Xalqaro yo‘nalishlardagi avtobus qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi
Noqulay ob-havo sharoiti sababli, yo‘lovchi tashuvlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga muntazam avtobus qatnovlari 13 yanvardan vaqtincha to‘xtatildi.
“Shu kunlarda qo‘shni Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasida kuzatilayotgan kuchli sovuq tufayli yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘lib, avtotransport vositalarida texnik nosozliklar kelib chiqishi natijasida yo‘lovchilar qiyin vaziyatlarga tushib qolish holatlari kuzatilmoqda”, – deya bu qarorga izoh berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, 11 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida, “Samara–Chimkent” avtomobil yo‘lida O‘zbekistonning jami 69 nafar fuqarosi bo‘lgan ikki avtobus noqulay ob-havo tufayli yo‘lda qolib ketdi. Ular evakuatsiya qilinib, maktab va masjid binolariga joylashtirilgan.
Shuningdek, Chimkent viloyati hududida “Toshkent-Almati” yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi buzilib qoldi. Undagi 34 nafar O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatilib, mehmonxonaga joylashtirilgan.
12 yanvarda, shuningdek, Aqto‘be oblastida avtobusda qolib ketgan yana 31 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Transport vositasi yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘ldi.
Avvalroq “Toshkent – Buxoro – Toshkent” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” poyezdlarining 13, 14, 15 yanvar kungi 3 ta reysi bekor qilingan edi.
- O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Qozog‘iston hududida noqulay ob-havo kunlarida qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlar mamlakatning Ostonadagi elchixonasi (+717 2954252), Olmaota (+7273902616) va Aqtau (+77292777117)dagi bosh konsulliklariga murojaat qilishi mumkin.
Mavzuga oid
17:57 / 23.12.2024
Qozog‘istonda yo‘lda buzilib qolgan avtobusdan o‘zbekistonliklar qutqarildi
08:45 / 20.12.2024
Toshkentda yana bir yo‘lovchi avtobusida yong‘in chiqdi
23:26 / 18.12.2024
Toshkentda avtobus yonib ketdi
21:02 / 26.11.2024