O‘zbekiston | 21:16 / 26.10.2022
28255
6 daqiqa o‘qiladi

Piskent tumani hokimi 1 trillion so‘mga yer ijaraga oldi

Rahimjon Rixsiyev salkam 400 gektarlik yaylovni ijaraga olish niyatida bo‘lmagani, onlayn auksion tizimining ishlashini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun tajriba tariqasida shunday qilganini aytdi. E’tiborlisi, hokim bu xariddan bir hafta o‘tib yangi agrokorxona ochgan. Ta’kidlash kerak, noyabr oyida davlat xizmatchilarining biznes qilishini taqiqlovchi qonun kuchga kiradi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

2022 yil 6 sentabr kuni e-auksion platformasi orqali o‘tkazilgan savdolarda Toshkent viloyati Ohangaron tumani Markaziy qo‘rg‘on mahallasi hududidagi 397,9 gektar yer maydoni 999 mlrd 999 mln 999 ming so‘mga 30 yilga ijaraga olingan.

Onlayn-auksion g‘olibi – Piskent tumani hokimi Rixsiyev Rahimjon Mirqodirovich.

Bu xarid ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchraganidan keyin, Rahimjon Rixsiyev izoh berishga qaror qildi. Uning videomurojaatini Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati e’lon qildi.

“Haqiqatan ham bu holat bo‘lgan. Qaysi ma’nodaki, bugungi kunda yer ajratish tartibi hokimlardan olib qo‘yilgan, faqatgina shaffof mexanizmlar, ya’ni e-auksion orqali beriladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabrdagi 709-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Qishloq xo‘jaligi yerlari e-auksion orqali ijaraga berilmoqda. Tumanda bu borada muammoli holatlar bor. Xususan, g‘oliblar bugungi kunda yerning qiymatini, undan olinadigan daromadning sarhisobini qilmasdan, [auksionda] g‘olib bo‘lib, yerlarga egalik qilishmoqda. Ya’ni tadbirkorlar “A”, “B” va “V” bloklari shartlari bo‘yicha g‘olib bo‘lishmoqda. Agar tuman hokimlari 5 kun ichida ijara shartnomasini imzolamasa, dastur ijara shartnomasini avtomatik ravishda imzolaydi”, – dedi hokim.

Rahimjon Rixsiyevning so‘zlariga ko‘ra, Piskent tumanida bir necha fuqarolar 100 milliard, 250 milliard, 400 milliard, shuningdek, 1 trillion so‘mga qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olishgan, buni eshitgan hokimda ular shuncha summani haqiqatan ham to‘laydimi degan savol paydo bo‘lgan.

“Bu haqda menga aytishganida, ochig‘i, bu platformada bunaqa bo‘lmasa kerak deb, menda ishonchsizlik bo‘ldi. Shuning uchun o‘zim qiziqib qatnashdim. Piskentdan boshqa tumanlarni qaraganimda, Ohangaron tumanida 397 gektar yaylov yerlari turgan ekan. Qatnashib, haqiqatan ham yutsa bo‘ladimi, degan savolga javob qidirdim.

Bitta masalani ko‘tarishdan avval uning ichiga kirib ko‘rishingiz kerak. Men to‘lov qiymati degan joyiga sig‘ishi mumkin bo‘lgan eng katta raqam – 999 mlrd 999 mln 999 ming so‘m, ya’ni salkam 1 trillion so‘mni ko‘rsatdim va 30 yil muddatga ijaraga olish bo‘yicha g‘olib deb topildim. Shundan keyin tartibi bo‘yicha 5 kun ichida ijara shartnomasi imzolandi. Ijara shartnomasining ijara haqi degan qismidan kelib chiqib, qo‘yilgan summani to‘laydimi, to‘lamaydimi degan savolga aniq bir yechimni ayta olayotganimiz yo‘q. Yutgan g‘olibga ham, qatnashayotgan fuqarolarga ham. Shu sababli shu narsaga qo‘l urdim. Ochig‘ini aytganda, bunchalik rezonans beradi deb o‘ylamagandim”, dedi u.

Auksionga chiqarilib, hokim tomonidan ijaraga olingan yaylov / Foto: e-auksion.uz

Rixsiyev oldin tadbirkor bo‘lganini, lekin hozirda bu ish bilan shug‘ullanmayotganini, qolaversa, chorvachilik u uchun begona soha ekanini ta’kidladi.

“Bu bilan biror narsaga erisha oldimmi yoki yo‘q, vaqt ko‘rsatadi. Yana bir marta aytaman, hozirgi kunda chorvachilik yoki boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish niyatim yo‘q. Yerning davlat zaxirasiga qaytarilishini ta’minlayman. Bundan keyingi holatlarda davlat idoralari bilan belgilangan tartibda kelishib ishlayman, deb o‘zimga xulosa chiqardim”, deydi hokim.

Zakalat pulini kim to‘lagan?

Amaldagi tartibga ko‘ra, auksion g‘olibi ijara shartnomasini tuzishdan bosh tortgan yoki uni rad etgan taqdirda, auksion natijalari bekor qilinib, g‘olibdan olingan zakalat puli qaytarilmaydi va operator tasarrufida qoladi.

Piskent tumani hokimi tomonidan xarid qilingan bo‘sh yer uchastkasining boshlang‘ich bahosi 71,9 mln so‘mni, zakalat puli miqdori esa 6 mln so‘mni tashkil etgan. Ushbu holatda zakalat pulini hokim o‘z yonidan yoki hokimlik hisobidan to‘lagani noma’lum.

Hokimlar tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin emas

Rahimjon Rixsiyev o‘z videomurojaatida joriy yilning 8 avgust kuni imzolangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ham eslab o‘tib, davlat fuqarolik xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanganini ta’kidlab o‘tgan.

Xususan, bu qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisining tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Davletovuz Telegram-kanalining e’tibor qaratishicha, 2022 yilning 13 sentabr kuni Piskent shahrida “Animals Service” MChJ ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faoliyat turi “aralash qishloq xo‘jaligi” sifatida qayd etilgan tashkilotning 100 foiz ulushi Rixsiyev Rahimjon Mirqodirovichga tegishli.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz'ga "Animals Service" MChJ Piskent tumani hokimiga tegishli ekanini tasdiqladi. Shuningdek, hokimlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini cheklovchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hali kuchga kirmagani ham qo‘shimcha qilib o‘tildi.

E’tiborli jihati, Rahimjon Rixsiyev asos solgan tadbirkorlik sub’yekti yuqoridan qonun qabul qilinganidan bir oy o‘tib tashkil etilgan. Qonun 8 noyabrdan kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, Rahimjon Rixsiyev 2020 yilning 15 sentabrida Piskent tumani hokimi lavozimini egallagan. U bungacha Toshkent viloyati hokimining yordamchisi bo‘lgan.

Mavzuga oid