Sport | 22:28 / 12.10.2023
18314
2 daqiqa o‘qiladi

XOQ Rossiya olimpiya qo‘mitasini chetlatdi 

Rossiya olimpiya qo‘mitasi Ukrainaning bosib olingan hududlari tashkilotlarini a’zolikka qabul qilgani uchun jazolandi. 

Foto: Eurosport

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Rossiya olimpiya qo‘mitasi (ROQ) faoliyatini «keyingi bildirishnomaga qadar» to‘xtatib qo‘ydi. Bu shuni anglatadiki, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi Olimpiya harakatidan hech qanday mablag‘ ololmaydi, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega emas. 

Bunga «Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi yurisdiksiyasidagi mintaqaviy sport tashkilotlarini a’zolikka qabul qilish haqidagi bir tomonlama qaror» sabab bo‘lgan. Gap Ukrainaning bosib olingan hududlari - Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojyye tashkilotlari haqida ketmoqda. 

«Bu Olimpiya Xartiyasining buzilishi hisoblanadi, chunki u XOQ tomonidan tan olingan Ukraina MOQ hududiy yaxlitligining buzilishini anglatadi», deyiladi XOQ bayonotida. 

Shu bilan birga, XOQ «Rossiya pasportiga ega ayrim neytral sportchilar»ning 2024 yilda Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida hamda 2026 yilda Italiyada bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. 

Shuningdek, XOQ Ijro kengashi vaziyatning rivojlanishiga qarab har qanday keyingi qarorlar yoki choralarni qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. 

7 oktyabr kuni Rossiya Olimpiya qo‘mitasi o‘z tarkibiga tan olinmagan Lugansk Xalq Respublikasi Olimpiya kengashini kiritgani haqida xabar bergan edi.  

 

Mavzuga oid