Jahon | 15:20 / 03.10.2023
10008
2 daqiqa o‘qiladi

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti elektronlarni o‘rgangan olimlarga berildi

Fizika bo‘yicha 2023 yilgi Nobel mukofoti elektronlar bo‘yicha tadqiqotlari uchun AQSh, Germaniya va Shvetsiyadan uch nafar olimga berildi.

Foto: Twitter / NobelPrize

Fizika bo‘yicha 2023 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlariga Ohayo universiteti (AQSh) vakili Per Agostini, Maks Plank instituti va Myunxendagi Lyudvig-Maksimilian universiteti (Germaniya) xodimi Ferens Kraus va Lund universitetidan (Shvetsiya) Ann L-Yuile aylandi. Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini 3 oktyabr, seshanba kuni e’lon qildi.

Mukofot atomlar va molekulalardagi elektronlarni o‘rganish uchun berildi. 

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti 

Fizika bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari amerikalik Jon Klauzer, fransuz Alen Aspekt va avstriyalik Anton Tsaylinger edi. Ular kvant texnologiyasining yangi davriga asos solgan eksperimental vositalarni ishlab chiqqani uchun ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan. «Kvant holatlarini va ularning barcha xossalarini manipulyatsiya qilish va boshqarish qobiliyati bizga kutilmagan potensialga ega vositalarga kirish imkonini beradi», deb tushuntirgan qo‘mita o‘z qarorini. Qo‘mita ushbu tadqiqotning qo‘llanilishiga misol sifatida kvant kompyuterlari, kvant tarmoqlari va kvant shifrlash bilan xavfsiz aloqalarni keltirdi. 

Fizika bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti nemis olimi Klaus Hasselmann, italiyalik Jorjio Parizi va asli kelib chiqishi yapon bo‘lgan amerikalik Syukuro Manabega berilgan. Hasselmann va Manabe «Yer iqlimini fizik modellashtirish, o‘zgaruvchanlikni miqdoriy tahlil qilish va global isishni ishonchli prognoz qilish» uchun mukofotlangan. Parizi «atomlardan sayyoralargacha bo‘lgan miqyosdagi fizik tizimlarda tartibsizlik va tebranishlarning o‘zaro ta’sirini kashf etgani» uchun mukofotga sazovor bo‘lgan. 

Hammasi bo‘lib 1901 yildan beri fizika bo‘yicha Nobel mukofoti 116 marta berilgan bo‘lib, uni 222 kishi qo‘lga kiritgan. Mukofot miqdori 10 million shved kronasini tashkil etadi. 

Mavzuga oid