Sport | 16:24 / 19.07.2023
23345
9 daqiqa o‘qiladi

Futbolga berilgan imtiyozlar qanday ishlashi kerak?

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

Prezident qarori bilan Soliq kodeksining 483-moddasiga (vaqtinchalik imtiyozlar) qo‘shimcha kiritildi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, «O‘zbekiston professional futbol ligasi» jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari:

  • barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno);
  • o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini;
  • O‘zbekistonga olib kiriladigan, O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari, translatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, inventar va texnika, farmakologiya tovarlari, sport oziq-ovqatlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelimlar va maxsus professional sport kiyim-boshlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamaydi.

Ko‘pchilik tomonidan yangilik sifatida qabul qilinayotgan bo‘lsa-da, bu imtiyoz aslida avvaldan mavjud bo‘lib, oxirgisi 2018 yil 16 martdagi 3610-sonli prezident qarorining 10-bandiga ko‘ra ishlab kelayotgandi. Yangi qaror faqat imtiyoz muddatini 2026 yilgacha cho‘zdi, xolos.

Ha, yana bir o‘zgarish bor – yangi qarorda jalb etilgan chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda futbolchilar (chet ellik) ham qo‘shilgan, avvalgi qarorda faqat chet ellik mutaxassislar daromad solig‘idan ozod qilingandi.

Bundan tashqari, avvalgi qarorda har qanday yuridik korxonaning foyda solig‘ini hisoblashda futbol uchun sarflangan homiylik mablag‘lari umumiy foydaning 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ushbu soliqdan ozod qilinardi. Yangi qarorda bu qism ham olib tashlandi.

Bu mavzuda turli fikrlar bildirilmoqda. Umuman, futbolni rivojlantirish, futbolga munosabatning umumiy qoidasi bo‘lmaydi, arablar ko‘ngilxushlik uchun milliardlarni sarflashi, AQSh daromad manbayi sifatida qarab foyda olishga harakat qilishi, Yevropa esa butun dunyo kuzatadigan sport musobaqasiga aylantirib, millionlab pul aylantirishi mumkin. Yo‘llari ko‘p.

Aynan biz uchun qaysi yo‘nalish to‘g‘ri kelishi, aslida futbol uchun imtiyozlarni qo‘llash hashamatiga egamizmi, bu savollarni keyingi maqolaga qoldirib, boshqa jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman: futbol imtiyozlari o‘zi futbolga berilmoqdami? Futbolga qaratilgan imtiyozlar rostanam futbolga qaratilishi, bu qaror yordamida turli lazeykalar paydo bo‘lmasligi uchun nimalarga e’tibor berilishi kerak?

Yuqoridagi berilgan 3-band bo‘yicha e’tiroz yo‘q. Agar klub o‘z ehtiyoji uchun turli inventarlar, uskunalar, sport oziq-ovqatlari va hokazolar olib kelganida QQS to‘lashdan ozod qilinsa, rostan ham futbol klubiga yordam bo‘ladi. Bu yerda olib kelinadigan ushbu tovarlar sotish uchun emas, aynan klub ehtiyoji uchun bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish lozim. Buning uchun qandaydir chegaralar belgilanishi, aytaylik, sanalgan tovar turlarini olib kelib, sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar futbol klublari orqali import qilishiga yo‘l ochib bermaslik kerak.

2-band chet ellik ishlovchilarning daromad solig‘iga tegishli. Ha, klub bu holatda ularning maoshlarini shishirib, boshqa ishlovchilar maoshlari ulushini yuklagan holda imtiyoz summasini ko‘paytirishga urinishi mumkin.

Masalan, chet ellik A futbolchining maoshi 100 million so‘m, mahalliy B va S futbolchilar mos ravishda 60 va 50 million so‘m oladi deylik. Klub hisobchisi bo‘lsam nima qilaman? Chet ellik futbolchiga 200 million, mahalliy ikki futbolchiga 5 million so‘mdan maosh yoziladi va mahalliy futbolchi maoshining qolgan qismi chet ellik futbolchidan olib beriladi. Maoshlar to‘g‘ri ko‘rsatilganda, imtiyoz summasi 12 million, ikkinchi holatda 24 millionni tashkil qilmoqda. To‘lanadigan daromad solig‘i birinchi variantda 13,2 million, ikkinchisida 1,2 millionni tashkil qilyapti.

Bunday lazeykalarni chetlab o‘tish uchun maoshlar chegarasini joriy qilish shart. Busiz imtiyozning bu bandi ko‘zda tutilgandek ishlamaydi. Tizim shaklida ko‘p narsa allaqachon yo‘lga qo‘yilgan Yevropada ham maoshlarning yuqori chegarasi tizimi ishlaydi. Shuning uchun ham, masalan, Messining «Barselona» bilan yangi shartnoma tuzishi imkonsiz bo‘lib qoldi. U yerda klublar daromadi tushib ketishi va o‘zgarishsiz maoshlar natijasida og‘riqli oqibatlar paydo bo‘lishining oldini olish, klublarni inqirozdan saqlab qolish uchun bu tizim kiritilgan bo‘lsa, bizda berilgan imtiyozlardan «tuynuk» sifatida foydalanilishidan ehtiyot bo‘lishga to‘g‘ri keladi.  

Ko‘proq e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan qism 1-band bilan bog‘liqdir. Futbol klublari barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod etiladi.

Bu yerda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan muhim jihat bor. Futbol klublari futboldan tashqari ham faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin – ishlab chiqarish sexlari, ijaraga berish, hizmat ko‘rsatish va hokazo faoliyatlar bilan shug‘ullansa, bu yo‘nalishda olingan daromadlar ham soliqdan ozoddir. Bu nima degani?

Shu deganiki, mavjud tayyor tadbirkorlik faoliyatlarini futbol klubiga biriktirish orqali, kimdir bemalol biznesdagi soliq yukini kamaytira oladi. Yoki masalan, mol-mulk va yer solig‘iga tortilishi lozim bo‘lgan biror obekt futbol klubi balansiga o‘tkazilishi va ijara asosida avvalgi faoliyatida davom etaverishi mumkin. Bunday holatlar futbolni rivojlantirishga, imtiyoz berilgan sohani oyoqqa turishiga yordam beradimi? Yo‘q, albatta.

Taklifim shundan iboratki, xo‘p, agar futbol uchun imtiyozlar berilishi lozim ekan, bu aynan futbol daromadlariga qaratilishi kerak. Bir futbol klubi qanday shakldagi daromadlarni olishi mumkin?

  1. Chiptalar savdosi;
  2. Futbolchilarni transfer qilishdan daromadlar;
  3. Translatsiya huquqini sotish, reklama shartnomalari kabi daromadlar;
  4. Jamoaga tegishli turli atributkalar, futbol kiyimlari va hokazolarni sotish orqali daromad.

Foyda solig‘i bazasi hisoblanayotganda, faqat mana shu yo‘nalishdagi daromadlar chegirib tashlansin, boshqa daromadlar belgilangan shaklda soliqqa tortilaversin. Mol-mulk yo yer solig‘idan imtiyoz deyilganda, faqat klub balansidagi futbol stadioni, bazasi, mashg‘ulot maydonlari ushbu soliq bazasidan chegirib tashlansa-da, aytaylik, boshqa yo‘nalishdagi faoliyat olib boriladigan sex yoki klub ixtiyorida mavjud bo‘lib, boshqa tadbirkorlarga ijaraga berib qo‘ygan obektlar belgilangan shaklda soliqqa tortilaverishi kerak. Avvalgi qarorda mavjud bo‘lgan imtiyoz – yuridik shaxslarning futbolga berilgan homiylik mablag‘lari foyda solig‘idan ozod qilingani bu safar bekor qilinibdimi, demak, mantiqan olganda, futbol klublarining ham futboldan tashqari faoliyatdan olgan daromadi ham imtiyozdan tashqarida bo‘lishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Qisqacha aytganda, futbol klublariga vaqtincha soliqdan imtiyoz berishdan asosiy maqsad, uni moliyaviy tomondan rivojlantirish, kelajakda o‘zi oyoqqa tura oladigan sohaga aylantirish, aks holda imtiyozlar vaqtincha berilmasdi, to‘g‘rimi? Shunday ekan, futbolning taraqqiyoti deganda milliy jamoamiz jahon chempionatiga chiqishi, futbolchilarimiz Yevropa klublarida o‘ynay oladigan darajada o‘sishi emas, aynan futbol sohasidagi birlashma, tashkilotlarning moliyaviy tomondan o‘zini eplab, oqibatda, imtiyozlarga muhtoj bo‘lmaydigan darajaga kelishini tushunishimiz kerak. Bu holda asosiy urg‘u futbol klublarining aynan futbol faoliyati, gap soliqlar haqida ketar ekan, aynan futbol faoliyatidagi daromadlari, futbolga tegishli soliq obektlari e’tiborga olinishi mantiqan eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Aks holda, nafaqat futbolga berilgan imtiyoz nomaqsad yo‘nalishga ketib qolishi, balki, boshqa biznes sohalaridagi raqobatchilikka ham salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Bir korxona qonuniy shaklda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib, barcha soliqlarni to‘lasa-yu, boshqa bir tadbirkor aynan ushbu faoliyatni futbol klubi orqali amalga oshirib, imtiyozlarga ega bo‘lsa, buni futbolga berilgan imtiyoz deb baholash qiyin.

Shunday tuzatishlar, boshqacha aytganda, aniqlashtirishlar orqali, ham budjet tushumlari talafotini kamaytirish, ham futbol rivojlantirilishiga qaratilgan imtiyozlarning imkon qadar maqsadli qo‘llanishini ta’minlash mumkin.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid