O‘zbekiston | 11:26 / 27.12.2023
10494
2 daqiqa o‘qiladi

Uy sotish haqida internetda mustaqil e’lon berish taqiqlanishi mumkin

Davaktiv tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolarga o‘z uyini sotish uchun internetda mustaqil e’lon berish taqiqlanishi mumkin. Ushbu xizmat faqat riyeltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali amalga oshirilishi taklif qilinmoqda.

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Riyeltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, fuqarolarga o‘z uyini sotish uchun internetda mustaqil e’lon berish taqiqlanishi mumkin. Ushbu xizmat faqat riyeltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali amalga oshirilishi taklif qilinmoqda.

«Jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlarini reklama qilish va e’lonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmog‘i internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko‘chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat riyeltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali bepullik asosida amalga oshiriladi», deyiladi qonun loyihasining 27-moddasida.

Avvalroq, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali amalga oshirish amaliyotini joriy qilish yuzasidan hujjat loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid