Jamiyat | 12:26 / 13.06.2022
34557
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda akasi va otasini o‘ldirib ko‘mib yuborgan yigit ushlandi

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Urgutda qotillik jinoyati sodir etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot xizmati hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Unda yozilishicha, 2022 yil 7 iyun kuni soat 19:30 larda, Urgut tumani Navbog‘ ko‘chasida yashovchi fuqaro J.M. tuman IIBga murojaat qilib, otasi B.M. va ukasi Sh.M. uyida yo‘qligi, telefon raqamlari ishlamayotgani uchun ularni topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha,  J.M.ning yana bir akasi Sh.M. tuman IIBga aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida 2022 yil 15 may kuni soat 07:00 da otasi B.M. va akasi Sh.M. bilan janjallashib qolib, uy xo‘jaligida foydalangan bolta va oshxona pichog‘i bilan akasi va otasining tanasiga bir necha marotaba urib, ularni qasddan o‘ldirgani va yashash uyining tomorqasiga ko‘mganini ma’lum qilgan.

Sh.M.ning tushuntirishiga asosan uyning tomorqa qismi ko‘zdan kechirilganda, B.M. va Sh.M.ning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan. Holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan Urgut tuman prokuraturasi tomonidan Sh.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan. Jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid