Jahon | 13:09 / 13.01.2023
7074
4 daqiqa o‘qiladi

Marina Ovsyannikova Rossiya propagandasi haqida kitob yozdi

Birinchi kanalning sobiq xodimi Marina Ovsyannikovaning «Yaxshilik va yomonlik o‘rtasida. Qanday qilib men Kreml propagandasiga qarshi chiqdim» kitobi Germaniyada nemis tilida nashr etilyapti.

Marina Ovsyannikova / Foto: AP

Birinchi kanalning sobiq xodimi Marina Ovsyannikova kitob yozdi. 14 mart kuni, uning jonli efirdagi norozilik aksiyasidan roppa-rosa bir yil o‘tib, nashr Germaniyadagi kitob do‘konlari peshtaxtalarida nemis tilida paydo bo‘ladi, deb xabar berdi payshanba kuni dpa axborot agentligi Langen Müller Verlag nashriyotiga tayanib. Kitobning nomi - «Yaxshilik va yomonlik o‘rtasida. Qanday qilib men Kreml propagandasiga qarshi chiqdim» («Zwischen Gut und Böse. Wie ich mich endlich der Kreml-Propaganda entgegenstellte»). Uning elektron versiyasi allaqachon nemis nashriyotining veb-saytida mavjud, narxi - 22 yevro.

Noshirlar kitob tavsifida ta’kidlaganidek, o‘tgan yili Rossiyani tark etganidan so‘ng, «Marina Ovsyannikova Rossiya davlat televideniyesida o‘zining urushga qarshi plakati bilan tomoshabinlarga ularni televizorda aldashayotgani va Putin Ukrainaga qarshi shafqatsiz urush olib borayotganini aytib, misli ko‘rilmagan janjal keltirib chiqardi». Ba’zilar uni Britaniya josusi, boshqalari esa "FSB" agenti deb o‘ylashyapti. Endi Marina o‘z hikoyasini aytib beradi».

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 14 mart kuni kechqurun Birinchi kanal xodimi, muharrir Marina Ovsyannikova jonli efirga plakat bilan kirib borgan, unda shunday yozilgan edi: «No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Ular yolg‘on gapirishyapti Russians against war». O‘sha paytda «Vremya» ko‘rsatuvi boshlovchisi Yekaterina Andreyeva G‘arb sanksiyalariga qarshi turish haqidagi syujyetning kirish qismini o‘qiyotgan bo‘lgan. Bundan tashqari, efirga chiqishdan oldin Ovsyannikova videomurojaat yozib, «Rossiya birodarkushlik urushini zudlik bilan to‘xtatishi kerak»ligini ma’lum qildi hamda rossiyaliklarni urushga qarshi mitinglarga chiqishga chaqirdi.

«Biz 2014 yilda, bularning barchasi endi boshlanayotganda, Kreml Navalniyni zaharlaganida mitinglarga chiqmadik, biz bu aksilinsoniy rejimni indamay kuzatib o‘tirdik. Hozir esa butun dunyo bizdan yuz o‘girgan», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Marina Ovsyannikova qo‘lga olindi, unga ma’muriy jarima solindi. Yozda «Putin - qotil, uning askarlari - fashistlar. 352 bola halok bo‘ldi. Siz to‘xtashingiz uchun yana qancha bolalar o‘lishi kerak?» degan plakat yozilgan bir kishilik piket tufayli Rossiya armiyasiga oid «feyklar» bo‘yicha jurnalistga nisbatan ish ochilgan edi. Sud unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘ini tayinladi.

Oktabr oyida Ovsyannikovaning sobiq turmush o‘rtog‘i u 11 yoshli qizi bilan birga uy qamog‘idan qochib ketganini ma’lum qildi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi jurnalistni qidiruvga berdi. Jurnalist advokatining aytishicha, u Yevropaga ketgan va «Yevropa davlatlaridan biri himoyasida». Basmanniy sudi Ovsyannikovaning onalik huquqlarini cheklab, unga sobiq eriga ikki farzandini boqish uchun oylik pul to‘lash majburiyatini yukladi. O‘tgan yil oktabr oyida Marina Ovsyannikova Moskvaning Basmanniy sudi tomonidan tergov talabiga binoan sirtdan hibsga olingan edi.

O‘tgan yilning may oyida Birinchi kanal sobiq xodimi ijodiy norozilik uchun Vatslav Gavel mukofotini oldi. «Rossiya bu urushda imkon qadar tezroq mag‘lub bo‘lishi kerak. Nur zulmat ustidan g‘alaba qozonishi kerak», - dedi Ovsyannikova taqdirlash marosimidagi nutqida. Birinchi kanalning sobiq muharriri o‘shanda mukofot pul qismini ukrainalik qochqinlarga yordam uchun berishini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid