Sport | 07:45 / 17.11.2022
16755
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Belarusning XPQdagi a’zoligi to‘xtatildi

Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarus paralimpiya qo‘mitalari a’zoligini «XPQ nizomiga muvofiq a’zolik majburiyatlarini bajarmaganliklari» sababli to‘xtatdi.

Foto: paralympic.org

16 noyabr, chorshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari bosh assambleyada Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi (XPQ) Rossiya paralimpiya qo‘mitasining (RPQ) tashkilotdagi a’zoligini to‘xtatdi. 64 delegat yoqlab, 39 nafari qarshi ovoz berdi, 16 nafari betaraf qoldi. Tashkilot o‘z qarorini Rossiya «XPQ nizomi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi» bilan izohladi.

«To‘xtatib turish munosabati bilan RPQ XPQga a’zolikning barcha huquqlaridan mahrum bo‘ladi, apellyatsiya berish huquqidan tashqari. Agar apellyatsiya ijobiy natija bermasa, faqat umumiy yig‘ilish to‘xtatib turishni bekor qilishi mumkin. Ehtimol, keyingi umumiy yig‘ilish 2023 yilning to‘rtinchi choragida o‘tkaziladi», deyiladi XPQning Twitter'dagi bayonotida. 

Xuddi shu tahrirda, XPQ 16 noyabr kuni Belarus paralimpiya qo‘mitasi (BPQ)ning tashkilotga a’zoligini to‘xtatdi. Qarorni 54 delegat qo‘llab-quvvatladi, 45 nafari qarshi chiqdi, 18 nafari betaraf qoldi.

Rossiya paralimpiya qo‘mitasi a’zolikni to‘xtatib turish haqidagi qarorni qoralab, bu «noqonuniy, asossiz, hech qanday huquqiy asosga ega emas va XPQning barcha me’yoriy-huquqiy bazasini qo‘pol ravishda buzadi» deb ta’kidladi. «XPQ nizomlari qoidalariga ko‘ra, RPQ o‘zining a’zolik majburiyatlarini buzganligi haqida hech qanday dalil taqdim etmadi», deyiladi RPQ bayonotida.

Qayd etilishicha, RPQ xalqaro hamjamiyat va tashkilotlarga, jumladan, BMT, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va xalqaro nohukumat inson huquqlari tashkilotlariga ochiq xat yo‘llab, XPQni kamsitishning oldini olishga chaqirishni so‘rab murojaat qilmoqchi. U nogironligi bo‘lgan rossiyalik sportchilarga qarshi milliy asosda va ularning xalqaro sport musobaqalarida, Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqlarini buzayotgani aytiladi.

Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay, 3 mart kuni Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarus terma jamoalarini 2022 yil Pekindagi qishki paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan chetlatgan edi. XPQ o‘shanda ko‘plab mamlakatlar sportchilari rossiyaliklar va belaruslar bilan raqobat qilishdan bosh tortgani, bu esa o‘yinlarni o‘tkazishni xavf ostiga qo‘yganini tushuntirdi. Olimpiya shaharchasida ham keskinlik kuzatilgan. Rossiya paralimpiya qo‘mitasi ushbu taqiqni noqonuniy va asossiz deb atadi.

Mavzuga oid