Jahon | 08:29 / 17.04.2023
6634
2 daqiqa o‘qiladi

Sudandagi to‘qnashuvlar o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi

Sudan shifokorlari kasaba uyushmasi armiya va tezkor harakat kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janglarda 27 kishi halok bo‘lgani va 180 dan ortiq kishi yaralangani haqida xabar berdi. Mamlakat shifokorlar markaziy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 56 kishi halok bo‘lgan, 600 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Foto: AFP

Sudanda o‘nlab odamlar mamlakatdagi hukmron xunta va tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qurboni bo‘ldi. Sudan shifokorlar ittifoqi 16 aprel, yakshanbaga o‘tar kechasi shanba kuni ertalab boshlangan janglarda 27 kishi halok bo‘lgani va 180 dan ortiq kishi yaralangani haqida xabar berdi. Mamlakat shifokorlar markaziy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 56 kishi halok bo‘lgan, 600 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Sudan poytaxti Xartum va mamlakatning boshqa shaharlarida tunda to‘qnashuvlar davom etdi. Guvohlar otishma va portlashlar haqida xabar berishdi.

RSF vakillari mamlakatning kamida uchta aeroportini, shuningdek, bir qator harbiy obektlar va prezident saroyini qo‘lga olganliklarini aytishdi. Sudan armiyasi bu ma’lumotni rad etdi. Mamlakat harbiy-havo kuchlari RSF bazalariga havo hujumlarini davom ettirayotgani sababli tinch aholini uyda qolishga chaqirdi. Yakshanba kuni maktablar, banklar va davlat idoralari yopildi.

Bir necha o‘n yil davomida mamlakatni boshqargan Umar al-Bashir 2019 yilda chuqur iqtisodiy inqirozga uchragan Sudandagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Muntazam armiya va RSF o‘shanda xalq qo‘zg‘olonlarini birgalikda qo‘llab-quvvatladi. 

Al-Bashir ag‘darilganidan so‘ng harbiylar va fuqarolik guruhlari o‘tish davri hukumatini tuzishga kelishib oldilar, biroq 2021 yil oktyabr oyida Sudanda davlat to‘ntarishi kuzatildi, natijada mamlakatdagi hokimiyat butunlay general al-Burhon qo‘liga o‘tdi. RSF rahbari Muhammad Hamdan Dagalo yaqinda Sudanni demokratiyaga olib borishga va’da bergan harakatga rahbarlik qila boshladi. 

Mavzuga oid