Jahon | 13:41 / 18.05.2023
7447
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning besh hududida muxolifatchilar turar joylari tintuv qilinmoqda

Xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva davlat universiteti dotsenti Mixail Lobanovning kvartirasi eshigini buzib kirishdi. Telegram-kanallar ma’lumotlariga ko‘ra, «Yabloko» a’zolari Galina Filchenko va Nodari Xananashvilining uylarida ham tintuvlar o‘tkazilgan.

Foto: daytimenews

Rossiyaning besh viloyatida muxolif siyosatchilarning uyi tintuv qilinmoqda. Bu haqda 18 may, payshanba kuni ertalab bir nechta rus tilidagi Telegram-kanallar xabar berdi. 

«OVD-Info» Telegram-kanali yozishicha, Moskvada xavfsizlik kuchlari Rossiya Davlat dumasi deputatligiga sobiq nomzod, Moskva davlat universiteti dotsenti Mixail Lobanovning oldiga kelishdi. «U eshikni buzib kirishayotganini yozgan, keyin esa aloqa uzilgan», deb ta’kidlaydi huquq himoyachilari. Ular advokat Tatyana Okushkoni Lobanovning yoniga yuborishdi. 

«112» Telegram-kanalida niqob kiygan xavfsizlik kuchlari Lobanovning kvartirasidagi eshikni «Yerga yotinglar!» degan so‘zlar bilan buzib kirishi aks etgan videoni e’lon qildi. 

Ba’zi Telegram-kanallar tintuvlar Lobanovning go‘yoki «Xalq deputatlari qurultoyi»da ishtirok etgani va boshqa muxolifatchi siyosatchi Ilya Ponomarevning ittifoqchisi ekanligi bilan bog‘liqligi haqida ma’lumot tarqatdi. Shu bilan birga, «Mixail Lobanov» Telegram-kanalida siyosatchining «Xalq deputatlari qurultoyi» tashkilotchisi Ilya Ponomarev bilan tanish emasligi va u bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi ta’kidlangan bayonot paydo bo‘ldi. 

«Mixail siyosiy faoliyati va ochiq pozitsiyasi uchun ta’qib qilinmoqda. Uning Ilya Ponomarev va uning loyihalariga hech qanday aloqasi yo‘q», - deya ta’kidladi Lobanovning tarafdorlari. Ilya Ponomarevning o‘zi SOTA Telegram-kanaliga Lobanovni tanimasligini aytdi. 

«112» Telegram-kanalining xabar berishicha, «Yabloko» partiyasi a’zolari Galina Filchenko (Kemerovo viloyati) va Nodari Xananashvilining (Moskva) uylarida ham tintuvlar o‘tkazilgan. «Kommersant» gazetasining RT’ga tayanib yozishicha, xavfsizlik kuchlari Peterburgdagi «Ladoga.ru» nashri bosh muharriri Aleksandr Kalininning ham oldiga kelgan. 

Mavzuga oid