Jamiyat | 20:58 / 24.07.2023
17886
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda bolani kaltaklagan tarbiyachi ishi sudga oshirildi

Ish bo‘yicha sud jaryonlari davom etmoqda. 

Andijon viloyati, Izboskan tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasida bola kaltaklanishi bilan bog‘liq ish sudga oshirildi. 

Hodisa Lo‘g‘umbek qishlog‘idagi «Adibaxon onam» oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergani aytilmoqda. Bu haqdagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgan. 

Qayd qilinishicha, 14 iyun kuni bolaning onasi IIB hududiy profilaktika inspektoriga ariza bilan murojaat qilgan. Shundan so‘ng, bola tan jarohati olgan (kuyish, kaltaklangan, noo‘rin xatti-harakatlar sodir qilingan) degan gumon bilan ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza hulosasi fuqarolik sudi Izboskan tumani bo‘limiga yuborilgani aytilmoqda. Xabarda bolaning kaltaklanishi bilan bog‘liq tafsilotlar va ekspertiza xulosasi keltirilmagan. 

Shu bilan birga, aniqlanishicha, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hali 2 yoshga ham to‘lmagan bolani tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilgan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 3-7 yoshli bolalar qabul qilinishi kerak. 

Holat bo‘yicha tarbiyachi M.X. hamda yordamchi tarbiyachi D.X. lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani sababli ish beruvchi tomonidan 15 iyun kuni vazifasidan ozod etilgan. Tadbirkorga ham qonun doirasida tegishli chora ko‘rilgan hamda keyingi ish faoliyatida bunday noqonuniy holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha ogohlantirilgan. 

Xabarga ko‘ra, bolaning kaltaklanishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda. 

Mavzuga oid