Jahon | 11:58 / 10.06.2023
8144
2 daqiqa o‘qiladi

Boris Jonson deputatlik lavozimini tark etdi

Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Jamoatlar palatasini tark etdi. U pandemiya davrida Dauning-stritdagi ziyofatlarga oid tergov natijalarini olgach, shunday qarorga keldi.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson 9 iyun, juma kuni kutilmaganda, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq ravishda joriy etilgan lokdaun paytida noqonuniy ziyofatlar bilan bog‘liq mojaro fonida Britaniya Jamoatlar palatasi a’zoligidan iste’foga chiqdi.

Iste’foga chiqish maktubida Jonson Jamoatlar palatasi qo‘mitasidan Britaniya qonun chiqaruvchilariga kovidga qarshi cheklovlarni buzgan holda Dauning-stritda ziyofatlar o‘tkazgani to‘g‘risida yolg‘on gapirganmi yoki yo‘qmi, shu masala tekshirilgani haqida xatni olganidan keyin "hayron bo‘lgani va dahshatga tushganini" aytdi. Bu maktubda "meni hayratda qoldirgan narsa - ular parlamentdan chiqarib yuborish uchun menga qarshi sud jarayonlaridan foydalanishga qaror qilishgan", dedi u.

Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, parlament qo‘mitasining hali e’lon qilinmagan hisoboti "noaniqliklarga to‘la", ammo "ularning bema’ni va adolatsiz jarayoni doirasida" u hech narsaga e’tiroz bildirishga imkoni yo‘q. "Ular hanuzgacha men qasddan yoki beparvolik bilan Jamoatlar palatasini chalg‘itganim haqida zarracha dalil keltirishmadi", deya qo‘shimcha qildi u. Mart oyida qo‘mitaga bergan ko‘rsatmasida Jonson parlamentni chalg‘itganini tan oldi, ammo buni qasddan qilganini rad etgandi.

O‘tgan yozda bosh vazirlikdan ketganidan so‘ng, Jonson uzoq yillar davomida jamoat palatasida vakillik qilgan London saylov okruglaridan birining deputati bo‘lib qoldi. “Bugun men Aksbrij va Janubiy Rayslipdagi assotsiatsiyaga zudlik bilan iste’foga chiqishimni va qo‘shimcha saylov o‘tkazishni boshlashimni ma’lum qilish uchun xat yozdim”, dedi siyosatchi o‘z bayonotida.

Mavzuga oid