O‘zbekiston | 10:11 / 05.12.2022
7040
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ob-havo sabab avtobuslar oraliq interval vaqtlari ortishi mumkin

Zarurat bo‘lmaganda shaxsiy avtomobillarda, ayniqsa, qishga mo‘ljallangan shinalarga ega bo‘lmagan transport vositalarida harakatlanmaslik so‘raldi. Ayrim avtobuslarning kelish vaqti ham cho‘zilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Toshkentda noqulay ob-havo sabab avtobuslar oraliq interval vaqtlari ortishi mumkin. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati xabar berdi.

Noqulay ob-havo sharoitida avtotransport vositalari harakatlanishida noqulayliklar yuzaga kelishi sababli ayrim avtobus yo‘nalishlaridagi qatnov va oraliq interval vaqtlarining belgilangan vaqtlardan ortishi holatlari yuzaga kelishi mumkinligi qayd etilgan.

«Ob-havoning keskin o‘zgargani, qor yog‘ishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lgani sababli barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini, zarurat bo‘lmaganda shaxsiy avtomobillarida, ayniqsa, qishga mo‘ljallangan shinalarga ega bo‘lmagan transport vositalarida harakatlanmaslikni, tezlik talablariga qat’iy amal qilishlarini, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishlarini, kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishlarini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Toshkent shahrida 4 dekabr kuni qor yog‘a boshlagandi. 5 dekabr kuni ham qor yog‘ishi davom etmoqda, muzlamalar hosil bo‘lgani sababli yo‘llarda harakatlanish qiyinlashgan.

Toshkent shahrida aholi iste’mol qiladigan va isitish tizimida foydalaniladigan tabiiy gaz bosimi pasayib ketgani tufayli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari vaqtinchalik yopilmoqda, bu ham yo‘llarda harakatga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid