Jahon | 09:50 / 13.02.2022
44765
5 daqiqa o‘qiladi

Sog‘lom yashash uchun eng qulay bo‘lgan dunyoning top-20 shahri

Britaniya kompaniyasi mutaxassislari havoning ifloslanish darajasi, umr ko‘rish davomiyligi, xavfsizlik holati va yillik quyoshli kunlar soni kabi omillardan kelib chiqib, 2022 yilda sog‘lom hayot kechirish uchun eng qulay bo‘lgan shaharlar reytingini e’lon qildi.

Foto: www.hd.se

Millionlab odamlar har bir yangi kunni yaxshi niyatlar bilan boshlashadi: sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ichish yoki chekishni tashlash, ko‘proq jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish va to‘g‘ri ovqatlanish.

Britaniyaning Money.co.uk kompaniyasi mutaxassislari 2022 yilda sog‘lom hayot kechirish uchun eng qulay bo‘lgan shaharlar reytingini e’lon qildi.

Tadqiqotda havoning ifloslanish darajasi, umr ko‘rish davomiyligi, mamlakatdagi xavfsizlik holati, yillik quyoshli kunlar soni kabi omillar hisobga olingan.

Shuningdek, o‘tgan yillardan farqli ravishda joriy yilda global pandemiya boshlanganidan beri dolzarb bo‘lib qolgan bir qancha omillar ham inobatga olingan: tibbiyot xodimlari, psixiatrlar va psixologlar soni, ruhiy kasalliklar va psixofaol moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq holat, mamlakat yoki shaharning umumiy sog‘liqni saqlash xarajatlari.

Yaponiya – sog‘lom yashash uchun eng qulay davlat

Foto: Getty Images

Yaponiya bir qator ijobiy omillar sabab 2022 yilda sog‘lom yashash uchun dunyodagi eng qulay davlat sifatida e’tirof etilgan. Mamlakatdagi jamoat transporti juda ham qulayligi kamdan kam odamga shaxsiy mashinadan foydalanishi uchun zarurat yaratadi. Bu esa havoning juda kam ifloslanishiga olib keladi.

Shuningdek, yaponcha ovqatlanish madaniyati (unchalik ko‘p bo‘lmagan porsiyalar va oqsilga boy taomlar) ham sog‘lom turmush tarzini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.

Mamlakat aholisi piyoda sayohat qilishni afzal ko‘rishadi, buni juda past semirish darajasi (3,6 foiz) ham tasdiqlaydi.

O‘rtacha umr ko‘rish bo‘yicha ham Yaponiya dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega. Bugungi kunda sayyoradagi eng keksa odam ham yaponiyalik Keyn Tanakadir. U hozirda 119 yoshda.

Shveytsariya – uzoq umr ko‘rish ko‘rsatkichi eng yuqori mamlakat

Foto: AP

Mamlakatdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 84 yoshni tashkil etadi. Shveytsariya shaharlari odamlarni piyoda yurishga majburlash uchun mo‘ljallangan, bir joydan ikkinchi joyga piyoda borish juda ham qulay. Bu yerda bitta kichkina muammo bor: yillik quyoshli kunlarning kamligi sabab odamlar D vitamini tabletkasini iste’mol qilib yurishlari tavsiya etiladi.

Kanada – eng ko‘p ijtimoiy xizmatchilarga ega davlat

Foto: AP

 

Kanada har 100 000 kishiga(145,4ta) eng ko‘p ijtimoiy ishchilar to‘g‘ri keladigan mamlakat hisoblanadi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10,79 foizi sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanadi.

Sog‘lom yashash uchun eng qulay bo‘lgan dunyoning Top-20 shahri

1. Valensiya (Ispaniya)

2. Madrid (Ispaniya)

3. Kanberra (Avstraliya)

4. Lissabon (Portugaliya)

5. Tokio (Yaponiya)

6. Tsyurix (Shveytsariya)

7. Vena (Avstriya)

8. Chiangmay (Tailand)

9. Adelaida (Avstraliya)

10. Lyublyana (Sloveniya)

11. Singapur (Singapur)

12. Xelsinki (Finlandiya)

13. Tallin (Estoniya)

14. Portu (Portugaliya)

15. Vilnyus (Litva)

16. Brisban (Avstraliya)

17. Barselona (Ispaniya)

18. Maskat (Omon)

19. Reykyavik (Islandiya)

20. Zagreb (Xarvatiya).

Xelsinki – eng toza havoga ega shahar

Foto: Shutterstock

 

Finlandiya dunyodagi eng kam ifloslangan mamlakat hisoblanadi. Shu sabab mamlakat poytaxti Xelsinkining eng toza havoga ega shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turishi ajablanarli emas. Finlandiyada qayta tiklanadigan energiya manbalari, elektr transport vositalari va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi qat’iy ekologik qoidalar mavjud. Buning natijasida Xelsinki aholisi eng toza havodan nafas olishdek baxtga ega.

Tsyurix – jinoyatchilik darajasi eng past shahar

Foto: wikipedia.org

 

Sog‘lom turmush qoidalariga amal qilgan holda, iloji boricha xavfsiz shaharda yashamoqchi bo‘lganlar uchun Tsyurix eng qulay manzil. Shahar aholisi hayratlanarli tabiat, boy madaniyat, hashamatli binolar va mo‘may daromad topish imkoniyatlariga ega.

Mavzuga oid