Jamiyat | 21:51 / 10.01.2023
18894
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

VAZ-21013 va avtobus to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Hodisa 2023 yil 10 yanvar kuni soat 13:30 larda M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo‘lining 124-kilometrida sodir bo‘lgan.

VAZ-21013 haydovchisi ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib asosiy yo‘ldan Samarqand tomon harakatlanayotgan ZHONGTONG BUS rusumli avtobus bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, VAZ-21013 haydovchisi va mazkur mashina salonida bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib halok bo‘lgan. Yana uch nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Paxtachi tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • Ma’lumot uchun, bu mazkur viloyat hududida yil boshidan buyon insonlar o‘limi bilan bog‘liq OAVga ma’lum bo‘lgan to‘rtinchi yo‘l-transport hodisasidir. Bu YTHlarda jami 9 kishi halok bo‘ldi: 1 yanvar kuni Samarqand tumanida AUDI haydovchisi mashina oldiga yugurib chiqqan ikki nafar piyodani urib yuborgan; 3 yanvar kuni Ishtixon tumanida Damas tartibga solinmagan piyodalar yo‘lakchasi oldida yo‘lni kesib o‘tish uchun turgan piyodalarni urib yuborgan; 4 yanvar kuni Qo‘shrabot tumanida Nexia-3 haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ro‘paradan kelayotgan Spark bilan to‘qnashgan, natijada ikki mashina haydovchilari hamda bir yo‘lovchi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid