O‘zbekiston | 08:05 / 11.08.2022
13563
11 daqiqa o‘qiladi

«O‘yin qoidalari» o‘zgarmoqda - «Snos» masalasi Twitter’da muhokama etildi

Twitter ijtimoiy tarmog‘ida xususiy mulkning snos qilinishi tartib qoidalari, unga kompensatsiya to‘lash tartiblari haqida soha mutaxassislari ishtirokida muhokama bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etish joizki, 1 avgustdan e’tiboran Twitter mikrobloglar servisi blokirovkadan ozod qilingach, bu yerda ham foydalanuvchilarning tashabbuslari bilan davlat organlari rahbarlari hamda xodimlari fuqarolar bilan muloqot qilishga kirishmoqda. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda xususiy mulk daxlsizligi mavzusida audiochat o‘kazildi.

Muloqotga Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev, prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov, Bosh prokuratura Akademiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ma’rifiy markazi rahbari Bahodir Ismoilov, Oliy sud sudyalari Navro‘z Rahmonov va Sarvarbek Rahmonov, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Tillayev, Moliya vazirligi departament direktori Ruslanbek Mamanov, Qurilish vazirligi mas’ul xodimlari Akbar Rajabov va Hamza Ochilov va boshqalar spiker sifatida taklif etildi.

Suhbatni Hikmatilla Ubaydullayev, Nazira Inoyatova va Shuhrat Shokirjonov olib bordi. Unda turli davlat idoralari mas’ul xodimlari, sudyalar fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

«So‘nggi yillarda «snos» muammosi uy-joy daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni ko‘rsatib berdi. 2020 yilda «snos»ga tushgan mulklarning atigi 45 foiziga kompensatsiya to‘lab berilgan, qolgan qarzdorlik 2021 yilda to‘liq qoplab berilgan bo‘lsa-da, orada kompensatsiya pulini kutgan aholi sarsongarchiligiga yo‘l qo‘yildi. Konstitutsiyaga «Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi» mazmunidagi qoidaning kiritilishi bu muammoga yechim bo‘la oladimi yoki yo‘qmi, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani tabiiy. Turar joy daxlsizligi bu egasining roziligisiz uning turar joyiga kirishga, unga har qanday zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘qligini anglatadi», — dedi Hikmatilla Ubaydullayev.

Xususiy mulk masalasi Konstitutsiya darajasiga ko‘tarishga nima sabab bo‘ldi?

«Aslida xususiy mulk daxlsizligi va «snos» bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston qonunchiligida oldindan bor edi. Masalan, Fuqarolik va Shaharsozlik kodekslarida va boshqa hujjatlarda bu o‘z aksini topgan. Biroq so‘nggi yillarda ushbu sohadagi hujjatlar turli munosabatlarni har xil talqin qilishga olib keldi va bir qator muammolar paydo bo‘ldi. Ushbu masalaning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishi mulk daxlsizligi bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarning muhim jihatlarini mustahkamlashga qaratilgan», — dedi Bahodir Ismoilov.

«Snos»lar nima uchun bu qadar aktual masalaga aylandi? Buning, albatta, o‘ziga xos iqtisodiy asoslari bor. Yaqin o‘tmishda tadbirkorlar shaharning eng daromadli, yuqori baholangan joylaridan o‘zlariga obektlarni tanlab olib, shu yo‘nalishda harakat qilishgan. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar investorlarning xatti-harakatini ham o‘zgartiradi. «Uzoq muddatli o‘yin qoidalari» bundan keyin investorlarni yangi joylarga investitsiya kiritish, yangi joylarni o‘zlashtirishga undaydi. Bu esa mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini yanada kengaytiradi», — dedi Muhsinjon Xolmuhamedov.

«Xususiy mulk himoyasining Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilayotganidan asosiy maqsad — aholining o‘z mulkiga bo‘lgan kafolatini mustahkamlash. Ya’ni ushbu sohadagi barcha qonun va qonunosti hujjatlari aynan Konstitutsiyadagi normalarga muvofiq bo‘ladi, aynan mana shu hujjatda chizilgan chiziqdan tashqariga chiqilmaydi», — dedi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodirbek Tillayev.

Xususiy mulk qanday holatlarda olib qo‘yiladi?

Xususiy mulk bitta sabab — davlat va jamiyat ehtiyoji uchun olib qo‘yilishi mumkin. Ushbu ehtiyoj uchun, avvalo, bo‘sh yer maydoni qidiriladi. Bo‘sh yer topilmasagina, aholi mulkiga murojaat qilinadi.

Bu masala dastlab mahalliy kengashda muhokama qilinadi. Tashabbuskor shu yer qanchalik zarur ekanini vakillik organiga isbotlab beradi. Shundan keyingina Kengash aholi bilan bu masalani muhokama qilishga ruxsat beradi.

Yerni olib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar (davlat organi vakillari) bu nima uchun kerakligini aholiga tushuntirib beradi. Ular keltirgan sabablar davlat va jamiyat ehtiyojlari ro‘yxatida bo‘lishi shart.

Buzishi mo‘ljallangan hududdagi har bir mulkdor rozi bo‘lgach, kelishuv bitimi imzolanadi. Bitimda mulkdor qancha va qachon kompensatsiya olishi, yer uchastkasi yoki binoni qachon bo‘shatishi kabi shartlar ko‘rsatiladi.

Bu yerda asosiy omil — mulkdor roziligi va berilayotgan kompensatsiya olib qo‘yilayotgan mulk bahosiga teng ekani. Mulkdor kompensatsiyani to‘liq olib, mulkni o‘z xohishi bilan tark etmagunga qadar u joyni buzish yoki boshqa xatti-harakatlarni amalga oshirish mumkin emas. Aks holda, bu holat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, — dedi Nodirbek Tillayev.

Yangi qonun kuchga kirmoqda

Nodirbek Tillayevning ta’kidlashicha, «snos»lar bilan bog‘liq masalani uchga bo‘lish mumkin: 2019 yilgacha bo‘lgan «snos»lar, 2022 yilning yarmigacha bo‘lgan holatlar va undan keyingi davr.

2018–2019-yillarda amal qilgan tartibda aynan nimalar davlat va jamiyat ehtiyoji deb atalishi bo‘yicha aniq ro‘yxat mavjud bo‘lmagan. Shuning uchun ham aytaylik, bino va inshootlar joylashgan yer maydoni A. tadbirkordan B. tadbirkorga olib berilgan holatlar avj olgan.

Keyinchalik bu bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi hamda davlat va jamiyat ehtiyojiga nimalar kirishi belgilandi. 2022 yil 29 iyunda qabul qilingan «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunda ham bu masala alohida qayd etilgan. (Ta’kidlash joizki, mazkur qonun 2022 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi)

Endilikda hokimlarning ham yerni olib qo‘yish vakolati mutlaqo tugatildi. Davlat va jamiyat ehtiyoji uchun yer uchastkasi yoki mulkni «snos» qilish mahalliy kengashlar orqali amalga oshiriladi.

Davlat keragidan ortiq pul bermaydi

Audiochatda bo‘lgan muhokamalardan shunisi ma’lum bo‘ldiki, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotgan xususiy mulk uchun berilayotgan kompensatsiya olib qo‘yilayotgan mulk bahosiga teng bo‘ladi. Undan oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki kompensatsiya uchun mablag‘ davlat budjetidan to‘lab beriladi. Mulk bahosidan qimmat kompensatsiya to‘lash davlat mablag‘larining talon-toroj bo‘lishiga yo‘l ochib berishi mumkin. Shu sababli olib qo‘yilayotgan va buzilayotgan mulkka teng mulk va o‘sha mulkning bozor bahosiga teng mablag‘ beriladi.

Mana shunday holatda mulkdor davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotgan mulk uchun uning bozor bahosidan ziyod kompensatsiya talab qilib, ko‘chib chiqishni istamasa, mahalliy hokimlik uni majburiy chiqarish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi kiritishi mumkinligi ham qayd etildi.

Ikki jismoniy shaxs o‘rtasidagi munosabatlarda esa mulk egasi o‘zi istagan narxni qo‘yishi mumkin. O‘sha mulkni xarid qilmoqchi bo‘lgan talabgor mulk egasi talab qilgan mablag‘ yoki kompensatsiyani berib (ya’ni uni rozi qilib)gina mulkni buzishi mumkinligi qayd etildi.

«Snos»ga kompensatsiya uchun jamg‘arma tuzilgan

Moliya vazirligi departamenti direktori Ruslanbek Mamanovning ma’lum qilishicha, 2018 yil 26 dekabrda davlat va jamiyat ehtiyojlariga olib qo‘yilgan yer uchastkalari uchun yetkazilgan zararni qoplash uchun respublika va hududiy jamg‘armalar tashkil etilgan. Ushbu jamg‘arma hisobidan 2019 yildan buyon 12 mingdan ortiq mulkdorga 3 trillion 255 mlrd so‘m mablag‘ kompensatsiya sifatida to‘lab berilgan.

Hozirgi tartibga ko‘ra, Jamg‘armada mablag‘ yo‘q bo‘lsa, yer uchastkalari yoki molk-mulklarni olib qo‘yish yoki buzish mumkin emas.

2019 yildan oldin buzilgan va kompensatsiya berilmagan mulklarning taqdiri nima bo‘ladi? Agar o‘sha mulklar baholangan bo‘lsa, sud qarori orqali mahalliy jamg‘armalar orqali to‘lab beriladi.

«Snos» bo‘yicha qonunchilikni buzgan shaxsga qanday jazo beriladi?

Oliy sud sudyasi Sarvarbek Rahmonovning javob berishicha, Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra, yer uchastkalari noqonuniy ravishda olib qo‘yilgan taqdirda, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima solinadi.

Agar mazkur harakatlarda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan javobgarlik belgilanadi.

Audiochatda, shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan noqonuniy qurilgan inshootlar va qurilmalarni «snos» qilish, bunday bino va inshootlarni qurgan insonlarga qo‘llaniladigan jazo haqida ham ma’lumotlar berildi.

Qonunchilikka ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar uchun mulk huquqi berilmaydi, kompensatsiya to‘lanmaydi, aksincha, uning buzish xarajatlari ham uni qurgan shaxs zimmasiga yuklanadi. Noqonuniy qurilmalarni buzish sud qarori orqali amalga oshiriladi. Ayrim hollarda o‘zboshimchalik bilan inshoot qurganlar tegishli javobgarlikka ham tortilishi mumkin, dedi Oliy sud sudyasi Navro‘z Rahmonov.

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid