fikri bir joydan chiqadigan muammolar esa sanoqli. Va aynan shularning hal etilmayotgani amaldorlar imijiga eng katta dog‘ bo‘lib turibdi. Bular orasida o‘qituvchi va shifokorlarning maoshi, korrupsiya va monopoliyalar kabi murakkabroq masalalar qatorida, “tonirovka” va IMEI singari yechimi oson muammolar ham bor. Bu masalalar bo‘yicha jamoatchilikda mutlaq umumkonsensus bor va buni tan olmaslik davlatni xalqdan faqat uzoqlashtiradi.

Tugayotgan haftada yosh va o‘bro‘li vazirlardan deb hisoblab kelingan Sherzod Shermatov IMEI-kodlar muammosi haqidagi fikrlari bilan, yumshoq qilib aytganda, ko‘pchilikning xafsalasini pir qildi.

“IMEI kerak emas, IMEI'ni yo‘q qilinglar degan gaplar tagida boshqa sabablar turibdi: noqonuniy bozordan “dolya” olib, foyda qilib turganlarning lobbisi turibdi”, – dedi AKT vaziri lavozimiga qaytgan Shermatov Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Qayd etish kerakki, faol jamoatchilik shu paytgacha IMEI'ni yo‘q qilish kerakligi haqida emas, IMEI'ni qulay va tekin (yoki arzon) qilish kerakligi haqida aytib keladi (bu ikkisi o‘rtasida farq katta). “Yo‘qolsin IMEI!” deyayotganlar ham bordir, lekin taxmin qilish mumkinki, ularning aksari – bu tizim nega muhimligi haqida yetarli tushunchaga ega emas va buni soqqa qilish uchun o‘ylab topilgan deb hisoblaydi, bunaqa deb hisoblashiga sabab esa tizimning o‘zida: odamni asabiylashtiradigan byurokratiya va osmondan olib qo‘yilgan narx.

Shunday ekan, tanqidchilarni ayblash bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Vazirning fikrlari bilan intervyuda to‘liq tanishishingiz mumkin, biz esa u ayni shu sohaga mas’ul sifatida javob berishi kerak bo‘lgan, lekin boshqa narsalarga chalg‘ib javob bermagan savollarni takrorlaymiz:

  1. Oddiygina kodni ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yish nega buncha qimmat?
  2. Nega odamlar IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pochtaga shaxsan borishga majbur (turistlar, eSim va hokazo)? Bu byurokratiya qachon tugaydi?
  3. IMEI'dan tushayotgan milliardlar nimaga sarflanyapti, kimlarning cho‘ntagiga borib tushyapti? Nega bu yashirilyapti?
  4. Shaxsiy ma’lumot o‘g‘rilariga qarshi nega tayinli chora ko‘rilmayapti? Bu bo‘yicha kimdir jazolangani haqida umuman ma’lumot yo‘q. Jazo bo‘lmagandan keyin davom etaverishmaydimi?

Haydovchilik guvohnomasini olish tizimida yangi davr

“Toshkent imtihon markazi” sinov maydoni / Foto: Kun.uz

116 kishi imtihonga kelib, ulardan 103 nafari nazariy imtihondan o‘ta olmadi. Bu – Toshkentda faoliyat boshlagan, haydovchilikka nomzodlardan imtihon oluvchi yangi tipdagi markazning 2 kunlik statistikasi. Tasavvur qilyapsizmi?

Bunday xususiy markazlar kelgusida butun respublika bo‘ylab faoliyat boshlaydi. Ularga qo‘yilgan asosiy talab – imtihon jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lishi, inson omili umuman qatnashmasligi kerak.

Bu nima degani? Nazariy imtihonda siz o‘tirgan kompyuterning kamerasi yuzingizni avtomatik identifikatsiya qilib, bu aynan siz ekaningizni tasdiqlaydi. Natijalarni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Amaliy imtihonda ham avtomobilga yolg‘iz o‘zingiz o‘tirasiz, avtomobilda va sinov maydonida o‘nlab datchiklar o‘rnatilgan, bu datchiklar siz sinovni qanday bajarayotganingizni avtomatik qayd etib boradi. Jarima ballari ham inson aralashuvisiz hisoblab boriladi va yakuniy natija darhol monitorda ko‘rinadi.

“Prava” olishdagi korrupsiyaning yo‘qotilishi yo‘llardagi avtohalokatlar kamayishiga yordam beradi, deb umid qilamiz. Axir O‘zbekiston yo‘llarida o‘layotgan odamlar soni uncha-muncha urushlardagi qurbonlardan ham ko‘p.

***

Andijon: davomli daraxtkesarlik, tungi gulxanlar va fermerlarga to‘g‘anoq hokim

Hafta davomida Andijon viloyati yana diqqat markazida bo‘lib turdi. Ayniqsa Asaka tumani. Avvaliga bu tumanda hokimlik xodimi naq 8 ming dollar pora bilan ushlandi, keyin maktab direktori 300 dollar olayotganda qo‘lga tushdi. Bu orada xuddi shu tumanda moratoriyga qaramay o‘nga yaqin daraxt kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi.

Lekin, viloyatda o‘qituvchilar allaqanday “tungi gulxan” tadbirlariga jalb qilingani hammasidan o‘tib tushdi.

Gap shundaki, Andijon viloyatidagi ta’lim maskanlarida o‘qituvchilar va rahbarlar kechqurun o‘tkazilayotgan “Gulxan atrofida” tadbirlariga safarbar qilindi. Bu tadbirlarda maktab o‘quvchilari qorong‘i va sovuq bo‘lishiga qaramay yupun kiyimda raqsga tushirildi.

Eng qizig‘i, bu tadbirlar ortidan ta’lim muassasalari rahbarlariga ommaviy tarzda “Vijdon xati” yozdirildi. Bu xatda direktorlar va ularning o‘rinbosarlari tadbirlarda vijdonan ishtirok etishga va’da berishi haqida yozishdi.

Muhokamalar ortidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov murojaat bilan chiqib, tadbirlardan rasm tarqatayotgan o‘qituvchilarni “gap tashish” va “g‘iybatchilik qilish”da aybladi.

“Siz nimaning hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz? Onlayn darsni nazorat qildingizmi yoki biror o‘quvchining o‘zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi? Sizlarga ish bo‘lmasa-da, faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz. Ta’lim sifatiga ham ana shunday fidoyilik bilan yondashganingizda Andijon ta’limi yuksalarmidi?” – deydi viloyat XTB boshlig‘i.

Ko‘rib turibmizki, XTB boshlig‘i o‘qituvchilarni haq yoki nohaq ayblashga kelganda tezkor bayonotlar berishga shay. Lekin u, masalan, Asaka tumanidagi maktab direktorlaridan ishsizlarni ishga joylash talab qilinganiga hech qanday munosabat bildirmaydi. Kun.uz hokimlikning bu qilig‘i haqida yanvar oyi oxirida xabar bergan edi, ikki hafta o‘tdiki, xalq ta’limi boshqarmasi jim. Chunki hokimlikning noqonuniy buyrug‘iga qarshi chiqishdan ko‘ra, o‘qituvchini ayblash ancha oson, shunday emasmi?

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

Ha, oxirgi voqealar xalq ta’limi tizimidagi mansabdorlarning saviyasini yana bir marta ko‘rsatib berdi. Yodingizda bo‘lsa, IT-tanlovda g‘olib chiqqan o‘quvchiga eski noutbuk sovg‘a qilinganida, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i bolani tanqid qilib, bunaqa yo‘l bilan haqqini ajratib olish noto‘g‘ri degandi.

Bu voqealar fonida Tribuna.uz “Andijon” klubining sobiq futbolchisi va murabbiyi Baxtiyor Hamidullayev bilan intervyuni e’lon qildi. Uning aytishicha, Andijonga chetdan qancha ko‘p futbolchi kelsa, rahbarning cho‘ntagiga shuncha foyda. U milliy jamoada ko‘plab andijonlik futbolchilar to‘p surgani, lekin aynan “Andijon” klubidan milliy jamoaga chaqirilganlar kamligi haqida gapirib, shunday fikr bildirdi.

“Jamoa yosh iqtidorlarni ushlab qolmagan. Nega mahalliy o‘yinchilar qadrlanmagan? Sababi, chetdan qancha futbolchi kelsa, rahbarning cho‘ntagiga shuncha foyda. Bu – tizimlashib ketgan Andijon futbolidagi illat”, – dedi Baxtiyor Hamidullayev.

***

33 kunga “kechikkan” Firdavs Abduxoliqov

Firdavs Abduxoliqov / Foto: Kun.uz

Haftaning shov-shuvli voqealaridan yana biri – Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning sud qilinishi bo‘ldi.

Qonunchilikka zid ravishda yopiq eshiklar ortida o‘tayotgan bu mahkama shunisi bilan ahamiyatliki, O‘zbekiston tarixida birinchi marta salkam vazir darajasidagi amaldor manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun sudlanyapti.

Qisqa qilib tushuntirganda, Abduxoliqov davlat xizmatchisi bo‘la turib, o‘z oila a’zolariga tegishli “Sevimli” telekanaliga 1,8 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini bergan. Bu buyurtma – “Tuzoq” nomli milliy serial.

Holatni tekshirib sudga oshirish uchun Bosh prokuraturaga bir kun yetarli bo‘ldi. Bo‘lgan voqeani prokuratura davlat xaridlari qoidalarini buzish deb topdi. Endi agentlik rahbari 8,1 mln so‘mgacha ma’muriy jarimaga tortilishi mumkin.

1,8 mlrd so‘mlik davlat xaridida qonun buzilgani uchun jarima summasi bor-yo‘g‘i 8,1 mln so‘mgachami, deb hayron bo‘lishdan oldin, bir qiziq faktga e’tibor qaratish kerak. Agar Abduxoliqovning birozgina omadi kelganida, shu jarima ham bo‘lmasligi mumkin edi. Chunki Ma’muriy kodeksdagi bu modda 2021 yil 15 apreldan kuchga kirgan, agentlik va telekanal o‘rtasidagi shartnoma esa bundan bor-yo‘g‘i 1 oy o‘tib, 18 may kuni imzolangan. Agar shartnoma 33 kun oldin tuzilganida, prokuratura holatga qanaqa baho bergan bo‘lardi, qiziq... Balki ma’muriy emas, boshqa kodeksdagi “mansab vakolatini suiiste’mol qilish” degan qo‘rqinchli moddalarni qo‘llashga to‘g‘ri kelarmidi, kim bilsin...

Keling, faqat Abduxoliqov emas, kerak bo‘lsa undan kattalar ham manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib jazosiz qolayotgani, bu mojaro aslida nimadan boshlangani, Firdavs Abduxoliqov o‘zi asos solgan NAESMI rahbarligidan ketgani... va hokazolar haqidagi gaplar bilan ortiqcha vaqt ketkazmaymiz. Faqat eng muhim bir jihatga e’tibor qaratamiz.

Bilasizmi, bu yerda eng katta muammo – davlat buyurtmachisi va xususiy ijrochi bir-biriga bog‘liq odamlar ekanida emas. Avvalo, bunaqa yo‘nalishdagi buyurtmaning berilayotgani – asosiy masala. Ko‘p-ko‘p yig‘lagudek muammolarimiz turgan paytda, biz nega serial ishlab chiqarishga budjetdan pul ajratishimiz kerak?

Biz o‘quvchilarni shu savol atrofida fikrlashga undagan holda, haftalik dayjestimizga yakun yasaymiz.

Mavzuga oid