O‘zbekiston | 11:24 / 10.06.2022
11777
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki viloyatda fermer xo‘jaligi yerini sotib yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan Transport prokuraturasi hamda IIV xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro Z.Yu. Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “B.” bog‘dorchilik uzumchilik shirkatiga qarashli bo‘lgan, 6 nafar fuqaroga uzumchilik yo‘nalishida ajratilgan jami 1,1 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaro M.ga 30 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Shu kabi, departament hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Sharof Rashidov tumanidagi “X.A.” fermer xo‘jaligi rahbari A.R. ushbu xo‘jalikning 68,8 gektar suvli yer maydonining 5 gektarini fuqaro M.ga tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 200 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi (sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Departament xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid