Jahon | 18:01 / 26.04.2023
22216
18 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning yuziga tortilgan qora chiziq – «Magnitskiy ro‘yxati» nega tuzilgan edi?

​​​​​​​2008 yilda Rossiyadagi konsalting kompaniyasida auditor bo‘lib ishlovchi Sergey Magnitskiy qamoqqa olinadi. Unga katta miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bo‘yicha ayblov e’lon qilinadi. Oradan 11 oy o‘tgach Magnitskiy tergov hibsxonasida shubhali tarzda vafot etadi. Keyinchalik u va uning sheriklari ayrim amaldorlar Rossiya budjetidan qariyb 200 mln dollar o‘g‘irlaganini fosh etishgani va auditor shu sababli o‘ldirilgani ma’lum bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

2023 yil 17 aprel kuni rossiyalik muxolifatchi va publitsist Vladimir Kara-Murza Moskva shahar sudi tomonidan davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topildi va 25 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

Kara-Murzaning uzoq muddatga qamalgani haqida fikr bildirgan rossiyalik faol, «Mediazona» mustaqil nashri bosh muharriri Sergey Smirnov «Kara-Murza shubhasiz Magnitskiy ro‘yxati uchun 25 yilga qamalgani»ni aytdi.

Xo‘sh, bu qanday ro‘yxat? U rossiyalik amaldorlarni nega jazavaga tushiradi?

«Magnitskiy ro‘yxati» rossiyalik auditor Sergey Magnitskiy nomi bilan bog‘liq. U 2007 yilda o‘z hamkasblari bilan Rossiya davlat budjetidan 5,4 mlrd rubl (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha bu qariyb 200 mln dollar bo‘ladi) o‘zlashtirilib yuborilganini aniqlagandi.

Shundan so‘ng Magnitskiy ta’qibga uchraydi va 2008 yilda hibsga olinadi. Unga katta miqdordagi soliqlarni to‘lashdan qochish aybi qo‘yiladi. Sergey Moskvada tergov qilinadi va hibsga olinganidan 11 oy o‘tib tergov izolyatorida shubhali tarzda vafot etadi.

Magnitskiyning o‘limi xabari Rossiyada ham, uning tergov qilinishini kuzatib borgan G‘arb davlatlarida ham noxushlik bilan qarshi olinadi. Rossiyalik muxolifatchi siyosatchilar – Boris Nemsov va Vladimir Kara-Murza esa Magnitskiyning o‘limiga daxldor shaxslarning dastlabki ro‘yxatini tuzishadi.

Ko‘p o‘tmay AQSh ana shu ro‘yxatni Magnitskiyning o‘limiga daxldor boshqa tegishli nomlar bilan to‘ldirib, ularga qarshi sanksiyalar e’lon qiladi.

Keyinchalik, 2012 yilda AQShda «Magnitskiy qonuni» qabul qilinadi. O‘shandan buyon avvaliga rossiyalik, so‘ng sobiq ittifoq hududidagi respublikalarning ayrim fuqarolari ham turli ishlari uchun «Magnitskiy ro‘yxati»ga kiritila boshlaydi.

Magnitskiy bilan sodir bo‘lgan hodisalar va uning o‘limi

Hermitage Capital Management fondi rahbari amerikalik Uilyam Brauder

Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Sergey Magnitskiy 1995 yildan boshlab amerikalik advokat Jyeyms Fayyerstoun tomonidan tashkil etilgan Firestone Duncan xususiy konsalting kompaniyasida ish boshlaydi.

Keyinchalik u kompaniyaning soliq konsultatsiyasi va auditorlik bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlanadi. O‘sha paytda Rossiyada faoliyat olib borayotgan ko‘plab firmalar Firestone Duncan’ning mijozlari bo‘lib, kompaniya ularga huquqiy xizmatlar ko‘rsatardi.

Ular orasida Hermitage Capital Management fondi ham bor edi. Bu fond o‘sha paytda Rossiyada xorijiy sarmoya asosida tashkil etilgan eng yirik fondlardan biri edi.

2004 yil iyunida Hermitage Capital Management tarkibiga kiruvchi «Kameya» firmasi rahbarlariga qarshi daromadlarni yashirish va soliqlardan qochish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

2006 yilda kutilmaganda Hermitage Capital Management rahbari Uilyam Brauder fond Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatishi va aktivlarni sotishini e’lon qiladi.

Bu qaror ko‘pchilikni hayron qoldiradi. Chunki hisobotlarga ko‘ra tarkibida «Parfenion», «Maxaon» va «Rilend» kabi ochiq hissadorlik jamiyati ko‘rinishidagi firma va kompaniyalar bo‘lgan fond 2006 yilda qariyb yarim milliard dollar daromad qilgan, Rossiya budjetiga 230 million dollar soliq to‘lagandi.

Yuqoridagi kompaniyalarga ofshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan Glendora Holdings Ltd va Kone Holdings Ltd kompaniyalari egalik qilgan. Uchala kompaniya Moskvaning Mejrayonnoy rayon soliq inspeksiyasida ro‘yxatga olingandi.

O‘sha paytda Hermitage Capital Management investitsiya fondi Sergey Magnitskiy auditor bo‘lib ishlagan Firestone Duncan xususiy konsalting kompaniyasi mijozi edi. Firestone Duncan ushbu investitsiya fondiga turli xizmatlar ko‘rsatib kelgan.

2007 yilga kelib ish ancha kattalashadi va Rossiya IIV xodimlari avvaliga Hermitage Capital Management kompaniyasi ofisida tintuv o‘tkazadi. Politsiya xodimlarini «Parfenion», «Maxaon» va «Rilend» kompaniyalari faoliyati qiziqtirardi.

Ko‘p o‘tmay investitsiya fondiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan Firestone Duncan konsalting firmasida ham tintuv o‘tkaziladi. Politsiya xodimlari bu yerdan fond tarkibidagi uch kompaniyaga tegishli barcha hujjatlarni olib ketishadi.

Fond rahbari Uilyam Brauder jinoyatchilar fondni shu yo‘l bilan tortib olishga urinayotganini aytib chiqadi.

Ko‘p o‘tmay «Parfenion», «Maxaon» va «Rilend» kompaniyalari Hermitage Capital Management tarkibidan yo‘qolib qoladi va Qozon shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «Pluton» OAJ tarkibida paydo bo‘ladi. 2007 yil kuzga kelib bu kompaniyalarning soliq idoralarida ro‘yxatdan o‘tgan manzillari ham o‘zgaradi.

Tabiiyki Firestone Duncan konsalting kompaniyasi o‘z mijozi bo‘lgan fond atrofida sodir bo‘layotgan ishlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkaza boshlaydi. Surishtiruvlar davomida Firestone Duncan’ning bir guruh xodimlari – Edurad Xayretdinov, Vladimir Pastuxov, Jyeyms Fayyerstoun va Sergey Magnitskiy fond tarkibiga kiruvchi bir qancha kompaniyalar soliq organlari rahbarlari bilan til biriktirgan holda juda katta miqdordagi soliqdan qochish uchun uning tarkibida bo‘lgan kompaniyalarni boshqa kompaniya tarkibiga o‘tkazganini aniqlashadi.

Ular shu yo‘l bilan soliq organlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 5,4 milliard rubl (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha qariyb 200 million dollar bo‘ladi) miqdoridagi pullarni o‘zlashtirgani aniqlanadi. Surishtiruvlar jarayonida Sergey Magnitskiy asosiy rolda edi.

Shundan so‘ng Magnitskiyning boshida qora bulutlar aylana boshlaydi.  Soliq organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar shu yo‘l bilan o‘z ayblarini yashirib ommani chalg‘itishni maqsad qilishadi.

2008 yil 24 noyabr kuni Sergey Magnitskiy Hermitage Capital Management fondi rahbari Uilyam Brauderga soliqlardan qochishda yordam berganlikda ayblanib, Moskva shahar IIB soliq jinoyatlariga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Shu kuni Rossiya prokuraturasi qoshidagi tergov qo‘mitasi Magnitskiyga Hermitage Capital Management fondiga nisbatan ochilgan ish doirasida soliqlardan qochish bo‘yicha ayblov e’lon qiladi.

11 oy davom etgan tergovdan so‘ng 2009 yil 16 noyabr kuni Magnitskiy Moskvadagi tergov hibsxonasida shubhali tarzda vafot etadi. O‘sha yili 30 noyabr kuni unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi vafoti munosabati bilan harakatdan to‘xtatiladi.

Magnitskiy Hermitage Capital Management fondi tarkibidagi kompaniyalar juda katta miqdordagi soliqdan qochish uchun soliq idorasi rahbarlariga va yuqori lavozimli IIB xodimlariga pora bergani haqida ko‘rsatma beradi. Biroq uning bu ko‘rsatmalariga ko‘z yumiladi.

Hibsga olishgandan so‘ng Magnitskiy o‘zini «garovga olingan odam» deb ataydi. Chunki uni aynan o‘zi fosh qilgan amaldorlar hibsga olgan va uning ovozini o‘chirishga urinishayotgandi.

Magnitskiy vafot etganidan so‘ng hibsxona ma’muriyati avvaliga u pankreonekrozdan vafot etganini aytib chiqadi. Biroz o‘tib ular o‘z ma’lumotlarini o‘zgartiradi va Magnitskiy o‘tkir yurak yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Magnitskiyning yaqinlari tomonidan uni takror sud-tibbiyot tekshiruvidan o‘tkazish haqidagi iltimosnoma rad etiladi.

Keyinchalik hibsxona shifokorlari tomonidan Magnitskiyning o‘limi bo‘yicha tuzilgan aktda u yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etgani qayd etilgani oydinlashadi.

O‘shanda Magnitskiyning tashxis qog‘ozida u orqa miya jarohati tufayli vafot etgani ham ko‘rsatilgandi. Biroq 2011 yilda hibsxona shifoxonasi tomonidan sudga taqdim etilgan aktda Magnitskiyning o‘limiga orqa miya jarohati sabab bo‘lgani haqidagi qaydlar yo‘q bo‘lib qolgandi.

Advokatlarning tasdiqlashicha, Magnitskiy hibsdaligida qiynoqqa solingan va oqibatda turli tan jarohatlari olgan. O‘z vaqtida tibbiy muolaja ko‘rsatilmagani uchun vafot etgan.

Magnitskiyning o‘limi Rossiyada juda katta shov-shuv keltirib chiqaradi. Inson huquqlarini himoya qilish faollari o‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lib turgan Dmitriy Medvedevdan Magnitskiyning o‘limi bilan bog‘liq ishni nazoratga olish va taftish qilishni so‘rashadi.

2009 yil 24 noyabr kuni Rossiya bosh prokuraturasi o‘z ishiga sovuqqonlik va vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani vajlari bo‘yicha tergov hibsxonasi mutasaddilariga jinoyat ishi qo‘zg‘atadi.

Oradan biroz o‘tib Magnitskiyning o‘limi yuzasidan inson huquqlari bo‘yicha turli xalqaro tashkilotlar, shuningdek britaniyalik huquqshunoslar va AQSh senatorlari chiqishlar qilishadi. Ular Rossiya hukumatidan Magnitskiyning o‘limiga daxldor shaxslarga munosib jazo berilishini so‘rashadi.

Biroq Rossiyada Magnitskiyning o‘limi yuzasidan biror kishi jiddiy jazo olmaydi. Shundan so‘ng AQShda «Magnitskiy qonuni» ishlab chiqiladi. Bu qonunda nafaqat Magnitskiyning o‘limi bo‘yicha aybdorlarga, shuningdek, korrupsion ishlarga aralashgan yoki inson huquqlari buzilishiga sababchi bo‘lgan boshqa shaxslarga ham sanksiyalar joriy qilish nazarda tutilgandi.

«Magnitskiy qonuni»

2010 yil AQSh senati a’zosi Benjamin Kardin AQSh Davlat kotibi Hillari Klintondan Magnitskiyning o‘limiga aloqador bo‘lgan 60 nafar rossiyalik amaldorlarning AQShga kirishini taqiqlashni so‘raydi.

2010 yil sentabrda AQSh Kongressi Kardinning taklifini qo‘llab-quvvatlab ovoz beradi. O‘sha yili 16 dekabr kuni Yevroparlament ham 61 nafar rossiyalik amaldor Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlash va ularning pullarini muzlatish bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qiladi.

Rezolyutsiya bandlarini bajarish YeIga a’zo bo‘lgan davlatlarga majburiy emas, tavsiya ko‘rinishida bo‘ladi. Kimdir unga amal qiladi, boshqalari esa yo‘q.

AQShdagi ro‘yxatda 60 nafar amaldor kiritilgan bo‘lsa, YeI ro‘yxatida o‘sha 60 kishi yoniga Magnitskiy ishi bo‘yicha nohaq hukm chiqargan sudya Artur Karpov ham qo‘shiladi.

2012 yilda AQSh Davlat departamenti Magnitskiy o‘limiga aloqador 60 nafar rossiyalik amaldorning AQShga kirishi taqiqlanganini e’lon qiladi.

Keyinchalik rossiyaliklarning dastlabki ro‘yxatini Boris Nemsov va Vladimir Kara-Murza tuzib bergani oydinlashadi.

Rossiyalik taniqli muxolifatchi Boris Nemsov Magnitskiyning o‘limi bilan bog‘liq hodisani adolatli taftish qilishni talab qilib o‘tkazgan piket.

Ko‘p o‘tmay AQShda dunyoning turli davlatlarida yirik korrupsion ishlarga aralashgan va inson huquqlari poymol qilinishiga sabab bo‘lgan shaxslarning Amerikaga kirishini taqiqlovchi qonunga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ladi.

2012 yil AQSh Kongressi tashqi ishlar qo‘mitasi «Magnitskiy qonuni» nomini olgan qonun loyihasini e’lon qiladi. 2012 yil 16 noyabr kuni ushbu qonun Kongressning quyi palatasida, 2012 yil 6 dekabr kuni Senat tomonidan tasdiqlanadi. 2012 yil 14 dekabr kuni esa prezident Barak Obama tomonidan imzolanadi va u kuchga kiradi.

Bu qonunda AQSh moliya vazirligiga xorijiy davlatlar fuqarolari bo‘lgan jinoyatchilar va korrupsionerlarga mustaqil ravishda sanksiyalar joriy qilish imkoniyati beriladi. Shundan so‘ng bir necha yil davomida «Magnitskiy ro‘yxati»ga sobiq ittifoq respublikalari fuqarolari ham kiritib boriladi.

Keyinchalik, «Magnitskiy qonuni»ga o‘xshash qonunlar boshqa davlatlar tomonidan ham qabul qilinadi. Jumladan, 2016 yil 6 dekabrda Estoniyada, 2017 yil 19 oktyabrda Kanadada, 2017 yil 21 fevralda Britaniyada, 2017 yil 25 oktyabrda Litvada, 2018 yil 8 fevralda Latviyada.

«Magnitskiy qonuni»ning Rossiyadagi aks-sadosi

2012 yil 6 noyabr kuni, bu vaqtda prezidentlikka qaytgan Vladimir Putin Rossiya mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovni iste’foga chiqaradi. O‘shanda bu qaror Serdyukov mudofaa ishlarini to‘g‘ri tashkil eta olmagani bilan bog‘liq bo‘lgani aytiladi.

Anatoliy Serdyukov

Biroq «Novaya gazeta» nashri Serdyukov AQSh moliya vazirligi tomonidan «Magnitskiy ro‘yxati»ga kiritilgani uchun ishdan bo‘shatilganini yozib chiqadi.

Gap shundaki, Serdyukov soliqchilar turli kompaniyalar bilan yashirincha kelishib budjet pulini o‘zlashtirgan va oqibatda «Magnitskiy ishi» ochilgan 2004-2007 yillarda Rossiya federal soliq xizmati rahbari bo‘lgandi.

Bundan tashqari, «Magnitskiy qonuni» kuchga kirganidan so‘ng Rossiya hukumati bu qonun Rossiyaning G‘arb bilan o‘zaro aloqalariga putur yetkazishini ma’lum qiladi. Jumladan, bosh vazir Dmitriy Medvedev AQShda qabul qilingan qonunga munosib javob berilishini aytib chiqadi.

Shundan so‘ng bir muddat AQShdan keltirilayotgan turli mahsulotlarning Rossiyaga kiritilishi byurokratik to‘siqlar orqali qiyinlashtirib qo‘yiladi.

Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Magnitskiy qonuni» haqida gapira turib, xuddi shunday qonun Rossiyada ham qabul qilinishini aytadi.

Rossiya hukumatidagilar esa «Ular (ya’ni amerikaliklar) o‘z ro‘yxatiga necha kishini kiritsa, biz ham shunday qilamiz va AQSh fuqarolaridan o‘shancha odamning Rossiyaga kirishini taqiqlab qo‘yamiz. Agar ro‘yxatni kengaytirishsa, biz ham kengaytiramiz» deb chiqishadi.

2012 yilda Rossiyada «Magnitskiy qonuni»ga qarshi qonun ishlab chiqiladi. 14 dekabr kuni qonun loyihasi Davlat dumasi tasdig‘idan o‘tadi, 28 dekabr kuni qonun Putin tomonidan imzolanadi va kuchga kiradi.

«Magnitskiy ro‘yxati» kengayishi

2012 yilda amerikaliklar «Magnitskiy ro‘yxati»ga dastlab 60 nafar rossiyalik amaldorni kiritgan bo‘lsa, 2013 yilda AQSh moliya vazirligi ro‘yxatga Rossiya va Ukraina fuqarolari bo‘lgan yana 18 kishini kiritadi. Ular orasida Rossiya bosh prokuraturasi, ichki ishlar vazirligi va soliq xizmatining yuqori lavozimli shaxslari hamda qamoqxonalar boshliqlari, taniqli sudyalar bor edi.

Keyinchalik har yili ro‘yxatga yangidan yangi odamlar qo‘shilib, u kengayib beraveradi.

2016 yilda AQSh Kongressi «Magnitskiy qonuni»ni kengaytirish haqidagi qonun loyihasini e’lon qiladi. Yangi qonunda «Magnitskiy ro‘yxati»ga nafaqat sobiq ittifoq respublikalari, shuningdek, dunyoning boshqa davlatlari fuqarolarini ham kiritish nazarda tutilgandi.

«Butunjahon Magnitskiy qonuni» deb nomlangan yangi qonun 2016 yil 24 dekabr kuni Barak Obama tomonidan imzolanadi va kuchga kiradi. O‘shandan buyon AQSh moliya vazirligi dunyoning turli davlatlarida korrupsion jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan shaxslarni ro‘yxatga kiritib kelmoqda.

Bu ro‘yxatdan o‘rin olgan shaxslarning AQShga kirishi taqiqlanadi. Shuningdek, ularning Amerika banklaridagi pullari muzlatiladi.

«Magnitskiy ro‘yxati»da o‘zbekistonliklar ham bormi?

2017 yil 21 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan yangi ro‘yxatni tasdiqlash haqidagi qarorni imzolaydi.

Unga ko‘ra, «Magnitskiy ro‘yxati»ga Gulnora Karimova va G‘afur Rahimov ham kiritilgan. O‘sha paytda AQSh moliya vazirligi saytida «Gulnora Karimova biznes faoliyatini rivojlantirish uchun davlat mulkini talon-toroj qilishda, kuchli uyushgan jinoyatchilik guruhini boshqarish, bozor monopoliyasini yaratish, poraxo‘rlik va bosqinchilikda ayblangani» yozilgan edi.

TASS agentligiga ko‘ra, o‘shanda «Magnitskiy ro‘yxati»ga G‘afur Rahimov bilan birga rossiyalik 9 nafar kriminal avtoritet deb talqin qilinadigan shaxslar – Yuriy Pichugin, Ruben Tatulyan, Olimjon To‘xtaoxunov, Vladimir Tyurin, Zaxariy Kalashov, Vasiliy Xristoforov, Qamchibek Kolbayev, Lasha Shushanashvili va Vladislav Leontev ham kiritilgan.

«Moliya vazirligi «qonundagi o‘g‘rilar»ni «sobiq sovet ittifoqi, Yevropa va Qo‘shma Shtatlarga tarqalib ketgan keng qamrovli jinoiy tashkilot» deb xarakterlaydi. Ular jumladan, «pul mablag‘larini yuvish, tovlamachilik, pora berib og‘dirish, bosqinchilik bilan shug‘ullanadi», deyiladi vazirlik hisobotida. Chunonchi, AQSh hududida «qonundagi o‘g‘rilar» tomonidan yo‘naltiriluvchi jinoiy xatti-harakatlarga Amerika huquq-tartibot organlari tomonidan katta e’tibor qaratiladi.

«Birgina joriy yilning o‘zida AQShning vakolatli organlari yigirmadan oshiq kishiga, jumladan, «qonundagi o‘g‘rilar»ga zo‘ravonlik ishlatilgan jinoyatlar, firibgarlik, o‘g‘irlangan tovarlarni ayriboshlash uchun ayblov e’lon qilgan», deb yozgan edi AQSh moliya vazirligi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid