Jahon | 20:32 / 30.01.2023
27004
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov «MegaFon»ni sotmoqda 

Rossiyadagi yirik aloqa operatorlaridan biri davlatga tegishli «Rostelekom» kompaniyasiga o‘tishi kutilmoqda. 

Foto: RIA Novosti

Rossiyaning «Rostelekom» kompaniyasi USM Group kompaniyasidan «MegaFon» aloqa operatori sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

«Kommersant’» nashrining yozishicha, sotib olish bo‘yicha so‘rov 2022 yil oxirida berilgan.

USM kompaniyasiga yaqin manbaning ta’kidlashicha, «MegaFon» bir necha yillardan beri yaxshi natijalarni ko‘rsatmoqda, shuning uchun uni sotib olish bo‘yicha takliflar muntazam kelib tushyapti.

«MegaFon» Rossiyadagi eng yirik telekommunikatsiya operatorlaridan biri bo‘lib, 74 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi. Uning 100 foiz ulushi Alisher Usmonov rahbarlik qiladigan USM Group kompaniyasiga tegishli.

2021 yil yakuniga ko‘ra, «MegaFon» daromadi 354 milliard rublni, sof qarzi 244,6 milliard rublni tashkil etgan. Kompaniya 2022 yil may oyidan beri moliyaviy hisobotlarni oshkor qilishni to‘xtatgan.

«Rostelekom» kompaniyasi Tele2 aloqa operatori aksiyalarining 100 foiziga egalik qiladi va «MegaFon»ni sotib olish orqali Rossiya uyali aloqa segmentida shubhasiz yetakchiga aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda O‘zbekiston aloqa bozorida Rossiyaning «MegaFon» kompaniyasi ish boshlayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid