SamDAQIda prezident farmoniga zid ravishda talabadan “obxodnoy” to‘ldirish talab qilindi
Talabalar OTMni bitirayotganda aylanma varaqani to‘ldirishi tartibi 2021 yilda bekor qilingan, shunga qaramay, oliygohlarda bu varaqani talab qilish holatlari butkul barham topmadi.
Quyida bu borada Kun.uz'ga kelib tushgan maqola va unga rasmiylar munosabati keltirib o‘tiladi.
Prezident farmoni bilan, 2021 yil may oyidan boshlab OTMni tugatganda yoki boshqa joyga ko‘chirganda aylanma varaqani to‘ldirish bekor qilingan.
Talabalar tilida “obxodnoy list” deyiladigan aylanma varaqa orqali talabalar OTMni tugatganda yoki o‘qishni boshqa joyga ko‘chirganda quyidagi ma’lumotlarni mas’ul xodimlardan tasdiqlatib olish talab etiladi:
- to‘lov shartnomasi bo‘yicha majburiyat bajarilgani;
- axborot resurs markazidan qarzi yo‘qligi;
- o‘quv bo‘limidan akademik qarzdor emasligi;
- talabalar turar joyidan qarzdor emasligi kabilar.
Farmonga ko‘ra, bu ma’lumotlar OTM tomonidan ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki o‘zaro axborot almashinuvi yo‘li bilan olinishi, o‘quvchi-talabalardan talab qilinmasligi kerak. Biroq hanuzgacha talabalar shu varaqa deb eshikma-eshik sarson.
Kuni kecha Koreya Respublikasida o‘qib, ishlab yurgan yaqin tanishim O‘zbekistonga mehmonga kelib, shu muammoni ko‘tarib qoldi. Uning aytishicha, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini bitirayotgan kelinini universitet “obxodnoy list” to‘ldirishga “mahkum qilgan”.
Haqiqatda “mahkumlik” bu. Chunki shu dargohda 4 yil ta’lim olgan, hamma ma’lumotlari shu muassasaning o‘zida bo‘lgan talabani homilador holida sovuqda rosa yugurtirishgan.
Hujjatda naq 11ta bo‘linmaning tasdig‘i talab qilinmoqda. Ayrim bo‘linmalarning tasdig‘i nima uchun kerakligini tushunish qiyin.
Kadrlar bo‘limi (talaba xodim emas-ku), choyshabchi, kafedra mudiri, fakultet dekani (mabodo, shaxsiy adovati bo‘lsa, sarson qilib, bir-ikki ishini bitirib olishi uchunmi?).
Moliya va iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor imzosining talab qilinishiga, rosti, yig‘lagim keldi. Avvaliga hisobxona qarzdorligi yo‘qligi haqida tasdiq olasiz (aslida, bir tiyin qarzi bor talabani nafas oldirishmaydi, hatto imtihonlarga ham kiritishmaydi). Keyin prorektor imzo qo‘yadi. Baraka topkur, hisobxona tasdiqlagandan keyin prorektorni bezovta qilishning nima keragi bor? Ha, birrovga kirib chiqish zarar qilmas, shu bahonada tanib olish kerakmikan?! Janob prorektorni esa ish joyida topish mushkul.
Muammo katta pul, alohida dasturlar ishlab chiqadigan darajadagi muhim yechimni talab qilmaydi. Shunchaki, “kalla”ni ishlatib, talaba bitirayotganda uning eng asosiy majburiyatlari bajarilganini tasdiqlovchi bo‘linmalar bitiruvchilarning ro‘yxati bo‘yicha o‘z ma’lumotlarni elektron shaklda tayyorlab, diplom berishga mas’ul marketing bo‘limiga taqdim qilishsa bo‘ldi.
Marketing bo‘limi bu ishlar bilan o‘zi shug‘ullansa, diplom oluvchilar ro‘yxatini shakllantirib, tegishli ma’lumotlarni o‘zi ko‘rsa ham bo‘ladi. Shunchaki, talabani osongina yugurtirish mumkin bo‘lgan vaziyatda, o‘zini qiynashga ne hojat?
Rivojlangan davlatlarda biror xizmatdan foydalanish uchun ism-sharif yoki birgina barmoq izi kifoya bo‘lib turgan davrda, biz hamon o‘tgan asrdagi tartiblarda ish ko‘rishimiz qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi? Aytilmagan va yozilmagan bo‘lsa ham mayli, aytilgan, yozilgan, hujjatda belgilab berilgan tartibda ishlaylik, odamlar. Nahotki shu gapni tushunish qiyin?
P.S.: Respublika bo‘yicha barcha ta’lim muassasalarida bitiruv “sezoni” yaqinlashayotgani sababli, aylanma varaqa muammosini bugundan hal etish lozim.
Huquqshunos MUNIS
***
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida talabalardan “obxodnoy list” (aylanma varaqa) to‘ldirish so‘ralgani yuzasidan Kun.uz'ga quyidagilarni ma’lum qildi:
“Prezidentning 2021 yil 23 martdagi PF-6191-son Farmoniga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli buyrug‘i bilan talabalar ta’lim muassasasini tugatganda aylanma varaqa (obxodnoy list)ni to‘ldirish amaliyoti bekor qilingan.
Unga ko‘ra, barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab talabalar ta’lim muassasasini tugatganda turli majburiyatlar bajarilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni to‘ldirish “Raqamli universitet” loyihasi doirasida yaratilgan “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish – HEMIS” axborot tizimining “Aylanma varaqa” moduli orqali amalga oshirilishi inobatga olingan holda aylanma varaqani qog‘oz ko‘rinishida to‘ldirish amaliyoti to‘liq bekor qilingan.
O‘z navbatida, mazkur buyruq barcha oliy ta’lim muassasalariga ijro uchun taqdim etilgan.
Shunga muvofiq barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalardan ta’lim muassasasini tugatganda aylanma varaqa (obxodnoy list)ni qog‘oz shaklida to‘ldirib berishni so‘rash mumkin emas.
Agar biror-bir OTMda shu kabi holatga duch kelingan taqdirda jamoatchilikdan vazirlikka @eduuzaxborotxizmati_bot orqali murojaat qilishlarini so‘raymiz. Vazirlik qilingan murojaatlarni zudlik bilan o‘rganib chiqib, holat yuzasidan zarur choralarni ko‘radi”.
Shuningdek, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti prorektori Hakim Bo‘riyevning Kun.uz'ga izoh berishicha, institutga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qog‘oz ko‘rinishidagi aylanma varaqani bekor qilish haqidagi 241-sonli buyrug‘i kelib tushgan. Buyruqda qog‘oz ko‘rinishidagi aylanma varaqani bekor qilish “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish – HEMIS” axborot tizimining “Aylanma varaqa” modulini joriy etish ishlari orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Hakim Bo‘riyevga ko‘ra, ayni damda institutda “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish – HEMIS” axborot tizimini joriy qilishning dasturiy masalalari hal qilinmoqda hamda jarayon cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, talabalarni sarson qilmaslik uchun vaqtincha maxsus ichki tizim ishlab chiqiladi.
“Holat nazoratga olindi. Endilikda institutimizda har qanday holatda ham talabalardan qog‘oz shaklidagi aylanma varaqani to‘ldirish talab etilmaydi. Shunga aloqador barcha xodimlarimiz bilan tushuntirish ishlarini o‘tkazdik”, – dedi SamDAQI prorektori.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
09:18 / 17.11.2024