Jamiyat | 15:02 / 05.06.2022
72880
5 daqiqa o‘qiladi

Haj safari narxi oshganiga izoh berildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi haj safari atrofidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirib, bu narx qanday xarajatlarni o‘z ichiga olishi haqida ma’lumot berdi.

«Haj-2022» mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilandi. Musulmonlar idorasi ushbu to‘lovga nimalar kirishi haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingan. Shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30–40 foiz) oshgan.

Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to‘lovlar joriy etilgan.  Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o‘rtacha 40-45 foizga ko‘tarilgan.

O‘zbekiston tomoni Saudiya bilan muzokaralar olib borgan. Natijada ziyoratchilar uchun iqtisodiy paket narxiga lyuks darajasidagi xizmat ko‘rsatishga erishgan va to‘lov uchun o‘rta narxni belgilagan.

Qayd etilishicha, ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming AQSh dollarigacha etib belgilangan.

Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar joriy mavsumda ilk marta Madina shahrida «Masjidi Nabaviy»dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli «Zam-Zam Pullman» va «Crown Plaza» mehmonxonalarida yashaydi. Makka shahrida esa «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasiga joylashadi.

«Yurtimiz ziyoratchilarining safar davomiyligi ham ayrim qo‘shni davlatlar ziyoratchilari singari 14, 17, 20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham, tabiiy ravishda, narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi», – deyiladi Musulmonlar idorasi xabarida.

Joriy haj mavsumida Saudiya hukumati qaroriga asosan, barcha to‘lovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining «Haj elektron portali» orqali belgilangan tartibda amalga oshirilgani, ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud bo‘lib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu yerning o‘zida inson omilisiz shaffof holda amalga oshirilishi aytilgan.

Joriy mavsumda mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada ko‘tarilgan. Shunday bo‘lsa-da, iqtisodiy paket olingan va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar ko‘rsatishga erishilgan.

Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan bo‘lsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma to‘shaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasa-da, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqatlar tortiq etiladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Haj uchun to‘langan mablag‘ ichiga quyidagilar kiradi:

  • Haj vizasi;
  • Aviabilet;
  • Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
  • Madina shahrida «Zam-Zam Pullman» va «Crown Plaza» mehmonxonasi;
  • Madina shahrida Uhud tog‘i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
  • Makka shahrida «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasi;
  • Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
  • 24 soat tibbiy xizmat;
  • Hojilarning tibbiy sug‘urtasi;
  • 24 soat transport xizmati;
  • 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
  • Haj qo‘llanmasi;
  • Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
  • «Zamzam» suvi (5 litr);
  • Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
  • Madinai munavvaraga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareys;
  • Qurbonlik.

«Yuqoridagilardan ham anglagan bo‘lsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.

Maqsad aniq – yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal bo‘lishini ta’minlash!» – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid