Jahon | 22:13 / 15.09.2023
26944
2 daqiqa o‘qiladi

General Surovikin Jazoirda ko‘rinish berdi

Rossiyalik armiya generali Sergey Surovikin mamlakat Mudofaa vazirligi delagatsiyasi safida Jazoirga borgan. Bu haqda Surovikinning atrofidagi manbalariga tayanib «Kommersant» xabar bermoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Surovikinga yuqori darajadagi ishonch saqlanib turibdi. Uning tashrifi sharqiy yo‘nalishdagi ehtimoliy tayinlovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», deyiladi «Kommersant» xabarida.

13 sentabr kuni Sergey Surovikinning surati Jazoirdagi masjidlardan birining Facebook sahifasida paydo bo‘lgandi. Xabarda «Yuqori darajali Rossiya delegatsiyasi» masjidga tashrif buyurib imom bilan uchrashgani aytilgan.

Surovikin 23 iyundagi Yevgeniy Prigojin isyonidan keyin ko‘rinmay qolgandi. 4 sentabr kuni esa rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchakning kanalida go‘yoki general Surovikin ekani aytilgan odamning surati e’lon qilindi.

2022 yil 8 oktyabrdan (Qrim ko‘prigi portlatilgan kun) 2023 yil 11 yanvargacha Surovikin Rossiya armiyasining Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lib ishlagan, keyin bu lavozimga tayinlangan general Gerasimovga o‘rinbosar bo‘lgandi. 2023 yil may oyida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin genaral Surovikin guruh va Mudofaa vazirligi o‘rtasidagi vositachi bo‘lishini ma’lum qildi.

2023 yil 23 iyun kuni Prigojin boshchiligidagi vagnerchilar Rossiya Mudofaa vazirligi ularning pozitsiyalarini o‘qqa tutganini iddao qilib harbiy isyun boshladi. Surovikin vagnerchilarni to‘xtashga chaqirib chiqish qilgan Rossiya harbiy rahbariyatidagi yagona genaral bo‘lgandi. Shundan keyin ko‘rinmay qolgan Surovikin haqida turli xil mish-mishlar, xususan, genaral qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid