O‘zbekiston | 16:22 / 25.01.2023
36470
3 daqiqa o‘qiladi

“Gaz-transport tizimi berilmaydi” - Energetika vazirligi “Gazprom” bilan imzolangan hujjat haqida

“Gazprom” bilan imzolangan “yo‘l xaritasi”dan maqsad – ichki bozorga tabiiy gazni zarur miqdorlarda yetkazib berish, deb ma’lum qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi. “Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Foto: Energetika vazirligi

O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazprom” bilan imzolangan “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha bayonot berdi.

“Joriy yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi va unda Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Imzolangan “Yo‘l xarita”ga muvofiq, tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlar va o‘rganishga kelishib olindi.

Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo‘l xaritasi”da O‘zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda (boshqaruv huquqini to‘liq saqlagan holda) ichki bozorga tabiiy gazni zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q.

Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib boriladi”, – deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur “Yo‘l xaritasi” kecha, 24 yanvar kuni imzolandi. Hujjat imzolanganidan keyin o‘tgan qariyb bir sutka vaqt ichida O‘zbekiston tomoni bu borada birorta ham izoh bermagani jamoatchilikda jiddiy xavotirlarni yuzaga keltirdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning gaz transport tizimi “Gazprom”ga ishonchli boshqaruvga berib yuborilishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.

“Gazprom” bunday hujjatni o‘tgan hafta Qozog‘iston bilan ham tuzgan edi.

Mazkur kelishuvlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokidagi uchtomonlama gaz ittifoqini tuzish taklifidan 2 oy o‘tib imzolandi. Rasmiy Toshkent ham, Ostona ham bu hamkorlik ittifoq shaklida bo‘lishiga rozi bo‘lmadi.

Ta’kidlash kerakki, Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz sotishga qiziqib qolishi Ukraina urushi fonida Yevropa rus energoresurslaridan yuz o‘girayotgan bir paytda ro‘y bermoqda.

Mavzuga oid