Jahon | 14:53 / 23.12.2023
8026
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi birinchi marta UQKni moliyalashtirish ishi bo‘yicha hukm chiqardi

Rossiyada Ukraina Qurolli kuchlarini moliyalashtirish ayblovi bo‘yicha dastlabki ikki hukm chiqarildi. Xabarovsklik fuqaro davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha 7 yilga, uning hamshahari esa 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Tamara Parshina Foto: TASS

Xabarovsk o‘lkasi sudi 21 dekabr kuni so‘nggi oylarda davlatga xiyonat qilish moddalari bo‘yicha uchta hukm chiqarilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, ikki holatda gap Ukraina armiyasini moliyalashtirish ayblovi bo‘yicha Rossiyada chiqarilgan dastlabki hukmlar haqida ketyapti.

Shu tariqa, 2023 yil 16 oktyabrda sud Xabarovskda yashovchi shaxsni UQK uchun asbob-uskunalar va jihozlar xarid qiluvchi ukrain tashkilotining hisobraqamiga pul o‘tkazgani uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

Sud xabarida ta’kidlanganidek, bundan avvalroq, 4 oktyabr kuni qurol sotib olish bilan shug‘ullanuvchi ukrain jamg‘armasi hisobiga pul o‘tkazganlikda ayblangan ayol davlatga xiyonat moddasi bilan umumiy rejimdagi koloniyaga sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Mahkumaning ismi noma’lum, ammo BBC rus xizmati gap 24 yoshli Tamara Parshina - davlatga xiyonatda ayblangan eng yosh rossiyalik ayol haqida ketayotganini taxmin qilmoqda. U mart oyida Xabarovskda hibsga olingan va Moskvadagi «Lefortovo» tergov izolyatoriga jo‘natilgan. BBC xabariga ko‘ra, Ukrainadagi keng ko‘lamli urush paytida birinchi marta ayol kishi davlatga xiyonat ishi bo‘yicha jazo oldi. 

Bu ikkala ish ham eng qisqa muddatda ko‘rib chiqildi: mos ravishda bir va ikkita sud majlisida. 

Xabarovsk o‘lka sudi ma’lumot bergan uchinchi hukm 20 dekabr kuni Xabarovsk o‘lkasidan bo‘lgan sobiq katta praporshchikka nisbatan chiqarildi - u Ukraina maxsus xizmatiga Rossiya Mudofaa vazirligi obektlaridan biri haqida ma’lumot uzatganlik ayblovi bilan davlatga xiyonat uchun sudlandi va to‘qqiz yarim yilga qamaldi. 

Mavzuga oid