Sport | 17:26 / 05.10.2023
33182
2 daqiqa o‘qiladi

Hangjou-2022. Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalokov – Osiyo O‘yinlari chempionlari

Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo O‘yinlari-2022dagi ishtirokini so‘nggi kundagi 3ta oltin medal bilan yakunladi. Olimpiada va ikki karra jahon chempioni Bahodir Jalolov yutuqlari ro‘yxatiga Osiyo O‘yinlari g‘olibligini ham qo‘shib qo‘ydi. Yana bir bokschi Abdumalik Xalokov chempionlikni qo‘lga kiritdi.

-57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Abdumalik Xalokov finalda yaponiyalik Shudai Xaradani katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratib, turnir g‘olibiga aylandi. 23 yoshli charmqo‘lqop ustasi yarimfinalda xitoylik Ding Lyuni mag‘lubiyatga uchratib, final bilan birga Parij-2024 Olimpiadasiga litsenziyani ham qo‘lga kiritgandi.

Eng og‘ir vazn toifasida (+92) yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahodir Jalolov finalda qozog‘istonlik prinsipial raqibi Qamshibek Qo‘nqaboyevga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik 29 yoshli charmqo‘lqop ustasi bu jangda ham 31 yoshli Qo‘nqaboyev ustidan g‘alabaga erishib, Hangjou-2022 oltin medaliga ega chiqdi.

Bahodir Jalolov chorakfinalda tojikistonlik Muhammadjon Abroriddinovni, yarimfinalda esa xitoylik Bayikevuzi Danabiyekeni 1-raunddayoq nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratishga erishgan va final yo‘llanmasi bilan birga Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqqandi. 

Shu tariqa, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Xitoydagi turnirda jami 5ta medal – 3ta oltin va 2ta bronzani qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Xitoydan keyingi 2-o‘rinni egalladi. Sport delegatsiyamizning turnirdagi oltinlari esa 19taga, jami medallari esa 60taga yetib, vakillarimiz umumjamoa hisobida 5-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid