Jahon | 08:44 / 14.08.2023
7165
4 daqiqa o‘qiladi

Nigerdagi xunta prezident «davlatga xiyonat» bo‘yicha sud qilinishini bildirdi

Nigerda to‘ntarish uyushtirganlar mamlakatning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti davlatga xiyonat qilgani haqida dalillar to‘plaganini aytdi.

Foto: Sophie Garcia/AP Photo/picture alliance

Iyul oyi oxirida mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirgan Nigerdagi harbiy xunta rahbariyati hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Muhammad Bazumga nisbatan «sud jarayoni» o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Niger milliy televideniyesida to‘ntarish uyushtirganlar tomonidan tuzilgan Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash vakili, katta polkovnik Amadu Abdraman ma’lum qildi, uning nutqidan parchalar 14 avgust, dushanbaga o‘tar kechasi AFP agentligi tomonidan chop etildi. 

Xunta vakilining so‘zlariga ko‘ra, tergov Bazum hamda uning «mahalliy va xorijiy sheriklarini» «vatanga xiyonat qilgani, vakolatli milliy va xalqaro organlar oldida Niger ichki va tashqi xavfsizligiga putur yetkazgani uchun» javobgarlikka tortish uchun yetarli dalillar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. 

Xuddi shu bayonotida Abdraman, xunta G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) tomonidan to‘ntarishdan so‘ng Nigerga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni qoralashini bildirib, ularni «noqonuniy, g‘ayriinsoniy va kamsituvchi» deb atadi. 

Vositachilar delegatsiyasi rahbari: xunta muzokaralarga tayyor 

Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash rahbari Abdurahmon Tchiani Niger harbiy xuntasi va EKOVAS bloki o‘rtasidagi qarama-qarshilikni diplomatik yo‘l bilan hal etish yo‘lini ko‘rib chiqishga tayyor, dedi Nigeriyadan kelgan musulmon diniy yetakchilar delegatsiyasi rahbari shayx Bala Lau. U to‘ntarish uyushtirganlar va EKOVAS o‘rtasida vositachilik qilyapti. 12 avgust kuni delegatsiya Niameyga tashrif buyurib, u yerda rejim vakillari bilan uchrashdi. 

Launing so‘zlariga ko‘ra, Tchiani «to‘ntarish yaxshi niyat bilan amalga oshirilgani» hamda isyonchilar «Niger va Nigeriyaga yaqinlashib kelayotgan tahdidning oldini olish uchun» harakat qilganini bildirgan. Xunta rahbari EKOVAS ularning pozitsiyasiga quloq solmaganini «og‘riqli» deb atadi. 

Shu bilan birga, isyonchilar avvalroq Nigerga borishga uringan EKOVAS delegatsiyasiga mamlakatga kirishni taqiqlagan edi. Xunta vakillari muzokarachilar xavfsizligini ta’minlay olmasligini aytdi. Shunga qaramay, EKOVAS parlamenti isyonchilar bilan uchrashish uchun yangi vositachilar delegatsiyasini shakllantirishga chaqirdi. 

Isyonchilar harbiy aralashuv yuz beradigan bo‘lsa, prezident o‘ldirilishini ma’lum qildi

Avgust oyi boshida, AR axborot agentligiga ko‘ra, isyonchilar mamlakatdagi vaziyatga harbiy aralashuv yuz beradigan bo‘lsa, Muhammad Bazumni o‘ldirishlarini aytgan. Bu - EKOVASga a’zo mamlakatlarning Nigerda konstitutsiyaviy tartibni va demokratik yo‘l bilan saylangan prezident hokimiyatini tiklash uchun qo‘shin yuborish to‘g‘risidagi tahdidlariga javob bo‘ldi. 

Niger qonunchiligi o‘lim jazosiga ruxsat beradi, u boshqa narsalar qatori respublikaning davlat xavfsizligini nazarda tutuvchi moddalar bo‘yicha ham qo‘llanishi mumkin - Bazumga qarshi ham shunday ayblovlar e’lon qilinishi mumkin. Nigerda sud jazosi sifatida qatl etish bo‘yicha oxirgi ma’lum bo‘lgan ish 1976 yilga to‘g‘ri keladi. «O‘lim jazosiga qarshi butunjahon koalitsiyasi»ga ko‘ra, mamlakatda o‘lim jazosiga hukm qilingan kamida 11 kishi hibsda saqlanmoqda. 

Mavzuga oid