Piyonistalar qudrati: SSSRni parokanda qilgan “suxoy zakon”
Xalq tilida “turg‘unlik davri” deya ataluvchi zamon yakunlanib borayotgan bir paytda, bundan 38 yil avval sobiq ittifoqda jiddiy qaror qabul qilindi: Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasi alkogolizmga qarshi qat’iy kurashni e’lon qildi.
1985 yil 7 may kuni Mixail Gorbachyov boshchiligidagi partiya Markaziy kengashi va Ministrlar kengashi “Ichkilikbozlik, alkogolizm va samogon tayyorlashga qarshi chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi.
Nega bunday islohot amalga oshirildi?
Ta’kidlash joizki, 80-yillarning o‘rtalariga kelib, ittifoqda hayot ancha og‘irlasha boshlagan, buning ustiga aholi orasida ichkilikbozlik keskin kuchayib ketgandi. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, 60-yillarda bir fuqaro boshiga 4,6 litr alkogol to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 80-yillarda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ko‘proqqa oshib, 10,6 litrga yetdi. Mos ravishda boshqa davlatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak bu ko‘rsatkich, Shvetsiyada 5,2 litr, Finlandiyada 6,6 litr va Buyuk Britaniyada 7,2 litrni tashkil etgan. Leonid Brejnev davriga kelib o‘limlarning qariyb 32 foizi u yoki bu tarzda ichkilikbozlik bilan bog‘liq edi.
Iqtisodiyotdagi depsinish, ishlab chiqarish quvvatlarining pasayishi, ijtimoiy hayotdagi tushkunlik ham bunga sabab bo‘ldi.
Umrining oxirida gapini eplab gapira olmay qolgan Brejnev va ikki og‘ir kasal rahbarlar – Andropov va Chernenkoning tezkor o‘limidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan yosh, hushyor Mixail Gorbachyov bir qator islohotlarni boshladi. Ulardan biri – ichkilikbozlikka qarshi kurash edi. Gorbachyovni Markaziy qo‘mita siyosiy byurosi a’zolari Mixail Solomensev va Yegor Ligachevlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Butun ittifoq bo‘ylab kuchli kampaniya boshlandi, Qrim yarimorolidagi uzumzorlarning qariyb 40 foizi tag-tugi bilan yo‘q qilindi yoki yoqib yuborildi, do‘konlarda faqat ma’lum vaqtlardagina ichkilik sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Qonunga bo‘ysunmaganlarning maoshi kesildi, hatto partiyadan o‘chirish holatlari ham bo‘ldi. Hatto ichkiliksiz to‘ylar targ‘ib qilindi, filmlardan alkogol bor sahnasi qirqib tashlandi. Aroq narxi 45 foizga qimmatlab ketdi.
Spirtli ichimlik faqat maxsus belgilangan do‘konlarda sotilishi belgilandi, ushbu magazinlarda turnaqator navbatlar yuzaga keldi. Hozir hazil aralash eslanadigan “choynakka solib olib kelish” iborasi aynan o‘sha davrda tug‘ilganini ta’kidlash kerak.
Butun ittifoq bo‘ylab aroq uchun tartibsizliklar boshlandi. Aroq sotiladigan do‘konlar oldida odamlar haqiqiy yovvoyiga aylanib ketishardi. Norozilik asta-sekin siyosiy tus ola boshladi.
Bu birinchisi emasdi
SSSRda bu ijtimoiy ofatga qarshi kurash faqat 1985 yildagina boshlanmagan. Dastlabki kurash “dohiy” Lenin davriga borib taqaladi. O‘shanda ichkilikbozlik “Chor Rossiyasidan qolgan chirkin odat”lardan biri sifatida baholangan.
Stalin boshqaruvi davrida, aniqrog‘i 1929 yilda ikkinchi katta kampaniya boshlangan. Natijada Moskva va Leningrad shaharlarida joylashgan yirik pivo zavodlari yopilgan.
1958 va 1972 yillardagi kurash biroz yumshoqroq tartibda o‘tgan deya olamiz. Bu davrlardagi islohotlarda alkogol ishlab chiqarishga keskin zarba berilmagan, faqat kuchli spirtli ichimlik o‘rniga vino, pivo kabi ichimliklar ishlab chiqarish ko‘paygan, jamoat joylarida ichkilik iste’mol qilish nazoratga olingan. Mashhur rejissyor Leonid Gaydayning “Samogonchilar” filmi ham ana shu davrdagi holatga bag‘ishlanadi.
Bundan tashqari, 1985 yilgi kampaniya haqida juda ko‘p latifalar to‘qilgan, jumladan amaldagi rahbar (rus tilida "Generalniy sekretar”) Gorbachyovga “Mineralniy sekretar” deya laqab ham qo‘yilgan.
Shu o‘rinda aytish lozimki, Mixail Gorbachyovning o‘zi ham alkogoldan juda uzoqda yurgan shaxs bo‘lmagani aytiladi. Zamondoshlarning eslashicha, Gorbachyov bizning tilda aytganda “haddini bilgan”. SSSRning so‘nggi rahbari konyakni xush ko‘rgan, rasmiy tadbir va ziyofatlardagina ichkilik ichish bilan cheklangan.
Afsuski, bolsheviklarning ichkilikbozlikka qarshi kurashi har doim muvaffaqiyatsizlikka yuz tutaverdi, oxirgi urinishdan bir necha yil o‘tib ittifoqning o‘zi parchalanib ketdi.
Kampaniya SSSRga foyda keltirgan
Naqadar omadsiz yakunlangan bo‘lmasin, “quruq” kampaniyaning sobiq ittifoq ijtimoiy holatiga ijobiy ta’siri ham bo‘lgan. Bularning eng asosiysi o‘limning kamayishi va tug‘ilishning oshishi edi.
Kampaniya davomida SSSRda qariyb 5,5 million chaqaloq dunyoga kelgan. Tug‘ilish miqdori bir yilda 500 ming kishigacha oshdi, erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 2,6 yoshgacha uzaydi.
Lekin shu bilan bir vaqtda giyohvandlik darajasi 2,5 baravarga oshganini ta’kidlash kerak. Moldova va Ukraina kabi ittifoqdosh respublikalar o‘z milliy daromadining 20 foizigacha bo‘lgan qismini yo‘qotdi, hududdagi minglab gektar uzumzorlar yo‘qotildi. Chayqovchilik kuchaydi, samogon tayyorlashda ishlatiladigan shakar keskin qimmatladi, hatto uni do‘konlardan topish qiyin bo‘lib qoldi.
Rossiya SSSRning “munosib vorisi”
Sobiq ittifoq vorisligini da’vo qiluvchi Rossiya federatsiyasida ham alkogolizm o‘tkir muammo sanaladi.
Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ichkilikbozlikdan aziyat chekayotganlar 1,2 mln kishidan oshadi. Ochiq manbalarda Rossiya aholisining qariyb 70 foizi umri davomida bir marta bo‘lsa ham spirtli ichimliklarni iste’mol qilib ko‘rgani keltiriladi. Jumladan, qishloq joylarda alkogolga qaramlik so‘nggi vaqtlarda 7 foizga oshgan.
E’tibor berilsa, alkogolizmga qarshi “ruscha kurash” har doim ham bir xil natija – kampaniyadan so‘ng yanada kuchliroq piyonistalik bilan yakuniga yetgani ko‘rinadi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
11:39
G‘ilay Lenin – SSSRda 10 rubllik pullarni soxtalashtirgan shaxs qanday fosh bo‘lgandi?
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024