Jahon | 23:41 / 12.05.2023
21101
5 daqiqa o‘qiladi

Qilichdoro‘g‘li Rossiyaning saylovoldi fitnalariga «dalillar» borligini aytdi 

«Agar bizda aniq dalillar bo‘lmaganida, men buni yozmagan bo‘lardim», dedi u. 

Turkiya «Respublika xalq partiyasi» rahbari, muxolifatdagi «Xalq koalitsiyasi»dan prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li Rossiyaning saylovoldi fitnalarini uyushtirganiga aniq «dalillari» borligini aytdi. 

11 may kuni u Rossiya hukumatiga rus tilida murojaat qilib, saylov jarayoniga noqonuniy aralashganlikda ayblagan edi. 

«Turkiyada fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlari ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham do‘stligimizni davom ettirmoqchi bo‘lsangiz, Turk davlatidan qo‘lingizni torting. Biz hamon hamkorlik va do‘stlik tarafdorimiz», deb yozgan edi u Twitter sahifasida. 

«Agar bizda aniq dalillar bo‘lmaganida, men buni yozmagan bo‘lardim», dedi u Reuters agentligiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya bu borada Rossiyaning Turkiyadagi elchixonasiga murojaat qilmagan. 

«Biz boshqa davlatning Turkiyadagi siyosiy partiya manfaatini ko‘zlab, saylov jarayoniga aralashishini qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Men bu haqda butun dunyo bilishini istardim, shu tufayli buni ochiq e’lon qildim», dedi u. Qilichdoro‘g‘li Rossiya qaysi partiya manfaatini ko‘zlaganiga aniqlik kiritmadi. 

Qilichdoro‘g‘lining izohlari Rossiya rasmiylarining izohlaridan oldin yangradi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Qilichdoro‘g‘liga bunday ma’lumot bergan odamlarni yolg‘onchi ekanini va Rossiya Turkiya bilan aloqalarini juda qadrlashini aytdi. 

Qilichdoro‘g‘li Turkiyaning Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega ekanini ta’kidlab, tashqi siyosatda va Moskva bilan munosabatlarda yaxshi muvozanatga erishishiga ishora qildi. 

«Biz munosabatlarimizni saqlab qolmoqchimiz, do‘stona munosabatlarimizni buzmoqchi emasmiz, lekin ichki ishlarimizga aralashishga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi u. 

Shuningdek, Qilichdoro‘g‘li 14 may kuni saylovda g‘alaba qozonsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasida yana bir tinchlik tashabbusi uchun harakat qilishini aytdi. 

«Agar biz Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erisha olsak, bu biz va butun dunyo uchun juda muhim. Lekin shuni aytishim kerakki, hech bir davlat boshqa davlatni bosib olishi to‘g‘ri emas, deb hisoblaymiz», dedi u. 

Agar prezident etib saylansa, NATO kengayishini qo‘llab-quvvatlaysizmi, degan savolga «albatta», deb javob qaytardi. 

«NATO nafaqat XX asr harbiy tashkiloti, balki demokratiyani himoya qiluvchi tashkilotdir. Biz NATO bilan munosabatlarimizni o‘tmishdagidek davom ettiramiz», deb qo‘shimcha qildi Qilichdoro‘g‘li. 

Shu bilan birga Qilichdoro‘g‘li, Erdo‘g‘anning hukmron «Adolat va taraqqiyot partiyasi» rahbari sifatidagi xatosini ham aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi prezident Turkiya tashqi ishlar vazirligini siyosat yuritish jarayonidan chetga surib tashlagan. 

«Turkiyaning milliy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda tinchlikparvar tashqi siyosatni olib boramiz. Bizning ustuvorligimiz milliy manfaatlarimiz va zamonaviy dunyoga mos ravishda harakat qilishdir», deb qo‘shimcha qildi Qilichdoro‘g‘li. 

Qilichdoro‘g‘li «Respublika xalq partiyasi»ni (mamlakatdagi eng qadimgi va Erdo‘g‘an blokidan keyin parlamentdagi ikkinchi eng katta partiya) boshqaradi. Uning nomzodi 6 ta partiyadan iborat «Xalq koalitsiyasi» tomonidan ko‘rsatilgan. 

Sotsiologlarning qayd etishicha, Turkiyadagi prezidentlik saylovida uch nomzod ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ulardan faqat ikki nafari – Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozonish uchun real imkoniyatga ega. 

Mavzuga oid