Jahon | 14:36 / 27.04.2023
8862
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qora dengiz floti kemalari Mikolayivga raketa zarbalari berdi

27 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Mikolayivni o‘qqa tutdi, shaharga 4 ta «Kalibr» raketalari otildi, deb xabar berdi shahar rahbari Aleksandr Senkevich. 

Dekabr oxiridan beri Mikolayivda bunday hujumlar bo‘lmagan, dedi u OAV efirida. 

Senkevichning so‘zlariga ko‘ra, raketalar turar joy binolariga tushgan, zarba berilgan joy yaqinida harbiy obektlar yo‘q, hozirda shaharda ham harbiylar deyarli qolmagan. 

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raketa hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lgan, 23 kishi, jumladan bir bola jarohatlangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Kalibr» raketalari Qora dengizdan uchirilganini, «yuqori aniqlikdagi qurollar xususiy uylar, tarixiy bino va ko‘p qavatli binoga qaratilgan»ini aytdi. 

«Bosqinchi davlat bu urushning asosiy maqsadi terror va ukrainaliklarni yo‘q qilish ekanligini isbotlashdan to‘xtamayapti», deya ma’lum qildi u Telegram’da. 

U «insoniyatga qarshi navbatdagi jinoyat» sodir etganlar javobgarlikka tortilishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid