Jahon | 10:36 / 02.10.2023
21202
6 daqiqa o‘qiladi

Anqaradagi portlash ortidan Turkiya Iroq shimolidagi kurdlarga aviazarbalar yo‘lladi

Anqarada ichki ishlar vazirligi binosi oldida ro‘y bergan portlashdan bir necha soat vaqt o‘tib Turkiya Iroq shimolidagi kurdlarning pozitsiyalari bo‘ylab aviazarbalar berdi. Turkiya hukumatiga ko‘ra, aviazarbalardan so‘ng Kurdiston ishchilar partiyasining 20 ta obekti yo‘q qilingan.

Foto: picture-alliance/AP Photo/E. Gurel

Turkiya qurolli kuchlari Iroq shimolidagi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) obektlariga havodan zarbalar berdi. Bu haqda Turkiya mudofaa vazirligi 1 oktyabr kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda aytiladi.

Vazirlikka ko‘ra, zarbalardan maqsad «KIP va boshqa terrorchi unsurlarni zararsizlantirish, Shimoliy Iroqdan Turkiya aholisi va huquq-tartibot organlariga qarshi qaratilgan terrorchilik hujumlari amalga oshirilishining oldini olish, chegara xavfsizligini ta’minlash» bo‘lgan.

«KIP tomonidan foydalanilgan g‘orlar, bunkerlar, boshpana va omborlardan iborat jami 20 ta obekt yo‘q qilindi. Hujumlar davomida ko‘p sonli terrorchilar zararsizlantirildi», — deyiladi mudofaa vazirligi xabarida. 

Amaliyot davomida tinch aholi, tarixiy-madaniy boyliklar va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik uchun barcha ehtiyot choralari ko‘rilgani qayd etilgan. Turkiya qurolli kuchlari «mamlakat va xalqning omon qolishi va xavfsizligi uchun» terrorizmga qarshi kurashni davom ettirishi ta’kidlangan. 

Shu kuni Iroqning Turkiya va Eron bilan chegarasiga yaqin joylashgan Sidakan shahri meri AFP agentligiga Bradost hududi va Badran qishlog‘i bombardimon qilinganini aytdi. 

Kurdlarning Rudaw axborot agentligi zarbalar Iroq shimolida, Eron bilan chegaradagi Qandil tog‘ tizmasi bo‘ylab berilganini tasdiqladi. Harakatlanish qiyin bo‘lgan Qandil tog‘lari anchadan buyon KIPning tayanch bazalaridan biri hisoblanadi.

Turkiya IIV binosi yaqinidagi portlash

Yakshanba kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida ikki noma’lum shaxs parlament va ichki ishlar vazirligi binolari yaqinida portlash sodir etgandi.

Kurdiston ishchilar partiyasi portlash o‘zi bilan aloqador bo‘lgan «O‘lmas batalyon» tomonidan amalga oshirilganini tasdiqladi, bu guruh 2016 yil Istanbulda sodir etilgan teraktlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi.

Xabarlarga ko‘ra, hujum qiluvchilardan biri mashinadan chiqqan va qo‘riqchilarni chalg‘itish uchun kichik portlovchi qurilmani vazirlik binosi tomon uloqtirgan.

Ikkinchi hujum qiluvchi esa vazirlik darvozasidagi qo‘riqchilarga qarata o‘t ochgan, keyin bombani portlatgan, portlash oqibatida o‘zi halok bo‘lgan.

Bu vaqtda birinchi hujumchi vazirlik hududiga chopib kirgan va tezda politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan.

Ikki ofitser yaralangan. Ulardan biri ko‘krak qismidan jarohat olgan, boshqasi ikki oyog‘i va ko‘zidan jarohatlangan.

«Otishma vaqtida ikki politsiyachimiz yengil jarohat oldi. Bizning kurashimiz so‘nggi terrorchi zararsizlantirilmagunicha davom etadi», — deya yozgan vazir Twitter sahifasida.

Portlash parlament yozgi tanaffusdan keyin qayta ochilishiga bir necha soat qolganida ro‘y berdi.

Turkiyalik yuqori martabali mulozim Reuters agentligiga xabar berishicha, hujum qilgan shaxslar Turkiya poytaxtidan 260 km janubi-sharqda joylashgan Qaysari shahrida haydovchini o‘ldirib, uning avtomobilini olib qochishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yarador politsiyachilardan birining jarohatiga oskolka sabab bo‘lgan.

OAVda tarqalgan dastlabki xabarlarda ushbu hududda otishma ham ro‘y bergani aytilgan. Voqea joyiga favqulodda xizmatlar yetib kelgan, atrofdagi qator ko‘chalar politsiya tomonidan to‘silgan.

Turkiya politsiyachilari shubhali paketlarni portlatmoqda. Foto: REUTERS

Anqara politsiyasi ma’lum qilishicha, ayni vaqtda keyingi ehtimoliy portlashlarning oldini olish uchun barcha «shubhali vositalar» zararsizlantirilmoqda.

Parlamentning tanaffusdan keyingi ilk sessiyasida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an portlashni «terrorizmning so‘nggi chaqnashi» deb atadi.

«Bizning fuqarolarimiz tinchligi va xavfsizligini buzishni o‘ylagan qabih kimsalar hech qachon maqsadiga erisha olmaydi», — degan u.

Turkiya parlamenti yaqin vaqtlar ichida Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Anqara Shvetsiya kurd jangarilariga boshpana bermoqda, degan bahona bilan uning a’zoligini bloklagandi.

Portlashdan keyin Turkiya parlamenti oldidagi maydondagi vaziyat. Foto: REUTERS

Kurdiston ishchilar partiyasi 1984 yildan beri Turkiya davlatiga qarshi kurashib keladi va mamlakatda ko‘plab teraktlar sodir etgan. To‘qnashuvlarda allaqachon o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan. U Turkiyaning o‘zida, shuningdek Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan rasman terrorchi tashkilot deb tan olingan, lekin ayrim siyosatchilar KIP so‘nggi vaqtlarda zo‘ravonlik uslublaridan voz kechganini aytishadi.

Turkiya hukumati kurd millatchilarini bostirish bo‘yicha qat’iy siyosat yuritadi va Turkiya ichidagi, shuningdek, Suriya va Iroq hududlaridagi kurd bazalariga qarshi bir necha bor harbiy amaliyotlar o‘tkazgan.

AQShning Turkiyadagi elchixonasi Twitter sahifasida teraktni keskin qoraladi: «Biz bugun tongda bizning NATO bo‘yicha ittifoqchimiz bo‘lgan Turkiyaga qarshi amalga oshirilgan terrorchilik hujumini qat’iy qoralaymiz. Jabrlanganlarga hamdardlik bildiramiz va ularning tezda sog‘ayib ketishini tilaymiz. Terrorchilikka qarshi kurashda Turkiya bilan birdammiz».

Pokiston, Saudiya Arabistoni va YeI ham hujumni qoralab, Turkiyani qo‘llab-quvvatlashini izhor etgan.

Mavzuga oid