“Katta pullarni o‘marishga xalaqit qilgan edim” - Guljahon Yo‘ldosheva bilan suhbat
“Pandemiya paytida tarozining bir pallasida odamlarning hayotini saqlab qolish turgan bo‘lsa, boshqa pallasida ajratilayotgan katta pullar turgan edi”, deydi Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti, OAVdagi ochiq murojaatidan keyin jinoyatchiga chiqarilgan Guljahon Yo‘ldosheva. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus davrida noto‘g‘ri ishlar ko‘p bo‘lgan, “tarozining pul turgan pallasi og‘ir kelgan”.
2022 yil 15 avgustda Oliy sud Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha chiqarilgan avvalgi qarorlarni bekor qilib, qayta ko‘rishga yuborgan edi. Kun.uz kolumnisti Shokir Sharipov shifokor bilan bo‘lib o‘tgan voqealar haqida suhbatlashdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati bosh infeksionisti, Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori lavozimida ishlagan Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus pandemiyasi paytida OAV orqali shifoxonaga kerakli yordam ko‘rsatilmayotgani, personalga va’da qilingan pul mukofotlari berilmayotganini aytgan, shundan keyin uning ustidan jinoyat ishi ochilgan edi.
— Keling, xayolan o‘sha paytga qaytaylik. Pandemiya boshlandi. O‘sha paytdagi taassurotlaringizni yodga oling.
— Qariyb 24 soat ishlardik. Hatto dam olganda telefonlar yoniq turishi kerak edi, aloqada bo‘lish lozim edi.
— Qayerdan buncha kuch?
— Odamlarning tuzalib ketishiga hissamiz qo‘shilayotgani hissi kuch berdi, bemorlarning ko‘pi kasallikni yengib, shifoxonamizdan tuzalib chiqishi va ularga yordamni shaxsan biz berayotganimiz hissi.
— Bemor hayotdan ko‘z yumsa, shifokor nimani his qiladi?
— Shaxsan mening faoliyatimda bu bo‘lmagan – bemorlarim orasida o‘lim holati bo‘lmagan. Ammo shifoxonada o‘limlar bo‘ladi. Qanday inson bo‘lishidan qat’i nazar, bunda xohlang-xohlamang ko‘zingiz yoshga to‘ladi. Pandemiya paytida hammamiz yig‘loqi bo‘lib qolgandik. Hatto telefon orqali bir-birimizga falonchi bemor hayotdan ko‘z yumdi, deb aytganimizda yig‘lardik, qattiq ta’sirlanardik.
Psixiatriyada “chegara” holati degan tushuncha bor, har bir narsadan junbushga kelish holati. Shunday holatda edik, kimdir nimadir deb qo‘ysa ham, yig‘lavorardik. Yig‘isiz gaplashib bo‘lmay qolgandi.
— Yig‘lagansizlar va ishlagansizlar.
— Ha, yig‘laganmiz va ishlaganmiz… Hozir ham sizga bularni gapiryapman, ko‘zlarim yana yoshga to‘lyapti. Fe’lim aslida qattiqroq, bolaligimdan odamlar orasida his-tuyg‘ularimni ko‘rsatmay o‘sganman. Lekin pandemiya paytida ko‘p yig‘lar edim.
— Shifoxonangizga kislorod konsentratorlari berishdan bosh tortilgan telefon suhbati paytidagi holatingiz esingizdami?
— Suhbatdan keyin ho‘ngrab yig‘laganman. Noiloj qolgandik. Shifoxonada ko‘p odamlar dunyodan ko‘z yumayotgandi. Qizlar noilojlikdan baqirishardi, vahimada qolishgandi, nima qilishni hech kim bilmas edi. O‘liklarni qayerga chiqarishni, buning uchun kimga murojaat qilishni bilmas edik. Kutilmaganda kelgandi boshimizga bu holat. Va o‘sha qo‘ng‘iroq…
Avvalida bloger Shavkat Hasanga murojaat qildim. Hech bo‘lmasa holatimizni jamoatchilikka yetkazish uchun. Chunki men hech kim bilan bog‘lana olmayotgandim, shifoxonani tashlab ham chiqolmasdim.
Shundan keyin bizda umid paydo bo‘ldi. Telefon orqali 10 dona kislorod konsentratori bizga ajratilgani haqida xabar berishdi. Faqat Zangiotadagi omborga borib olish kerak edi. Juda xursand bo‘ldik. Jamoamiz bir oiladek edi, kim kotiba, kim buxgalter – farqi yo‘q edi. Qizlar yig‘ilib, shodlandik – bizga birov brilliant taqinchoq sovg‘a qilgandek xursand bo‘ldik. Shuncha yo‘l bosib, omborga yetib borgach esa, ular menga qo‘ng‘iroq qilishdi, oksigenatorlar berilmaganini aytishdi.
Men avval boshqarmadagilarga qo‘ng‘iroq qildim, foydasi bo‘lmadi, shundan keyingina boshliq bilan gaplashdim. Uning javobini eshitganimdan keyin, blogerga murojaat qildim. U mendan: “Buning oqibati nima bo‘lishini bilasizmi?” deb so‘radi. Men uchun esa bemorlarning hayoti qadrliroq edi, lavozim emas. Lavozim bugun bor, ertaga – yo‘q.
Telefonim qo‘ng‘iroqlarlarni avtomatik tarzda yozar edi, ammo bir yozib, bir yozmasdi. Xudoning irodasi ekan, aynan shu suhbat yozilib qolibdi.
Shundan keyin notinchliklar boshlandi. Karantin ichida bo‘lganimizga qaramasdan, tekshiruvlar kela boshladi. Karantin formasidagi shifokorlar kelib, jurnal yuritilishi, kasallik tarixi kabi narslarni tekshirib yurishdi. Biz jonlantirish bo‘limidagi kasallar bilan ish olib borganda, reanimatologimiz yo‘q bo‘lgani uchun, juda ko‘p yozuvlar yuritib borardik.
— Siz bilan birinchi telefon suhbatimizni eslayman, siz holatni ommaviy axborot vositasi orqali yoritishni so‘radingiz. Nima majbur qildi?
— Ilojsizlik. Yopiq eshiklarni taqillatayotgandek edim. Sizlarga murojaat etishimdan bir kun oldin bemorlarimizni Chirchiqda yangi ochilgan boshqa muassasaga olib borish uchun tez yordam mashinasi keldi. Ko‘chirilgan birinchi bemor halok bo‘lgan... Qanday ma’no bor edi bizning bemorlarimizni ko‘chirishda?.. Ustiga ustak Chirchiqda tez yordam mashinalari jihozlanmagan edi. Holbuki bu pandemiya boshlanishi emas edi – 4-5 oy ichida tayyorgarlik ko‘rish mumkin edi.
Shuni aytish kerakki, hamma kerakli uskunalar aslida kelar edi. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, omborlarda hamma narsa bor edi, Toshkentdan, ya’ni respublikadan jo‘natilardi. Ammo o‘rta bo‘g‘im ularni faqat o‘ziga yoqqanlarga berardi, o‘ziga yoqmaganlarga – yo‘q.
— Yordam so‘rab ommaviy axborot vositalari orqali, ehtimol jamiyatga, ehtimol rahbariyatga murojaat qilayotganingizda, keyin nima bo‘lishini tasavvur etganmidingiz?
— Meni eshitishadi deb o‘ylagan edim. Qamab qo‘yishlari tushimga ham kirgani yo‘q. Nari borsa lavozimimdan chetlatishlarini o‘ylagandim. Barcha muassasalar yopilgan, hech kimga murojaat qilish iloji yo‘q edi, sog‘liqni saqlash vaziri ham kasal edi va men ommaviy axborot vositalari orqali holatni yetkazishga qaror qildim.
Viloyat sog‘liqni saqlash muassasasi rahbariyati bilan oramizda moliyalashtirish masalalarida ziddiyatlar pandemiyadan oldin ham bo‘lgan. Buni men sud jarayoni davomida ham aytganman. Masalan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasini ta’mirlash uchun ajratilgan 10 milliard so‘m qanday qilib Olmaliqdagi 30 dona yotoq o‘rniga ega bo‘lgan bo‘limni ta’mirlashga “yo‘l olgani” haqida.
— Keyin o‘zingiz kasal bo‘lib qoldingiz.
— Ha, tinimsiz mehnat qilish immun tizimini kuchsizlantiradi. Kasallikdan qochib bo‘lmasdi – bemorlar bilan muloqotda edik. Bizning formalarimiz chet eldagiday emas edi – havoni tashqariga chiqarib yubormasdi.
— Yaxshi tuzalmasdan, kasalxonadan chiqishga majbur bo‘ldingiz.
— Tergovchi tufayli majbur bo‘lgandim. Tergovchi meni hibsga olgani kelishganini aytdi. Keyin bilsam, hibsga olgani emas, so‘roq qilish uchun O‘zekspomarkazga kelgan, ammo harbiy komendatura kiritmagan.
250 millionni o‘zlashtirishda, bir insonning o‘limiga sabab bo‘lishda ayblanayotganimni bilib, o‘zimni oqlash uchun shifoxonadan chiqib ketishga majbur bo‘ldim.
— Keyin sizni hibsga olishdi. O‘sha onlarni eslay olasizmi?
— Bu kun bir umrga esimda qoldi. Butun Chirchiq bo‘yicha suv bo‘lmagan edi. Bu Chirchiqda ko‘p bo‘lib turadi. Shifoxonadan chiqib, o‘zimni yaxshi holga keltirmoqchi bo‘ldim – hech bir ayol, nafaqat prokuror oldida, har qanday odam oldida noqulay ahvolda ko‘rinishni xohlamaydi. Tergovchiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zimga qarashim uchun bir kun berishini so‘radim. Keyin tekshiruvlarda birga ishtirok etishimni aytdim. Salonga bordim. Yashirinmoqchi emasdim aslo – salon manzilini o‘zim bergandim unga. 20 tacha xodim kelishdi salonga, meni hibsga olish uchun, xuddi terroristni tutishga kelgandek. Yaxshiyam yonimda singlim bor edi. Sog‘lig‘imdan xavotir olib, Buxorodan chaqirtirgan edim uni. U bo‘lmaganda meni qayerga olib ketishganini ham hech kim bilmagan bo‘lardi.
Bir marta qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat berishdi. Bundan foydalanib, turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qildim, ammo telefoni o‘chiq edi. Ikkinchi marta qo‘ng‘iroq qilishga imkon berishmadi.
— Pandemiya paytida yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis tergov izolyatorida... Bu kunlarni esga olsangiz.
— U kunlarni unutishga harakat qildim. Ammo buni unutib bo‘lmaydi.
— Ko‘plab insonlar halok bo‘layotgan davrda...
— Demak, men davolab qutqarib qolishim mumkin bo‘lgan odamlarning hayotidan ko‘ra meni yo‘ldan olib tashlash muhimroq bo‘lgan. To‘g‘risini aytsam, birinchi kun unchalik qo‘rquv bo‘lmadi, shunchaki qo‘rqitib, bugun-erta qo‘yib yuborishadi deb o‘ylagan edim. Ammo keyinchalik, hech nima yemay qo‘ydim, chunki meni zaharlashlaridan qo‘rqdim.
Sud hibsga olish chorasini kuchda qoldirdi. Umidim apellyatsiya sudida edi. Unga tayyorlanishni boshladim. Kodekslarni olib kelishlarini iltimos qildim.
Keyin bilsam, tashqarida jamoatchilik norozilik bildirayotgan ekan. O‘zimni qo‘lga oldim, bo‘lgan voqealarni yodimda tiklab, yozar edim. Hukmni qo‘limga berishlari kerak edi, berishmadi.
— Izolyatordan chiqish paytini eslang.
— Qo‘yib yuborishgan onlarni nazarda tutyapsizmi?
— Ha.
— Hammani sayrga olib chiqish vaqti edi. Chiqqim kelmadi. So‘ng asosiy korpusga chaqirilganimni aytishdi. Kim chaqirdi, nima uchun chaqirdi? Advokatimmi deb so‘rasam, javob bermasdan, faqat tezlatishdi. Qo‘riqchilar bilan birga asosiy binoga shoshildim. O‘sha payt Zangiota qamoqxonasi boshlig‘i Majidov edi. “Kimga nima deb qo‘ydingiz biz haqimizda?” dedi. Ularni hech kimga yomonlamaganimni aytdim. So‘ng “siz ozodsiz” dedi jilmayib. Baqirib yubordim, yig‘ladim. Rostdanmi deb so‘radim.
Albatta, bular gapirib berayotganimdek emasdi, hissiyotlar to‘lib toshgandi. Unutilmas lahza. Hamma men uchun xursand edi u yerda, hamma.
— Sud jarayoni haqida gapirib bersangiz.
— Ochig‘ini aytsam, birinchi kunlari sudya umid berdi. Bundan tashqari, Kun.uz hammasini omma uchun yoritib borayotgani uchun, adolat hukm surishiga ishonar edim. Bu jinoiy ishning xatolari sud jarayonida ko‘rinib borayotgandi.
Uyqusiz tunlarim davom etayotgandi: pandemiyada uxlamadim, davolanish davrida uxlamadim, qamoqdagi uyqusiz tunlar, endi sud jarayonidagi uyqusizlik... Men jinoiy ishning har bir betini o‘rgandim. Jinoyat kodeksini ham, jinoyat-protsessual kodeksini ham. Yozuvlar tayyorladim. Men shunday o‘yladim: agar men – yurist bo‘lmagan kishi kodekslarga yuzaki qaraboq xatolarni ko‘rayotgan bo‘lsam, boshqalar xatolarni albatta ko‘radi va men oqlanaman.
To‘rtinchi yo beshinchi sud majlisida hammasi chappasiga aylanayotganini tushundim. Guvohlarga to‘g‘ri savollar berishga imkon berilmas edi. Sudya meni pastga urishga harakat qilardi, meni hatto jinoiy ishda aytilmagan narsalarda ayblamoqchi bo‘lardi. Bu aniq ko‘rinib turardi. Videolar bor.
To‘satdan alohida xonada mantiya kiygan sudyaning guvohga ko‘rsatmalar berayotganini eshitib qoldim va lol qoldim. Sud jarayonida menga nisbatan ruhiy bosim qilishga harakatlar bo‘ldi. Sud videosini qayta-qayta ko‘rib bunga yanada ishonch hosil qilyapman.
— Xatoliklar haqida gapiryapsizmi?
— Men buni xato deb aytmagan bo‘lardim. Atay qilindi – sud jarayonida Jinoyat-protsessual kodeksi buzildi.
Faqat ikkita jiddiy holatni aytib bermoqchiman. Birinchisi – prokuratura va sud tomonidan qilingan qonunbuzarlik, balki kelishib qilingandir – sud jarayonida iqtisodiy masalalar bo‘yicha ekspert sifatida oliy ma’lumoti bo‘lmagan odam chaqirildi. Bu Jinoyat-protsessual kodeksida man etilgan. Bundan tashqari u sudlangan va jazosini olayotgan – erki cheklangan edi. JPK bo‘yicha bu mumkin emas. Bu odam tergov jarayoniga ham, sud jarayoniga ham ekspert sifatida jalb qilindi.
Sudya buni bilmagan bo‘lishi mumkin deyishingiz mumkin. Ammo biz bu “ekspert”ning ko‘rsatmalarini hisobga olmaslikni so‘rab iltimosnoma yozdik. Chunki o‘sha vaqtda u o‘zi sudlanuvchi edi, Yangiyo‘l tumanida bosh iqtisodchi bo‘lib ishlashga umuman xaqqi ham yo‘q edi. Lekin sudya bizning iltimosnomamizni qabul qilmadi va hatto yozma ravishda ajrim yozib berdi, nega bu ekspertni qoldirganini izohlab. Kimdan so‘ramasam, hamma bu JPKning juda qo‘pol buzilishi dedi.
Ikkinchi jiddiy qonunbuzarlik. Hukm o‘qilayotgan paytda sudya bir qator xususiy ajrimlar haqida gapirdi. Alaloqibat na hukmda, na protokolda bu xususiy ajrimlar bor. Demak, protokol qalbakilashtirilgan. Protokolda aytilgan gaplarning hammasi bo‘lishi kerak. Xullas, hammamizni aldashdi. Nega “hammamiz” deyapman, chunki sud jarayonini Kun.uz orqali hamma kuzatayotgan edi. Yuristlar ham. Bular shunchalik ko‘nikib qolishgan ekan qonunni buzishga. Xatolar ommaga ma’lum bo‘layotganidan ham qo‘rqishmadi.
Biz advokat bilan haligacha talab qilib kelyapmiz, sud jarayoni tugamasdan turib, intervyu berib meni ayblab chiqqan, ko‘p yolg‘onlar qilgan prokuror va birinchi sudni boshqargan, ko‘p xatolar qilgan sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishlarini so‘rab kelyapmiz. Ammo negadir talabimizga rad javobini berishyapti, “isbotlar yetarli emas”ligi vaji bilan. Jinoyat-protsessual kodeksini buzish yetarli emas ekan...
— Bo‘lib o‘tgan bu voqealar yuzasidan umumiy fikrlaringiz. Pandemiyaning avjida, siz – ayol, shifokor, yana deng – infeksionist, ko‘p bolali ona, ommaviy axborot vositasi orqali qilgan murojaatingiz – yordam so‘raganingiz, kamchiliklarni aytganingizdan so‘ng, sizni hibsga olishyapti, sud qilishyapti.
— Biror kimni noo‘rin ayblashdan va kimdir bundan foydalanishidan qo‘rqaman, lekin fikrimni aytaman. Pandemiya paytida tarozining bir pallasida odamlarning hayotini saqlab qolish turgan bo‘lsa, boshqa pallasida ajratilayotgan katta pullar turgan edi. Men esa bir viloyatda pullarni o‘marishga xalaqit qildim. Tushunyapsizmi?! Men o‘z ma’naviy ustunlarim bilan shakllanganman va meni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shu uchun xalaqit qildim ularga. O‘ta katta pullar turgan edi o‘rtada.
Har bir viloyatda pandemiyaga qarshi guruhlar tuzilgan edi. Va ularga katta pul ajratilardi. Toshkent viloyatida tuzilgan guruhning ichida bitta ham infeksionist yo‘q edi! Tushunyapsizmi?! Chunki biz – infeksionistlar ko‘p narsani bilamiz va xatolarni ko‘rsatishimiz mumkin edi. Bizni guruhlardan olib tashlashdi. Siz menga pandemiyaning birinchi kunlari to‘g‘risida so‘radingiz, o‘sha vaqtning o‘zidayoq meni u guruhdan chiqarishgan edi.
Chunki chet elda ta’lim olayotgan talabalarni olib kelish uchun tashkillashtirilgan birinchi charter reyslar paytidayoq, ular Toshkent viloyatidagi sanatoriylarga joylashtirilayotgan paytdayoq norozilik bildirgandim, menga ko‘p narsa yoqmagan edi u yerdagi. Bu ularga yoqmadi va meni guruhdan chiqarib tashlashdi. Meni guruhga qaytarishlarini so‘radim, chunki biz – infeksionistlar bilamiz niqob va formalarni qancha vaqtda almashtirish kerakligi, chet eldan olib kelingan talabalarga qay tartibda qarash lozimligini. Tibbiy talablar bajarilmayotgan edi.
Pandemiya davrida noto‘g‘ri ishlar ko‘p bo‘ldi, kasallanganlar soni ko‘payib borishiga ham shu xatoliklarning hissasi bor. Vagonlarni to‘ldirishga urinildimi-yey. Xullas, tarozining pul turgan pallasi og‘ir keldi...
— Hozir holat qanday?
— Dastlabki suddan keyin bizda apellyatsiya sudi bor edi. [2021 yil] 23 noyabrda apellyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirdi, ammo 21 ta epizoddan 7 tasini qoldirdi. Men bunga rozi bo‘lmadim va Oliy sudga murojaat qildim. [2022 yil] 15 avgust kuni Oliy sud apellyatsiya sudining qarorini bekor qildi, qayta ko‘rishga jo‘natdi.
Qaror bekor bo‘lgani haqida xabar chiqqandan keyin ijtimoiy tarmoqlarda meni qoralash kompaniyasi yana avj oldi. Bilmadim, sud idorasiga ta’sir qilish uchunmi, yoki menga psixologik bosim o‘tkazish uchunmi, men haqimda salbiy gaplarni birvarakayiga 22 ta katta guruhlarda yoza boshlashdi. U yerda meni “sudyalarni sotib olgan” deb yozishdi.
— 22 ta guruhda deyapsizmi?
— 22 ta guruhda, bu – men ko‘rganlarim. 9 sentabrdan birdaniga boshlashdi yozishni. Xabar chiqqandanoq. Menimcha, buni oddiy odam qila olmaydi, chunki 22 ta guruh…
— Hozir qayerda ishlayapsiz? Bolalarni qanday boqyapsiz?
— Inson papilloma virusi skriningi bilan bog‘liq loyihalarda ishlayapman. Rasman shifokor sifatida ishlamayapman. Mart oyida menga mehnat daftarchasini olib ketishim haqida xabarnoma keldi. Mehnat daftarchasini olganimda, u yerda oldingi sana bilan, orqavarotdan, ya’ni 14 dekabr kuni ishdan bushatilganimni ko‘rdim. Mehnat daftarchamga vazir imzosi qo‘yilmagan buyruq ham solib qo‘yilgan edi. U yerda faqat muhr turibdi. Tabiiyki, shikoyat yozdim. Biroq mehnat vazirligi mening shikoyatimni qaytarib yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yubordi...
Men apellyatsiya sudi Toshkent viloyatida qayta o‘tkazilishini istamayman. Chunki agar viloyat sudi raisiki hukm qonuniy kuchga kirmagan bir paytda hammaning oldida meni ayblagan bo‘lsa, demak, Toshkent viloyatidagi sudlarga ishonch qolmagan. Toshkent viloyat sudiga men ishonmayman, sud Toshkent shahrida o‘tishini xohlayman.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Tasvirchilar:
Mirvohid Mirrahimov
Nuriddin Nursaidov
Ziyaddin Mamajonov
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
16:16 / 17.12.2024