Iqtisodiyot | 18:37 / 19.05.2022
89148
11 daqiqa o‘qiladi

Un narxi oshmoqda: sabab va prognozlar

O‘zbekistonda oxirgi uch oyda bug‘doy uni narxi 15-23 foizga oshdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, un narxining oshishi jahon miqyosida kuzatilmoqda. Keyingi oylarda yangi hosil o‘rilishi, shuningdek, Qozog‘istonda eksport kvotasi bekor qilinishi sabab O‘zbekistonda bu mahsulot narxi barqarorlashishi mumkin.

O‘zbekiston Markaziy banki fevral oyidan buyon ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining o‘rtacha chakana narxlarini e’lon qilib bormoqda. Mazkur ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, fevral oyidan may oyining birinchi 10 kunligigacha bo‘lgan davrda bug‘doy uni narxi 15-23 foizga oshgan.

Fevralda markaziy bozorlarda 4000-6000 so‘mdan sotilgan birinchi navli un narxi may oyiga kelib 4700-7800 so‘mdan sotilmoqda:

  • Fevral: 4000 so‘mdan 6000 so‘mgacha;
  • Mart: 4000 so‘mdan 6500 so‘mgacha;
  • Aprel: 4000 so‘mdan 7500 so‘mgacha;
  • 7 may holatiga: 4700 so‘mdan 7800 so‘mgacha.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida bug‘doy uni narxi bir yil oldingiga nisbatan 16,5 foizga, yil boshiga nisbatan 9,6 va o‘tgan oyga nisbatan 5 foizga oshgan.

Shuningdek, bug‘doy uni narxi o‘tgan yilning shu davrida yillik nisbatda 7,5 foizga o‘sgan. Statistika bug‘doy uni oshishi tezlashgani va joriy yilning aprel oyida narx o‘sishi borasida yetakchilik qilganini ko‘rsatadi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar nima deydi?

Foto: Kun.uz

Buxoroning Qorako‘l tumanida bug‘doy uni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkor Kun.uz bilan suhbatda narxlar sezilarli oshgani haqida gapirdi.

“Avval bir qop unni 220 ming so‘mdan sotayotgan bo‘lsam, endi narx 320 ming so‘mga chiqdi. Sizga minimal narxni aytyapman. Maksimal darajada 400 ming so‘mga ham chiqdi”, – deydi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, narx oshishi qisman mavsumiy omil bilan bog‘liq, lekin butkul emas.

“O‘tgan yili ham, undan oldin ham yilning bu davrida keskin narx oshishini kuzatmagandik. Bu mavsumiy omil bilan bog‘liq, albatta. Bug‘doy zaxiralari tugagan, bir oydan keyin hosil yig‘ish boshlanadi. Biroq o‘tgan yili narx bunchalik oshmagandi.

Mavsumiy omil yetmagandek, Qozog‘iston ham bug‘doy eksportiga kvota qo‘ydi. Bu ikki sabab narxlar oshishida rol o‘ynadi”, – deydi u.

Nega Qozog‘iston bug‘doy va un eksportini cheklayapti?

Qozog‘iston hukumati ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishining oldini olish uchun bug‘doy va unning ikki oylik eksportiga kvota kiritgan. 15 apreldan 15 iyungacha ko‘pi bilan 1 mln tonna bug‘doy va 300 ming tonna un eksport qilinishi mumkin.

Bundan avvalroq, mart oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiyada bug‘doy eksportiga taqiq joriy qilingandi. Bu cheklovlar YeOII mamlakatlariga nisbatan ham joriy yilning 30 iyunigacha amalda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Qozog‘iston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri hisoblansa-da, mamlakatga ma’lum miqdorda Rossiyadan don mahsulotlari import qilinardi. 2021 yilda Qozog‘istonda g‘alla hosili me’yordan taxminan chorak baravarga kam bo‘lgan. Bu esa bug‘doy eksportini boj yoki kvotalar orqali cheklash masalasini kun tartibiga chiqargan.

Ammo Rossiyadan Qozog‘istonga katta miqdorda bug‘doy eksport qilinishi (YeOII doirasida tovar yetkazib berishda eksport bojlari olinmasligi hisobiga ham Rossiyadan import qilish narxlarni qimmatlashtirmaydi) mamlakat ichki bozorini sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlagan. Raqobat vujudga kelishi narxlarning barqarorligini ta’minlagan va Qozog‘istonda yetishtirilgan don mahsulotlarining bir qismi Markaziy Osiyo davlatlariga (xususan, O‘zbekistonga) eksport qilingan.

Hozirgi vaziyatda Rossiyadan don mahsulotlari kelishining to‘xtashi natijasida joriy yilgi hosil yig‘imidan oldin narxlar oshib ketishining oldini olish maqsadida kvotalar joriy qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

Jahon miqyosidagi tendensiya

Mirkomil Xolboyev / Foto: Facebook

Kun.uz bilan suhbatda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev bug‘doy uni narxi oshishi borasidagi omillarni sanadi.

“Un narxi bilan bog‘liq muammo rivojlanayotgan davlatlar, umuman rivojlangan dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri kattaroq muammolardan biriga aylanib ulgurgan edi. Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan keyin esa bu muammo yanada jiddiylashdi. Jahon oziq-ovqat tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida don mahsulotlari narxining o‘sish tempi 17 foizdan yuqori bo‘lgan. Buning asosiy sababi bug‘doy narxining o‘sishi hisoblanadi.

Umuman olganda, butun dunyoga bug‘doy eksportining 25-30 foizi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikki davlat o‘rtasidagi mojaro tufayli  Ukrainada hosilni yig‘ib olish, umuman uni yetishtirish, shuningdek, eksport muammolari Ukrainadan keladigan bug‘doyga qattiq bog‘langan davlatlar va boshqa mamlakatlarga ham jiddiy ta’sir qilmoqda.

Ukraina bug‘doy eksporti bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egallaydi. Suratda – ushbu mamlakatdagi bug‘doy o‘rimi / Foto: FAO / O.Tyuile

Shu nuqtayi nazardan bir qancha davlatlar, shu jumladan Rossiya ham mart oyi o‘rtalarida o‘zlarining bug‘doylariga cheklovlar, ya’ni kvotalar o‘rnatishni boshladi. Bundan maqsad – qisqa muddatli beqarorlik tufayli ichki bozordagi vaziyat keskinlashuvining oldini olishdir. Xuddi shu an’anaga Qozog‘iston ham amal qilib, joriy yilning 15 aprelidan 15 iyuniga qadar bug‘doy va un eksportiga kvotali cheklov qo‘ydi. Bu to‘liq cheklov emas, balki miqdoriy cheklov, ya’ni eksportni ma’lum miqdordan oshirish mumkin emas.

Ahamiyatli jihati, kvotaning amal qilish muddati ham uzoq davom etmaydi. Bug‘doyning o‘zi uchun ikki oylik kvota 1 mln tonna bo‘lsa, un uchun 300 ming tonnani tashkil qiladi”, – deydi u.

Markaziy Osiyo davlatlari qozoq uniga yuqori darajaga bog‘langan

Mirkomil Xolboyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonni un bilan ta’minlashda Qozog‘iston va Rossiyaning ahamiyati yuqori.

“Qozog‘iston nafaqat O‘zbekistonga, balki barcha Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qiladi. O‘zbekistonga eksport tovarlarining 2021 yilda 1/4 qismini bug‘doy tashkil qilgan. Tojikistonda undan ham yuqori – 33 foiz. Qozog‘istonning Tojikistonga butun eksportining 1/3 qismini bug‘doy tashkil etgan. Bu katta raqam, Tojikistonning o‘zida Qozog‘istondan keladigan bug‘doy umumiy iste’molining teng yarmini tashkil qiladi.

O‘zbekistonda ham Qozog‘istondan keladigan bug‘doy uniga bog‘lanish kuchli. Yanvar oyidagi statistikaga ko‘ra, mamlakatimizga 26,8 ming tonna bug‘doy kirib kelgan bo‘lsa, uning 26,6 ming tonnasi, ya’ni 99 foizi Qozog‘istondan kirib kelgan. Qozog‘istonning Rossiya bilan bitta ittifoqda ekanini hisobga olsak, bug‘doyning bir qismi Rossiyadan kirib kelgan bo‘lishi ham mumkin”, – deydi iqtisodchi.

May oyida kvotalarning asosiy ta’sirlarini seza boshlashimiz mumkin

“Aprelda o‘tgan oyga nisbatan bug‘doy uni narx 5,2 foizga oshgan. Bu – o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli o‘sish. Biroq hali bu kvotalash ta’siri demagan bo‘lardim. Chunki xalqaro savdoda shartnomalar bir necha oy uchun tuziladi. May oyida balki kvotalarning asosiy  ta’sirlarini sezishni boshlashimiz mumkin. Hozirgi narxlar oshishi butun dunyoda yuzaga kelayotgan beqarorlik sabab deyish mumkin. Jahonda donli mahsulotlarning narxi o‘smoqda, Qozog‘iston hech qanday cheklov qo‘ymagan taqdirda ham dunyoda narx o‘sishi bizga ham ta’sir qilishi tabiiy”, – deya tushuntiradi Mirkomil Xolboyev.

Narx qachon barqarorlashadi?

Bug‘doy o‘rimining boshlanishi narxni barqarorlashtiruvchi omillardan biri deb ko‘rilmoqda. / Foto: Kun.uz

Iqtisodchi keyingi oylarda narxlar barqarorlashishi ehtimoli yuqoriligini aytdi.

“Birinchi chorak bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaraydigan bo‘lsak, unning importi o‘tgan yilga nisbatan 59 foizga, bug‘doy importi 40 foizga oshgan. Bu qiymatni narxga chaqsa, import real hajmda kamayganini ko‘rish mumkin. Chunki o‘tgan yilga nisbatan bug‘doy narxi 40 foizga, mart oyining o‘zida don ekinlari narxining o‘zi 17 foizga oshgan.

Yana bir jihat: bug‘doyni o‘rib olish davri yaqin bir oyda boshlanadi. Bu ham bozordagi narxlarning barqarorlashiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu – yaqin muddatdagi tendensiya. Uzoq muddatdagi tendensiyani prognoz qilish qiyin. May oyida esa o‘sish tezlashishi mumkin. Undan keyingi oylarda narx o‘sishi muammoga aylanmaydi. Bu mavsumiy pishiqchilik va bug‘doy o‘rimlari boshlanishi bilan izohlanadi.

O‘zbekiston import qiladigan unning deyarli barchasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. / Foto: Kun.uz

Bundan tashqari, Qozog‘iston kiritgan kvotalar muddati ham uzoq emas – 15 iyungacha. Bu davrga kelib Qozog‘istonning kvotalari bekor qilinishini ham prognoz qilsa bo‘ladi. Bu import hajmining oshishiga olib kelishi mumkin.

Prognozlar ijobiy bo‘lsa-da, bir jihatni unutmaslik kerak. Global beqarorlik bizga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi. Markaziy bank joriy yil uchun asosiy ko‘rsatkichlarni o‘zgartirgani ham import qilinadigan oziq-ovqat narxlarining o‘sishi bilan bog‘liq. Buni to‘xtatish ko‘p jihatdan o‘zimizning qo‘limizda emas.

Kelayotgan oylarda biroz barqarorlik kuzatilishi mumkin, biroq bug‘doy narxi yil yakunlari bo‘yicha narxi yuqori darajada oshgan tovarlar qatorida bo‘ladi”, – deya xulosa qildi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.

Madina Ochilova.
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid