O‘zbekiston | 14:55 / 13.11.2023
6775
8 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan GTL: Istiqbolli korxona dunyoni zabt etish yo‘lida odimlamoqda

2022 yilning boshidan ishga tushirilgan Uzbekistan GTL zavodida bugungi kelib tabiiy gazdan eng ekologik toza yonilg‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zavod ishlab chiqarayotgan yonilg‘idan sayyoramizning eng sovuq o‘lkalarida ham bemalol foydalanish mumkin.

Shu sababli dunyoda atiga beshtadan bittasi bo‘lgan bu zavod mahsulotlari sekin-asta Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarini zabt etmoqda.

Qashqadaryoning G‘uzor tumanida joylashgan, prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan muhtasham zavod hududiga o‘tkazilgan press tur davomida bosh direktor Alisher Bahodirovning o‘zi zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni va kelgusidagi rejalar haqida gapirib berdi.

Uzbekistan GTL bosh direktori Alisher Bahodirovning hikoya qilishicha, ayni paytda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismini GTL dizel yonilg‘isi tashkil etmoqda. Shuningdek, hozircha mamlakatimiz ehtiyojlari uchun GTL aviakerosini, nafta va boshqa mahsulotlar ham ishlab chiqarilmoqda. Yevropaga Qozog‘iston, Rossiya va Estoniya yo‘nalishida boshlamasiga temiryo‘l orqali mahsulot eksport qilib ko‘rilgan. Endi esa O‘rta yo‘lak — Turkmaniston undan Kaspiy dengizi orqali Ozarboyjon va Gurjiston orqali Qora dengiz bo‘ylab G‘arb davlatlariga oyiga 30 ming tonnagacha mahsulot eksport qilish yo‘lga qo‘yilmoqda ekan.

Qayd etib o‘tish kerak, Zavod Sho‘rtan gaz konlari hududida qazib olinayotgan gazni chuqur qayta ishlash maqsadida barpo etilgan. Bu yerdagi gaz zaxiralari yana bemalol 25 yilga yetishi hisoblab chiqilgan.

Zavodning yonginasida joylashgan «Sho‘rtan» gaz-kimyo majmuasida gaz fraksiyalarga ajratilgach, eng toza metan Uzbekistan GTLga yo‘naltiriladi. Bu yerda sintez qilish yo‘li bilan sun’iy dizel, sun’iy aviakerosin, nafta va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Zavod ishlab chiqargan mahsulot oltingugurt va boshqa qo‘shimchalardan to‘liq tozalangani bois ularning rangi suvdek shaffof bo‘ladi va hidi ham bo‘lmaydi. Shu sababali, juda sovuq haroratlarda ham quyilib, qotib qolmaydi.

Bizga hikoya qilib berishlaricha, zavodda yozgi, qishki va arktik dizel ishlab chiqarilmoqda. Yozgi dizel –5 daraja foydalanish mumkin bo‘lsa, qishki dizel –32 darajagacha qotib qolmaydi, Arktik dizel esa –55 daraja haroratga ham dosh beradi.

Biz zavodning laboratoriyasida ham bo‘ldik. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar paydar-pay tekshirilib, belgilangan sifatga muvofiqligi sinovdan o‘tkazilib turiladi.

Namunalarni chaqnash nuqtasini aniqlash va eng sovuq haroratda qotib qolmasligini sinovdan o‘tkazish 45 daqiqa talab qilar ekan. Sinovdan o‘tayotgan namuna –38 daraja haroratga dosh berayotganining guvohi bo‘ldik. Oldingi sinov esa –58 darajada to‘xtatilgan.

Ayni paytda zavod to‘xtamasdan ikki smenada faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda 1000 nafar xodim ishlamoqda. Ularga 4 mahat bepul issiq ovqat beriladi. Zavodga tashish uchun transport qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Avtobuslar ham shu zavodda ishlab chiqarilayotgan dizeldan foydalanar ekan. Eng qizig‘i 130 gektardan ortiq maydonni qamrab olgan zavod hududida ishchilar velosipedlar yordamida harakatlanishar ekan, buning uchun alohida veloyo‘laklar ham qurib qo‘yilgan.

Zavod mutlaqo chiqitsiz ishlaydi. Hattoki hosil bo‘lgan qaynoq bug‘ bekorga ketmaydi. Bug‘ shu yerdagi turbinalarga yo‘naltiriladi va 86 MW elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa zavod iste’mol qilayotgan quvvatdan oshadi. Ortiqcha energiya qolgan iste’molchilarga yo‘naltirilar ekan.

Shunisi e’tiborliki, prezidentimizning yana bir uzoqni ko‘zlagan ezgu tashabbusi bilan zavod kimyo-texnologiya sohasida mutaxassis yetishtirayotgan oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim klasteriga birlashtirilgan.

Uzbekneftgaz va Uzbekistan GTL bilan ikkinchi yildirki, mana shunday oliygohlardagi eng fidoyi o‘qituvchilar aniqlanib, ularga rag‘batlantirish sifatida pul mukofotlari topshirib kelinmoqda. Ovoz berish jarayoniga rektorlar aralashmaydi. Talabalarning o‘zi ijodkor, o‘z kasbini sevadigan va bilim beradigan o‘qituvchilarni aniqlab berishmoqda.

Zavod majlislar zalida ana shunday o‘quvchichilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov va Uzbekistan GTL bosh direktori Alisher Bahodirov 13 nafar o‘z kasbiga fidoyi o‘qituvchiga mukofotlarni topshirishdi.

Ushbu o‘qituvchilar ta’lim berayotgan yoshlar kelgusida neft va gaz ishlab chiqarish sohasi, xususan zavodga ishga qabul qilinadi. Chunki neftgaz-kimyo sanoati iqtisodiyotimiz lokomotivlari hisoblanadi. Kelgusidagi loyihalarga yetuk kadrlarni tayyorlab borish, ularni amaliyotda tajribasini oshirish ham soha strategiyasidan biri qilib belgilangan.

Jurnalistlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh direktor Alisher Bahodirov yana savollarga javoblar berdi. Xususan korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot nega Afg‘onistondan qaytarilgani, mahsulotni o‘tkazish qiyinchiliklari, zavod nega hozircha yarim quvvati bilan ishlayotgani, uning ishlab chiqarishdagi bir qismi Amerika kompaniyasiga sotilgani, kelgusida yana qanday loyihalar amalga oshirilishi haqida gapirib berdi.

Zavodda ishlab chiqarilayotgan dizel narxi ichki bozorda bir yil ichida qariyb 2 barobarga arzonlashgani qayd etildi. Dastlabki savdolarda birjada bir tonna GTL dizel narxi 15,5 mln so‘mgacha chiqib ketgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib narxlao 9,5 so‘m atrofida barqarorlashgan. Bahodirovning aytishicha, dizel yonilg‘isi borasida monopoliya mutlaqo yo‘q, xorijiy davlatlardan ham neftdan olinuvchi dizel yonilg‘ilari bemalol respublikamizga kirib kelmoqda, narxlarni erkin bozor shakllantirmoqda. Ayni paytda dizelga ichki bozorda ham talab oshgan. Ayniqsa, kon-metallurgiya kombinatlari va fermer xo‘jaliklarning transport vositalari uchun.

Aviakerosin esa IATA standartidan o‘tgan. Lekin to‘liq sun’iy aviakerosindan foydalanib bo‘lmaydi, shu sababli neftdan olinuvchi aviakerosinga 50/50 nisbatda aralashtiriladi. Shu ham yonilg‘i sifatining keskin oshishini ta’minlaydi.

Afg‘onistondan mahsulot qaytgani esa, bunday sifatdagi dizel uchun standart hali Afg‘onistonda amalda emasligi bilan tushuntirildi. GTL dizelni Afg‘onistonga zavodning o‘zi emas, xorijiy treyderlardan biri o‘tkazgan. Afg‘onistonda mavjud standartlarda bunday yonilg‘i ko‘rsatilmagani, ular bunday mahsulotga ilk bora duch kelib turishgani uchun, shubhalanib mahsulotni qaytarishgan. Keyinroq Afg‘oniston tandart agentligi vakillari zavodga kelishgan va mahsulot bilan yaqindan tanishishgan. Endi kelgusida agar talab bo‘lsa, moneliksiz bu davlatga ham GTL dizelini eksport qilish mumkin bo‘ladi.

Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan mahsulot uchun yangi iste’mol bozorlarini topish va kengaytirish bosh vazifa bo‘lib turibdi. Buning uchun, yuqorida ta’kidlanganidek, mahsulotni yangi yo‘nalishda jahon bozorlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Uzbekistan GTL neftgaz sanoati sohasida eng so‘nggi muvaffaqiyatli loyihalardan biri sanaladi. Bu yerda sifatli mahsulotgina ishlab chiqarish bilan cheklanmasdan, sifatli kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgani uning davlatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan eng katta ulushlaridan biri deyish mumkin.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid