Jamiyat | 11:15 / 09.06.2022
9115
2 daqiqa o‘qiladi

Oqdaryoda savdo do‘konlari yonib ketdi

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot taqdim etdi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 9 iyun kuni soat 03:50 da Samarqand viloyati Oqdaryo tumani «Loyish» MFY A.Temur shohko‘chasida joylashgan savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Yong‘in joyiga soat 03:56 da yetib borilib, soat 04:45 da qurshab olingan va yong‘in soat 05:37da bartaraf etilgan. Yong‘inni bartaraf etishga 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji hamda yordamchi (“Kamaz”) jalb etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida mebel, xo‘jalik mollari va oziq-ovqat do‘konlarining taxminan 200 kvadrat metr maydonida shift, tom va jihozlari yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Bundan oldin, joriy yilning 7 iyun kuni Samarqand shahridagi markaziy ko‘chada yirik yong‘in chiqqandi.

Mavzuga oid