O‘zbekiston | 18:00 / 13.09.2022
16781
6 daqiqa o‘qiladi

“Talimarjon” IES sotildimi yoki ishonchli boshqaruvga topshirildi?

BAAning 2ta kompaniyasi bilan “Talimarjon” IESni boshqaruvchi qo‘shma korxona tuzilib, uning 80 foiz ulushi shu kompaniyalarga berildi. O‘tgan yili 1,1 trln so‘m sof foyda ko‘rgan davlatning bu katta aktivi xususiylashtirildimi yoki ishonchli boshqaruvga berildi? Bu haqda aniq ma’lumot berilmayapti.

Foto: Kun.uz

9 sentabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala va TAQA kompaniyalari bilan Qashqadaryo viloyatidagi “Talimarjon” IESga investitsiyalar kiritishni nazarda tutuvchi bitim imzolangan.

Investitsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, bitim doirasida “Talimarjon” issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etiladi. BAA kompaniyalari qo‘shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to‘lov hamda ilgari “Talimarjon” IES AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 mln dollarlik kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘larni investitsiya sifatida kiritishi kerak.

Umumiy hisobda esa Mubadala va TAQA kompaniyalarining deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritishi ko‘zda tutilgan.

TAQA kompaniyasining rasmiy sahifasida yozilishicha, BAAning har ikkala kompaniyasi qo‘shma korxonaning 40 foizdan ulushiga ega bo‘lgan. Qolgan 20 foiz ulushga esa “Talimarjon” IES AJ egalik qiladi. Kelishuv 2023 yilning ikkinchi yarmida yakunlanishi belgilangan.

Talimarjon IESni xususiylashtirish jarayoni boshlandimi?

Davletov.uz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rasmiy axborotida qo‘shma korxona tashkil etilishi haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, taqdim qilingan suratlardagi orqa fonda “xususiylashtirish marosimi” deb yozilganiga e’tibor qaratdi.

“Qanaqadir tushunarsiz. Nega xususiylashtirish jarayoni boshlangani yoki bo‘lib o‘tgani haqida aniq-tiniq aytilmayapti? “Talimarjon” xususiylashtirilishi haqida oldin ham gapirilgan. “Talimarjon” IES AJdagi davlat ulushi ham qo‘shma korxonadagi ulushlar bo‘yicha taqsimlanadimi? Qo‘shma korxonaning vazifasi nimadan iborat? Boshqaruv kompaniyasi kabimi yoki tasarruf etadimi? Bu davlat xususiylashtirish dasturi doirasida yuz beryaptimi? Alaloqibat, jaydarichasiga aytganda, qanchaga xususiylashtirilmoqda? Bizningcha, bitim shartlari haqida batafsilroq axborot berilishi kerak”, deya bir qancha savollarni o‘rtaga tashlagan bloger.

“Angren” va “Yangi Angren” IESlar taqdiri takrorlanmaydimi?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, yaqin o‘tmishdagi muhim energoaktivlarni ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha “achchiq va ayanchli tajriba” hisobga olinishi kerak.

“O‘zbekistonning eng yirik issiqlik stansiyalaridan ikkitasi – “Yangi Angren” IES va “Angren” IES “Central Asia Energy” MChJga ishonchli boshqaruvga topshirib yuborilganiga yaqinda uch yil bo‘ladi. Ishonchli boshqaruvga topshirilgach, bu ikki kompaniyaning moliyaviy ahvoli battar yomonlashsa yomonlashdiki, yaxshilangani yo‘q. Ishlab chiqarish quvvatlari ham oshib qolmadi. O‘rtada qanaqa rasmiy va norasmiy majburiyatlar va kelishuvlar bo‘lgan, hech kim bilmaydi.

To‘g‘ri, davlat nazoratida qolayotgan IESlarning ahvoli maqtagulik emas. Lekin ishonchli boshqaruvdagilarning yanada battar abgorlashgani qolyapti, xolos. Kelishuvni tuzganlarda na hisobot, na nazorat va na so‘rov bor. Jamoatchilik ishonchli boshqaruvga topshirib nima oldik, degan savolga javob olishi kerak”, deya yozadi iqtisodchi.

“Talimarjon” IES davlat nazoratida qolayotgan eng yirik va rentabelli stansiyalardan biri hisoblanadi. Xususan, korxona 2021 yilni 1,1 trln so‘m sof foyda bilan yakunlagan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilda "Yangi Angren” IES AJ 304 mlrd so‘m, "Angren” IES AJ 87,6 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Bakirov agar “Talimarjon” IES xususiylashtirilgan bo‘lsa, nega ochiq xalqaro tanlov o‘tkazilmaganidan taajjublanmoqda.

“Ayni vaqtda “Talimarjon” IESning davlat kafolati ostida olingan tashqi qarzlari ham anchagina. 2013 yildagi loyiha bo‘yicha 1,3 mlrd dollarlik tashqi qarz bo‘yicha qancha qarzdorlik qolgan, ochiqlanmagan. 2019 yilda boshlangan bug‘-gaz qurilmalarini qurish bilan bog‘liq qariyb 1 mlrd dollarlik tashqi qarz loyihasi nima bo‘ladi, buyam noma’lum. Rasmiy hisobotga ko‘ra, 2022 yil boshiga 7,8 trln so‘mlik uzoq muddatli qarzlar mavjud bo‘lgan.

Yana bir savol, agar IES xususiylashtirilgan bo‘lsa, nega ochiq xalqaro tanlov o‘tkazilmadi? Yopiq eshiklar ortidagi kelishuvlar bizning tashrif qog‘ozimizga aylanib qoldimi?” deydi u.

Bu namuna bo‘lishi kerakligi aytilgan

Kun.uz “Talimarjon” issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etilishi haqidagi bitim shartlari bilan batafsilroq tanishish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi, ammo vazirlik rasmiylari tomonidan bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.

2022 yil iyul oyidagi yig‘ilishlardan birida prezident Shavkat Mirziyoyev “Talimarjon” IESni xususiylashtirish haqida gapirib, bu loyiha IESlarni boshqarish va energiya ishlab chiqarishda namunaviy bo‘lishi kerakligini aytgandi.

O‘tgan yili mart oyida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev “Talimarjon” IESni umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan qo‘shma siklli elektr stansiyalari bilan kengaytirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1,32 milliard dollar miqdorida qarz va kredit mablag‘lari jalb qilinganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid