Jahon | 11:34 / 26.06.2023
22311
2 daqiqa o‘qiladi

Shoyguni isyondan beri ilk marta ko‘rsatishdi

Uning ishtirokidagi video qachon olingani noma’lum.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu mamlakatda «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin isyon ko‘targanidan keyin ilk marta ko‘rinish berdi. Rossiya mudofaa vazirligi Shoygu «maxsus harbiy amaliyot»da qatnashayotgan g‘arbiy harbiy guruhlardan birining faoliyati bilan tanishgani aytilgan post e’lon qildi va unga Shoyguning vertolyotda yurgani tasvirlangan videoni ilova qildi.

Shoyguga «G‘arb» okrugi komandiri Yevgeniy Nikiforov hisobot bergan. Shoygu okrug rahbariyati ishtirokida yig‘ilish ham o‘tkazgan.

Bu Shoyguning Rossiyada 23-24 iyun kunlaridagi harbiy isyondan keyin ilk marta ko‘rinish berishi bo‘ldi. Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi vagnerchilar Rostov oblastidan harakatlanishni boshlab deyarli hech qanday qarshiliksiz Moskvaga yaqinlashgandi. Poytaxtga kirishga 200 km qolganida esa Prigojin Aleksandr Lukashenko vositachiligida o‘tkazilgan muzokaradan keyin qo‘shinlarini ortga qaytarishini e’lon qildi.

Harbiy isyondan maqsad, uning rahbari Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni qo‘lga olib, jazolash bo‘lgan.

Rossiyada Shoygu ishtirokidagi video eski bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Rossiyada mashhur bo‘lgan «Rybar» harbiy Telegram-kanalining yozishicha, mudofaa vazirligi Shoyguning «G‘arb» okrugiga tashrifi haqida tarqatgan video isyondan avval yozib olingan bo‘lishi mumkin. Kanaldagi postda yozilishicha, bir nechta manbadan shunday ma’lumot kelgan.

Shuningdek, Boris Rojin muallifligidagi Colonelcassad kanalida e’lon qilingan post ham Shoygu videodagi safarini isyondan avval amalga oshirganiga ishoraligi aytilgan. 23 iyun kuni tushda e’lon qilingan o‘sha postda Shoygu Belgorod oblastiga qo‘shinlar va pozitsiyalarni tekshirish uchun borgani yozilgan.

Mavzuga oid