Jahon | 19:24 / 30.09.2022
65129
9 daqiqa o‘qiladi

«Endi avvalgidek bo‘lmaydi». Kremlda Ukraina hududlarini qo‘shib olish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi

Kremlda Ukrainaning bosib olingan hududlarining Rossiya tarkibiga kirishi to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shib olmoqchi bo‘lgan to‘rt regionning hech birini to‘laligicha nazorat qilmayapti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolash marosimi oldidan so‘zlagan nutqida Ukraina hukumatini o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi, ammo annexia qilingan hududlar maqomi muhokama qilinmasligini aytdi.

«Biz Kiyev rejimini zudlik bilan o‘t ochishni, barcha jangovar harakatlar, 2014 yilda boshlagan urushini to‘xtatishga va muzokaralar stoliga qaytishga chaqiramiz. Biz bunga tayyormiz», - dedi Putin Kremldagi Georgiy zalida bo‘lib o‘tgan marosimda.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» hamda qisman bosib olingan Xerson va Zaporijjya oblastlarida Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risida o‘tkazilgan «referendum»lardagi «xalqlar tanlovi muhokama qilinmaydi».

«Tanlov qilindi, - dedi Rossiya prezidenti. - Rossiya unga xiyonat qilmaydi». «Faqat shunday yo‘l bilan tinchlikka erishish mumkin», deya qo‘shimcha qilgan u va annexia qilingan hududlarni «barcha vositalar bilan» himoya qilishni va’da qilgan.

Ukraina va G‘arb mamlakatlari «referendum»larni soxta deb atamoqda va ularni tan olmaydi.

Putinning nutqi

MIKHAIL METZEL/TASS

Putin 36 daqiqa davom etgan chiqishida «referendum»lar o‘tkazishni millionlab odamlarning «ajralmas huquqi» deb atadi.

Rus xalqining «tarixiy birdamligi» to‘g‘risida so‘z yuritarkan, u Iso alayhissalomning tog‘dagi da’vati va faylasuf Ivan Ilinning so‘zlaridan iqtibos keltirdi, sarkardalar Suvorov va Ushakov hamda Arsen Pavlov (Motorola) va Aleksandr Zaxarchenkolarni yodga oldi. U yana bir bor G‘arb, SSSRning tarqalishi, Ukrainada 2014 yilda yuz bergan voqealar to‘g‘risida gapirdi va Ukrainaning bosib olingan regionlari aholisi «bir umrga bizning fuqarolarimiz bo‘lishadi» dedi. 

«G‘arb gegemoniyasi sinishining boshlanishi to‘xtamaydi, - dedi Putin (u bu so‘zni bir necha marta ishlatdi). – Endi avvalgidek bo‘lmaydi. Bu xalqimiz, ulkan tarixiy Rossiya uchun jang maydoni».

«Ortimizda haqiqat, ortimizda Rossiya» degan so‘zlardan so‘ng Putin va bosib olingan to‘rt region vakillari shartnomalarni imzolashdi.

Mixail Metsel / RF prezidenti administratsiyasi / AP / Scanpix / LETA

Ukrainaning muvaffaqiyatli qarshi hujumlari fonida

Bosib olingan hududlarni annexia qilish rasmiy jarayoni Ukrainaning Donetsk oblastidagi qarshi hujumi fonida yo‘lga qo‘yildi. Ukrain qo‘shinlari Liman shahri va uning atrofidagi rayonlarni himoya qilayotgan Rossiya guruhini to‘liq qurshab olishga yaqin turibdi.

Kremlda shartnomalarni imzolash marosimi kutilgan juma kuni ertalab Zaporijjya shahriga berilgan raketa zarbasi oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘ldi. 

«Faqat ado bo‘lgan terrorchilargina shunday qilishi mumkin», - dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Okkupatsion hukumat esa zarbani go‘yoki Ukraina armiyasi berganini ta’kidlamoqda.

Kreml Zaporijjya va Xerson oblastlarining egallab olingan qismlari mustaqilligini (rasman qo‘shib olish uchun zarur rasmiyatchilik) jumaga o‘tar kechasi tan oldi – Rossiya prezidenti ikkita farmonni imzoladi.

Rossiya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» mustaqilligini bostirib kirishdan oldin – 21 fevralda tan olgandi.

27 sentabr kuni qisman bosib olingan Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarida Rossiya tashkillashtirgan «referendum»lar yakunlandi.

Kelishuvlar imzolangach Qizil maydonda miting-konsert uyushtirish rejalashtirilgan.
SERGEI ILNITSKY/EPA/TASS

Protsedura

Endi Putin bosib olingan hududlarning Rossiya hukumati tomonidan tayinlangan rahbarlari bilan imzolagan shartnomalar yangi sub’yektlarni qabul qilish to‘g‘risidagi qonun loyihalari bilan birgalikda Federal majlisga ratifikatsiya qilish uchun beriladi.  

Rossiya parlamentining har ikki palatasida Ukraina hududlarini annexia qilish masalasi bo‘yicha ovoz berish yanagi haftada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

G‘arb «referendum»lar natijalari va Rossiyaning ular o‘tkazilgan hududlarni qo‘shib olish bo‘yicha kelgusidagi harakatlarini tan olmasligini allaqachon ma’lum qilgan, Kiyevdagilar esa bu mazkur hududlarni ood qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlashdi.

Qrim kabi emas

Siyosatshunoslar hozirgi voqealar 2014 yildagi Qrim annexiasiga o‘xshash bo‘lishiga qaramasdan, vaziyat farq qilishini aytishmoqda.

«Rossiya rahbariyatining hozirgi harakatlari 2014 yilda Qrim qo‘shib olinganidagi kabi reaksiyaga sabab bo‘lmaydi, - deydi siyosatshunos Grigoriy Golosov. – Qrim 90-yillardagi resentimenta (o‘z muvaffaqiyatsizligi uchun boshqalarni ayblash) obekti bo‘lgan va rossiyaliklar ongida Qrim Rossiyaga qo‘shilishni o‘zi xohlamoqda degan tasavvur mustahkamlangandi. Bu xayoliy, lekin ommaviy fikr edi va shu bois 2014 yilda aholi Rossiya rahbariyatining harakatlarini ijobiy qarshilagan».

Ehtimol, aholining bir qismida Donetsk va Luhansk bo‘yicha ana shunday fikr shakllangan bo‘lishi mumkin, lekin shunisi aniqki, Rossiya aholisi uchun doimo Ukrainaning bir qismi bo‘lib kelgan Xerson va Zaporijjya oblastlari bo‘yicha bunday fikr yo‘q va bo‘lmagan ham», deb hisoblaydi siyosatshunos.

«Aynan ushbu hududlarning qo‘shib olinishi aholida xursandchilik va hatto buni tushunish keltirib chiqaradi deb o‘ylamayman», - deya qo‘shimcha qildi ekspert.

«Hududlar rasman annexia qilinganidan keyin biz bilgan Rossiya Federatsiyasi nafaqat hech bir mamlakat yoki xalqaro tashkilot tomonidan yuridik jihatdan tan olinmagan, balki amalda markaziy ma’muriyat tomonidan boshqarilmaydigan hududlarni o‘z ichiga olgan noqonuniy chegaraga ega davlat sifatida mavjudligining yangi bosqichiga o‘tadi», - deydi siyosatshunos Yekaterina Shulman.

Ukraina va dunyo reaksiyasi

Payshanba kuni, Kreml shartnomalar imzolanishi haqida e’lon qilganidan so‘ng Ukraina prezidenti 30 sentabr kuniga mamlakat milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Avvalroq Zelenskiy agarda Moskva bosib olingan hududlarda o‘tkazilgan «referendum»lar natijalarini tan oladigan bo‘lsa, Putin bilan muzokaralar imkoniyati yo‘qqa chiqishini ta’kidlagandi.

Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixail Podolyak Moskva e’lon qilgan shartnomalar imzolash marosimini «Kreml frik-shousi» deb atadi.

«E’lon qilingan «qo‘shilish marosimi» hech qanday yuridik ma’noga ega emas... Rossiyaning virtual kun tartibiga vaqt sarflamang. Haqiqiy hayot qiziqarliroq bo‘ladi: qarshi hujum, deokkupatsiya, tribunal», - deb yozdi u Tvitterda.

G‘arb mamlakatlari «referendum»lar va Ukrainaning bosib olingan hududlarini qo‘shib olish jarayoni yo‘lga qo‘yilishini bir ovozdan qoraladi. 

Britaniya bosh vaziri Liz Trass Putin xalqaro huquq me’yorlarini buzganini aytdi. 

«Biz hech qachon Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini Ukraina hududidan boshqa narsa deb tan olmaymiz», - deb ogohlantirdi u.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning rejasini mintaqadagi tinchlik istiqbollarini xatarga qo‘yuvchi xavfli eskalatsiya deb atadi.

«Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining beshta doimiy a’zolaridan biri sifatida BMT nizomi bajarilishi uchun javobgar. Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini qo‘shib olish to‘g‘risidagi har qanday qaror yuridik kuchga ega emas va muhokama qilinmaydi», - dedi u.

Mavzuga oid