Iqtisodiyot | 20:32 / 09.02.2023
30780
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda O‘zbekistonda bank kartalari emissiyasi keskin oshdi

Bu O‘zbekistonga ko‘chib kelgan rossiyaliklar yoki Rossiyada yashayotgan, ammo O‘zbekiston bank kartalari orqali xalqaro xaridlarni amalga oshirayotganlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

2022 yilda Rossiyaga qo‘shni davlatlar bank kartalarini chiqarish hajmini keskin oshirdi: bir qator mamlakatlarda o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi va aksariyat hollarda kamida besh yillik rekordni o‘rnatdi. Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston Markaziy banklari statistikasini o‘rganib chiqqan RBK shunday xulosaga keldi. 

Ma’lumotlar yopilgan kartalar sonini ko‘rsatmaydi, lekin bozordagi dinamika bo‘yicha tasavvur hosil qiladi. Eng ko‘p o‘sish Tojikistonda kuzatilgan: muomaladagi kartalar soni 45,5 foizga oshib, 5 million donaga yetdi, bu oxirgi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ma’lumotlar xalqaro to‘lov tizimlari (XTT) va mahalliy to‘lov tizimlarining kartalarini hisobga oladi. 

Qirg‘izistonda statistik ma’lumotlar faqat 3 ta chorak uchun mavjud bo‘lib, XTT kartalari soni 37 foizga oshib, 1,8 million kartaga yetdi (bu so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkich). 

O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich yil davomida 26,2 foizga (34,2 million) oshdi, statistika mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha to‘lov tizimlarini hisobga oladi. 

Armanistonda kartalar soni 18,7 foizga (2022 yilning uch choragidagi ma’lumotlar, faqat XTT uchun), Ozarboyjonda butun yil davomida 18,3 foizga (tizim turlariga bo‘linmagan holda 13,6 million) o‘sdi. Belarusda har xil turdagi kartalar ko‘rsatkichi yil davomida deyarli 15 foizga o‘sdi - 18 million dona. 

Eng past o‘sish sur’atlari Qozog‘istonda (XTT bo‘yicha plyus 8,35, 42,9 million karta va bu sur’at so‘nggi besh yil ichida eng past bo‘ldi) va Gruziyada (plyus 4,6 foiz, 2018 yildan beri eng kam). 

Umuman olganda, kartalarni chiqarish sur’atlarining o‘sishi tendensiyasi 2022 yil mart oyida Rossiyadan Visa va Mastercard tizimlarining chiqib ketishi, shuningdek, rossiyaliklarning qo‘shni davlatlarga migratsiya oqimi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

«Bu holda, qo‘shni davlatlarga ko‘chib o‘tgan Rossiya fuqarolari, shuningdek, Rossiyada yashovchi, lekin xalqaro xaridlar va sayohatlar uchun qo‘shni davlat kartalaridan to‘lovni amalga oshirayotganlar haqida gapirish mumkin», dedi DRT kompaniyasining moliyaviy institutlari bilan ishlash guruhi Rahbari Maksim Nalyutin. 

Mavzuga oid