O‘zbekiston | 09:00 / 22.05.2022
13787
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili o‘z egasiga topshirildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida “Ilhom” mukofoti respublika tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlar tarbiyasi, ma’naviyatiga e’tibor qaratish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi, yangilanish jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 20 may kuni Adiblar xiyobonining ochilish marosimida ishtirok etib, bir qator vazifalarni belgilab bergan edi. 

Mazkur topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Ilhom” mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida” 2020 yil 24 avgustdagi 503-son qarori qabul qilindi. “Ilhom” mukofoti shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarga berilishi belgilandi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Ikkinchi bor o‘tkazilgan tanlovning saralash bosqichi tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazildi. Saralash bosqichida o‘n mingdan ortiq talaba-yoshlar, ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi. 

“Ilhom” mukofoti tanlovining respublika bosqichi uchun 53 ta oliy ta’lim muassasasidan 115 ta ijodiy ish qabul qilindi. Shundan 3 ta asosiy va 3 ta rag‘batlantiruvchi mukofot uchun g‘oliblar saralandi. 

“Ilhom” mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovda birinchi o‘ringa Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti Shuhratjon Muhammadxonov munosib topildi. U Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining maxsus diplomi va statuetkasi bilan taqdirlandi. 

Jizzax davlat pedagogika instituti uchinchi bosqich talabasi Hafiza Muxtorova “Ilhom” mukofotining ikkinchi o‘rin sohibasi bo‘ldi. Unga 30 million so‘m pul mukofoti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining maxsus diplomi va statuetkasi topshirildi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Uchinchi o‘rin Qoraqalpoq davlat universiteti doktoranti Zamira Ayimbetovaga nasib etdi. U 15 million so‘m pul mukofoti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining maxsus diplomi va statuetkasi bilan taqdirlandi. 

Rag‘batlantiruvchi mukofot sohiblari: Nizomov Farhod Muso o‘g‘li – Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, Otaboyev Akbar Inoyatovich – Urganch davlat universiteti magistranti hamda Chilmurzayeva Maftuna Abdumannon qizi – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistrantiga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshirildi. 

Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, hukumat a’zolari, davlat va jamoat arboblari, shoir-yozuvchilar, oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar qatnashdi. 

Mazkur tanlov an’anaviy tarzda har yili o‘tkazib boriladi.Ⓣ

Mavzuga oid