O‘zbekiston | 11:57 / 22.05.2023
4555
2 daqiqa o‘qiladi

Budapeshtda O‘zbekiston-Vengriya rektorlari forumi bo‘lib o‘tdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komil Karimov boshchiligidagi mamlakatimiz  delegatsiyasi Budapeshtda bo‘lib o‘tgan ikkinchi O‘zbekiston-Vengriya rektorlari forumida ishtirok etdi.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, anjuman doirasida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari va chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, kadrlar tayyorlash va qo‘shma innovatsion dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Vengriya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan istiqbolli ta’lim va ilmiy loyihalar taqdim etildi.

Muzokaralar natijasida mashinasozlik, mexatronika, robototexnika, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda 30 dan ortiq memorandum va bitimlar imzolandi hamda kadrlarni birgalikda tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hujjatlar almashildi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Vengriyaning qator universitetlari, shuningdek, Tashqi ishlar va savdo, Madaniyat va innovatsiyalar vazirliklarida alohida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasida Vengriyada  aksariyati  «Xungarikum stipendiyasi»  ta’lim granti asosida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid