Jahon | 18:45 / 31.12.2023
32552
30 daqiqa o‘qiladi

Yil yakunlari: jahonda ro‘y bergan asosiy 10 voqea

2023 yakunlanmoqda. Ukrainadagi urush bu yilda ham asosiy diqqat markazida turdi, ammo dunyoning boshqa mintaqalarida ham mojarolar, keskinliklar, tabiiy va texnogen ofatlar yetarlicha bo‘ldi. Kun.uz yakunlanayotgan yilda dunyo trendida turgan eng asosiy 10 voqeani eslab o‘tadi.

Turkiya va Suriyadagi dahshatli zilzila

Joriy yil boshida so‘nggi yillardagi eng dahshatli fojialardan biri ro‘y bergandi. 6 fevral kuni tongda va kunning birinchi yarmida Turkiyaning janubiy-sharqiy qismida bir necha soat farqi bilan 7,8 va 7,5 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘lgandi. Tabiiy ofat mamlakatning o‘ndan ortiq viloyatlarini qamrab oladi, xususan Hatay, Qahramonmarash, G‘oziantep, Adiyaman va Malatya kabi hududlar eng ko‘p zarar ko‘rgandi.

Qurbonlar soni soat sayin ko‘paygan, internetda yer qimirlashi vaqtida olingan va binolar qulayotgani aks etgan son-sanoqsiz videotasvirlar paydo bo‘lgandi.

Qulab tushgan bino ostidan qutqarilayotgan ayol. Foto: GETTY IMAGES

Zilzila Turkiyaning qo‘shnilaridan bo‘lgan Suriyaning shimoliy qismiga ham katta talofat keltiradi. Halab va Lataqiyada ko‘p qavatli uylar tuproqqa qorishadi va odamlar xarobalar ostida qolib ketadi. Halokatdan omon qolgan yuz minglab turkiyaliklar esa sovuq kunlarda og‘ir sharoitlarda yashashga majbur bo‘ladi.

Jahon hamjamiyati tezda jabrdiydalarga yordam qo‘lini cho‘zadi, do‘st-u dushman halokat hududidagi odamlarni qutqarishga oshiqadi. Xususan, O‘zbekistondan ham qutqaruvchilar, harbiylar va shifokorlar Turkiya hududiga yetib borib, palatkalar tikishadi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati va aholisi turkiyalik birodarlarga insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga kirishadi.

8 fevral kuni Turkiya prezidenti tabiiy ofat hududiga keladi boshpanasini yo‘qotganlar vaqtincha mehmonxonalarga joylashtirilishi, keyinroq ularga turar joylar qurib berilishini va’da qiladi.

Zilzila qurbonlari soni haddan tashqari ko‘p bo‘lgani sabablaridan biri sifatida yangi qurilgan binolarning zilzilaga bardoshlilik darajasi yetarli bo‘lmagani keltirildi. Keyingi kunlarda mamlakat bo‘ylab qator qurilish firmalari rahbarlari hibsga olindi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni Turkiyaning o‘zida 50 mingdan oshgan, 10 mingdan oshiq kishi jarohatlangan, Suriyada esa zilzila 8 mingdan oshiq kishini hayotdan olib ketgan, yana o‘n minglab kishilar jabrlangan. Turkiya rasmiylariga ko‘ra, 100 mingdan ortiq binolar vayron bo‘lgan yoki zararlangan.

Zilzilalardan mamlakat iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar miqdori 110 milliard dollarga baholangan, bu mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmining 10 foizi demakdir.

Shunday qilib, bu qurbonlar soni bo‘yicha ham, yetkazilgan iqtisodiy zarar bo‘yicha ham mamlakat tarixidagi eng vayronkor zilzilaga aylandi. Muxolifat hukumatni zilzila ehtimoliga yetarlicha tayyor bo‘lmaslikda va oqibatlarga qarshi kurashishda sustkashlik qilishda aybladi, bu tabiiy ofat tez orada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Erdo‘g‘anning g‘alabasiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqida gapira boshlashdi.

Turkiyada tarixiy saylov

Muxolifatchilar nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li 20 yildan buyon hokimiyat tepasida bo‘lgan Erdo‘g‘anga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi
Foto: Umit Turhan Coskun/NurPhoto/picture alliance

Turk xalqi zilzila oqibatlariga qarshi kurashish bilan bir vaqtda mamlakatning keyingi o‘n yilliklardagi taqdirini hal qilish uchun muhim prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Mart oyi boshida muxolifatdagi olti partiya amaldagi prezident Erdo‘g‘anga qarshi turish uchun yagona nomzodini ko‘rsatdi – Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro‘g‘li Xalq koalitsiyasi nomzodi sifatida maydonga chiqdi.

Saylovga asosiy ikki nomzoddan tashqari yana ikki kishi – «Mamlakat» partiyasi rahbari Muharram Injye va «ATA koalitsiyasi» nomzodi Sinan O‘g‘an o‘z nomzodini ko‘rsatdi. Ulardan birinchisi ovoz berish boshlanishidan oldinroq mojaroli tarzda poygadan chiqdi, Injye bu qarorini saylovoldi tashviqoti paytida unga zarba bergan kompromatlar to‘lqini bilan izohladi.

14 may kuni tarixiy saylovning birinchi turi o‘tkazildi. Odatdagi kabi bu safar ham yirik shaharlar - Anqara, Istanbul, Izmir va Bursada muxolifatchilar ustunlik qilishdi, chekka hududlar aholisi to‘liq Erdo‘g‘anni qo‘lladi. Yakunda nomzodlarning hech biri g‘alaba uchun talab etilgan 50 foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi – Erdo‘g‘an 49,35, Qilichdoro‘g‘li 45, millatchilar nomzodi O‘g‘an esa 5,22 foiz ovoz oldi va barchasi ikkinchi turda hal bo‘ladigan bo‘ldi.

Ikkinchi tur arafasida O‘g‘an kutilganidek Erdo‘g‘an bilan ittifoq tuzdi, lekin bu amalda ikki hafta keyin o‘tkazilgan ikkinchi turda ko‘p narsani o‘zgartirmadi, uning tarafdorlari shunchaki saylov uchastkalariga chiqishmadi va Erdo‘g‘an birinchi turda o‘zini qo‘llagan tarafdorlari bilan ustunlikni saqlab qoldi - u 52 foizdan ortiqroq ovoz olib g‘alaba qozondi, Qilichdoro‘g‘liga 48 foizga yaqin saylovchi ovoz berdi.

Muxolifatning mag‘lubiyati nomzod tanlashda adashgani bilan izohlanadi, saylovchilar orasida katta mashhurlikka erishgan Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li hamda Anqara meri Mansur Yavash emas, 75 yoshli Kamol Qilichdoro‘g‘li tanlangandi va u saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bir qancha xatolarga yo‘l qo‘ydi, saylovdan keyin esa partiya rahbarligini va umuman butunlay siyosatni tark etdi.

20 yildan buyon bosh vazir va prezident lavozimlarida Turkiyani boshqarib kelgan Erdo‘g‘an esa yana kamida yetti yil davomida hokimiyatda qoladigan bo‘ldi.

Kremlga dronlar hujumi

May oyi boshida ikki dron Kreml hududiga yetib kelgan, ulardan biri Senat saroyi gumbazi ustida portlagandi. 2023 yil 3 may
Sefa Karacan / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Rossiya-Ukraina urushining 2023 yildagi e’tiborli jihatlaridan biri - ukrainlar Rossiyaning ichki hududlariga muntazam ravishda hujum qilishga oddiy holga aylangani bo‘ldi. Bunday amaliyotlarning eng shov-shuvlisi 3 mayga o‘tar kechasi ro‘y berdi, o‘shanda ikkita dron Vladimir Putinning Kremldagi qarorgohigacha yetib kelgandi. Videolarda dronlardan biri Senat saroyi gumbazi yaqinida portlaganini ko‘rish mumkin.

Ukraina tomoni odatda Rossiya hududiga uyushtirilgan hujumlarning hech birini tan olmaydi, ammo bunday amaliyotlar Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilishiga hech kim shubha qilmaydi.

Kreml hujumni rejalashtirilgan terrorchilik harakati, Rossiya prezidenti hayotiga suiqasd deb baholadi. Hujum vaqtida Putin mazkur hududda bo‘lgan-bo‘lmagani aniq emas, ammo u keyin bir muddat boshqa joyda ishlab turishiga to‘g‘ri keldi.

Avvaliga bu ish rossiyaliklarning o‘zi tomonidan uyushtirilgani haqida versiyalar bildirildi, ammo buning uchun jiddiy asoslar yo‘q edi, aksincha ukrainlar shu joygacha yetib kelganining o‘zi aholida poytaxt xavfsizligi bo‘yicha savollarni tug‘dirishi tabiiy edi.

Moskvaliklarda bu borada savollar bisyor bo‘ldi, yil davomida dronlar ko‘p marta shaharga kirib keldi va turar joy binolariga kelib urildi.

Prigojinning isyoni va halokati

Tver oblastida qulab tushgan xususiy samolyotda Dmitriy Utkin ham bo‘lgan. «Vagner» XHK aynan uning sharafiga nomlangandi.
Anatoliy Malsev / EPA / Scanpix / LETA

2022 yil mart oyi oxirlaridan Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Rossiyaning frontdagi eng muvaffaqiyatli qismiga aylandi. Vagnerchilar avvaliga Popasnayani egallashdi, keyinroq Vuhledar atrofida katta yutuqlarga erishdi, 2022 yil avgustida esa Baxmut uchun jang boshladi, oktyabrdan harbiy harakatlar shiddatli tus oldi. Donbassdagi mazkur shaharcha urush ramzlaridan biriga aylandi – ruslar uni olish uchun hech narsani ayamadi, snaryadlarni ham, askarlar jonini ham. Shahar uchun og‘ir va qonli janglar yarim yildan ortiq vaqt davom etdi va may oyi boshlariga kelib «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin uning g‘arbiy chegaralariga chiqilgani haqida e’lon qildi.

Baxmut uchun janglarda rossiyaliklar o‘n minglab yo‘qotishlarga uchradi va buning katta qismi vagnerchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. May oyi oxirlarida Prigojinning o‘zi Baxmut uchun janglarga qamoqxonalardan jalb etilgan 50 ming sobiq mahbus qatnashgani va ularning 20 foizi, ya’ni 10 ming kishi halok bo‘lgani, shuningdek, «Vagner»ning shtatdagi jangchilaridan yana 10 ming kishi ushbu shaharni egallash uchun jon berganini ma’lum qilgandi.

Bunday yo‘qotishlar uchun Prigojin Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyatini tanqid qilgan va kerakli vaqtda kerakli miqdorda o‘q-dorilar yetkazib berilmagani uchun vazir Sergey Shoygu hamda bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni ayblagan, ularni haqoratlab bir necha bor videomurojaatlar qilgandi. Bu esa uni Rossiya elitasida istalmagan shaxsga aylantiradi. Rossiya Federatsiyasi prezident administratsiyasi esa uni urushdan o‘ziga xos saylov kampaniyasi olib borishda gumon qiladi va uni qator imtiyozlardan mahrum eta boshlashadi, xususan prezident Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadan uziladi, uning qabuliga kira olmay qoladi.

Voqealar rivojida Prigojinning asablari dosh bermaydi va u 23 iyun kuni rossiyalik harbiylarni «Vagner»ga ortdan hujum qilishda ayblab, «Adolat marshi»ni boshlaydi. U davlat to‘ntarishi qilmoqchi emasligini aytib, Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimov topshirishni talab qiladi.

Yollanma jangchilar qarshiliksiz Rostov-Donga tanklar bilan kirib kelib, Janubiy harbiy okrug shtabi va boshqa asosiy ma’muriy binolarni egallaydi. Bu vaqtda vagnerchilarning ikkinchi guruhi Voronej va Lipetsk oblastlari orqali Moskva tomon yo‘lga tushgandi. Ularga RF mudofaa vazirligi aviatsiyasi qarshi chiqadi, vagnerchilar esa muntazam armiyaning bir samolyoti va olti vertolyotini urib tushiradi, 15 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ladi.

24 iyun kuni kechqurun esa Aleksandr Lukashenko vositachiligidagi muzokaralardan keyin Prigojin o‘z qo‘shinini ortga qaytardi, keyinroq kelishuvga ko‘ra vagnerchilar Belarus hududidagi harbiy bazaga ko‘chib o‘tdi, qurolli isyon bo‘yicha Prigojinga qarshi ochilgan jinoiy ish tugatildi.

Shundan so‘ng Rossiya armiyasida tozalash ishlari olib borildi, o‘ndan ortiq yuqori martabali harbiy amaldorlar, jumladan ma’lum vaqt Ukrainadagi guruh rahbari bo‘lgan, havo kuchlari qo‘mondoni Sergey Surovikin ishdan chetlatildi, bunga ularning Prigojin bilan yaqin aloqada bo‘lgani sabab edi.

Prigojinning o‘zi esa keyingi kunlarni avvaliga Belarusda o‘tkazdi, keyin esa Afrikaga yo‘l oldi. Isyondan roppa-rosa ikki oy o‘tib, 23 avgust kuni Prigojin va uning o‘rinbosari Dmitriy Utkin va yana bir necha vagnerchilar bo‘lgan xususiy samolyot Moskvadan Sankt-Peterburg tomon uchayotganida, Tver oblasti hududida quladi, bortdagilarning barchasi halok bo‘ldi.

Yaqinda Wall Street Journal nashri yozishicha, Prigojinning samolyoti Rossiya Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Nikolay Patrushev tashkillashtirgan operatsiya doirasida portlatib yuborilgan. U isyondan keyin Prigojinni yo‘q qilish rejasini Putinga ko‘rsatgan, prezident esa e’tiroz bildirmagan. Nashr talqiniga ko‘ra, o‘sha kuni Sheremetevo aeroportida samolyot qanoti ostiga kichik bomba o‘rnatilgandi.

Ukrainaning qarshi hujumi

Ukrainaning qarshi hujumi oldindan muvaffaqiyatsizlikka mahkum edi

2022 yil kuzida Xarkiv va Xersondagi zafarli yurishlardan keyin barcha ukrainlarning g‘alabalari davom etishini kutgandi. Ammo qish boshlangach frontda turg‘unlik yuzaga keldi, qolaversa Ukraina qurolli kuchlari resurslarini sarflab bo‘lgandi. G‘arb esa harbiy yordamni, xususan Leopard tanklarini yetkazib berishni paysalga solib yubordi.

Nemis tanklari va boshqa zirhli texnikalar yetarli miqdorda to‘planganida esa allaqachon yoz boshlanib ketgandi va bahorda kutilgan qarshi hujum yozgi qarshi hujumga aylandi. Ukrain bo‘linmalari 4 iyun kuni hujumga o‘tdi, ammo Orixiv yo‘nalishida texnikalar kolonnasi yurishi katta muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Boshqa yo‘nalishlarda ham osonlik bilan oldinga yurishning imkoni bo‘lmadi.

Chunki o‘tgan vaqt mobaynida Rossiya mudofaaga puxta tayyorgarlik ko‘rgan, yuzlab kilometr uzunlikdagi front chizig‘i bo‘ylab tanklarga qarshi to‘siqlar va o‘t ochish nuqtalari o‘rnatilgan, behisob maydonlar minalarga to‘ldirilgan, qolaversa safarbarlik doirasida xizmatga chaqirilgan harbiylarni ham tayyorlashga erishilgandi.

Natijada ukrainlarning ketma-ket oldinga intilishlari o‘nlab texnikalar minalarga tushib portlab ketishi yoki Ka-52 vertolyotlarining uzoq masofadan turib yo‘llagan zarbalariga uchrab yo‘q qilinishi bilan yakunlanaverdi. Shundan keyin Ukraina qo‘mondonligi taktikani o‘zgartirdi va kichik piyodalar guruhlari bilan oldinga o‘ta boshladi. Natijada Zaporijjya va Donetsk oblastlari chegarasida bir qancha qishloqlar ozod etildi, Rossiya bo‘linmalari ortga chekinishga majbur bo‘ldi. Ukrain qo‘shini katta yo‘qotishlar evaziga jami uchta yo‘nalishda - Orixiv, Velika Novosilka va Baxmut yo‘nalishlarida jami 14 qishloqni ozod etishga erishdi, lekin oldinga qo‘yilgan maqsad - Azov dengizi bo‘ylariga chiqish yoki ushbu yo‘nalishdagi asosiy shahar Tokmakka yetib borish tugul, Rossiya mudofaasi ichkarisiga chuqur kirishning imkoni bo‘lmadi.

Umuman olganda, katta umidlar bog‘langan qarshi hujum chippakka chiqdi va sovuq kunlar boshlanishi bilan butunlay to‘xtab qoldi. Endilikda urush pozitsion holatga o‘tgan va ikki tomon ham keyingi yildagi harbiy harakatlar uchun kuch va resurslar to‘plashga kirishgan.

Bortida milliarderlar bo‘lgan batiskaf halokati

«Titan» batiskafi suvga tushirilish jarayoni. Foto: ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Ukrainlarning qarshi hujumi avj pallasiga kirgan mahalda millionlab odamlar e’tiborini dunyoning boshqa bir nuqtasidagi boshqa voqea ham o‘ziga tortadi.

18 iyun kuni Atlantika okeanida 100 yil muqaddam cho‘kib ketgan «Titanik»ning 3800 metr chuqurlikda joylashgan qoldiqlari tomon sayohat uyushtirgan «Titan» batiskafi sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi. Suvosti apparati bortida ekipajning besh nafar a’zosi bor edi. Ular orasida - britaniyalik milliarder, shuningdek Action Aviation kompaniyasi rahbari Hemish Harding hamda Pokistonning eng badavlat odamlaridan biri bo‘lgan biznesmen Shahzod Dovud o‘g‘li bilan birga edi.

Suv ostiga sayohat OceanGate Expeditions kompaniyasi tomonidan tashkillashtiriladi. Favqulodda holat ro‘y bergan joyda olib borilgan qutqaruv amaliyoti naf bermaydi. To‘rt kun o‘tib AQSh sohil xizmati bo‘linmasi batiskaf parchalarini topadi. Keyinroq suvga tushganidan ikki soatga yaqin vaqt o‘tib «ona kemasi» bilan aloqani yo‘qotgan suvosti kemasi suv tubida portlab ketgani va batiskaf ichida bo‘lganlarning barchasi bir zumda halok bo‘lgani oydinlashadi, ularning jasadi baribir topilmaydi.

Portlashning sababi rasman aniq emas, buni oxirigacha aniqlash uchun hali oylar talab etadi. Lekin voqeadan ko‘p o‘tmay Washington Post nashrida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, OceanGate kompaniyasi bosh direktori, halokatga uchragan batiskaf ichida bo‘lgan Stokton Rash jurnalist Arni Vaysmann bilan suhbatda «Titan»ni yasashda muddati o‘tgan mahsulotdan foydalanganini tan olgandi.

Bundan tashqari, «Titan» videoo‘yinlar uchun mo‘ljallangan Logitech F710 pultida boshqarilgan, 2010 yilda ishlab chiqarilgan va blutuz orqali ishlaydigan bunday pultni internet do‘konlarda 30 dollarga sotib olish mumkin. Batiskafda oddiy qurilish quvurlaridan ballast sifatida foydalanilgan, kema ichi esa oddiy kompyuter displeylari bilan jihozlangandi.

Marokashdagi zilzila va boshqa tabiiy ofatlar

Kuchli zilzila oqibatida ertaknamo Qizil shahar vayron bo‘ldi
Foto: Fadel Senna / AFP / Scanpix / LETA

2023 yilgi vayronkor tabiiy ofatlar Turkiya va Suriyadagi zilzila bilan cheklanib qolmadi. Marokashning markaziy qismidagi Yuqori Atlas tog‘lari hududida 9 sentabrga o‘tar kechasi 7,2 magnitudali zilzila ro‘y berib, olti provinsiyaga zarar yetkazdi.

Hodisa oqibatida uch mingga yaqin kishi halok bo‘lib, besh mingdan ortiq kishi yaralangan. Zilzila epimarkaziga eng yaqin joylashgan Marrakish shahrida turar joy binolari va boshqa binolar qulagan. Ularning bir qismi YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Qizil shahar nomi bilan mashhur bo‘lgan Eski shahar hududida joylashgandi.

10 sentabr kuni esa Shimoliy Afrikaning yana bir mamlakati Liviyada dahshatli suv toshqini ro‘y berdi. Fojiaga mamlakatning shimoliy-sharqiy sohillariga «Daniel» bo‘roni yopirilganida, eskirib qolgan to‘g‘onlar suv oqimiga dosh bera olmagani sabab bo‘ldi. Derna daryosining yuqori oqimidagi ikkita to‘g‘on buzilib ketishi oqibatida suv daryoning quyi qismidagi Derna shahrini yuvib ketdi. Qurbonlar soni turli ma’lumotlarga ko‘ra 5 mingdan 11 minggachani tashkil etadi, yana minglab kishilar bedarak ketgan yoki jarohatlangan, 40 mingdan ortiq kishi yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan. To‘g‘onlar buzilishi yuzasidan ochilgan jinoyat ishi doirasida bir necha amaldor hibsga olindi.

Janubiy Amerikada esa oktyabr oyida dahshatli qurg‘oqchilik kuzatildi va dunyodagi eng sersuv bo‘lgan daryolardan biri Amazonkada suv sathi kuzatuvlar tarixidagi eng quyi darajaga tushib ketdi. Sayozlik va suv harorati oshishi Tefe ko‘lida baliqlar va yuzlab delfinlar yoppasiga nobud bo‘lishiga olib keldi. Suv sathi pasayishi daryoda kemalar qatnovini ham qiyinlashtirdi, Amazonka yoqasida yashab kelgan va asosiy daromad manbayi baliqchilik bo‘lgan odamlar esa og‘ir ahvolda qoldi.

Qorabog‘ni tashlab chiqqan armanlar

Qorabog‘ni tark etayotgan armanlar karvoni
David Ghahramanyan / Reuters / Scanpix / LETA

Ukrainaning qarshi hujumi sekinlasha boshlaganida esa Kavkaz mintaqasida vaziyat keskinlashadi.

2020 yil kuzida 44 kun davom etgan Ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunlariga ko‘ra Ozarboyjon Qorabog‘ning bir qismi va unga yondosh tumanlarni qaytarib olgan edi. Qorabog‘ga Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlarining kelishuviga ko‘ra rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kiritilgandi. Ular armanlar istiqomat qiladigan hududni nazorat qilib, ularning xavfsizligini ta’minlashi ko‘zda tutilgandi.

2023 yil 19 sentabrida esa Uchinchi Qorabog‘ urushi boshlandi va u atigi bir kun davom etdi. Ozarboyjonlik harbiylarning kuchli zarbalaridan keyin, 20 sentabr kuniyoq tan olinmagan Qorabog‘ning arman ma’muriyati o‘t ochishni to‘xtatish, to‘liq qurolsizlanish va og‘ir texnikalarni Qorabog‘ hududidan olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bir sutka davom etgan janglarda tan olinmagan Qorabog‘ respublikasining 2,5 ming kishilik armiyasining qariyb yarmi halok bo‘ldi, Armaniston armiyasi vaziyatga aralashmadi va Xonkandidagi ma’muriyatda taslim bo‘lishdan boshqa yo‘l qolmadi.

Tinchlik muzokaralaridan keyin Qorabog‘ to‘liq Ozarboyjon yurisdiksiyasiga o‘tadigan bo‘ldi. 1988 yilda boshlangan va 1992 yilda armanlar g‘alabasi bilan yakunlangan urushdan keyin egallangan hududlarga ko‘chib kelgan armanlarning aksar qismi etnik tozalash xavfidan sarosimaga tushib qoldi va zudlik bilan hududni tark etib, Armanistonga qocha boshladi.

Ozarboyjon hukumati Qorabog‘ni tark etishga uringan sobiq ma’muriyat rasmiylarini birin-ketin qo‘lga olishga kirishdi, xususan «Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi»ning sobiq davlat vaziri, milliarder Ruben Vardanyan va Qorabog‘ armiyasining sobiq qo‘mondoni, general-leytenant Levon Mnatsakanyan ham chegarada ushlandi.

Bu mojaro ichida yana bir mojaro ro‘y berdi - harbiy harakatlar chog‘ida Rossiya tinchlikparvar kuchlari harbiylari ham halok bo‘ldi. Besh nafar harbiy bo‘lgan mashina kuzatuv postidan qaytayotganida ozarboyjonlik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilgan, qurbonlar orasida Shimoliy flot suvosti kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari - Qorabog‘ga komandirovkaga yuborilgan va tinchlikparvar kontingent qo‘mondoni o‘rinbosariga aylangan Ivan Kovgan ham bor edi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu hodisa uchun Putindan uzr so‘radi va shuning o‘zi yetarli bo‘ldi.

Keyingi kunlarda 100 mingdan oshiq arman Qorabog‘ni tark etdi, Xonkandi ko‘chalari huvullab qoldi, hududda qolgan armanlar soni ming nafarga ham yetmasdi. Aliyev ular ta’qibga olinmasligi va tinch yashashda davom etishiga va’da berdi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, bir kunlik harbiy harakatlar vaqtida Ozarboyjon armiyasidan ham 200 ga yaqin harbiy halok bo‘lib, 500 nafarga yaqini halok bo‘lgan.

Isroil-Hamas urushi

G‘azo sektorida vayron bo‘lgan kvartal, 2023 yil 20 noyabr
Leo Correa / AP / Scanpix / LETA

7 oktyabr kuni HAMAS harakati a’zolari kutilmaganda G‘azo sektoridan Isroil hududiga reydlar uyushtirib, chegarachilarni hamda chegara hududlarda yashovchi aholi vakillarini o‘ldirdi, shuningdek Isroilning ichkari hududdagi shaharlariga yoppasiga raketa zarbalari yo‘llandi. Bu hujumlar oqibatida yuzdan oshiq harbiylar va tinch aholi vakillari bo‘lgan mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, 250 nafarga yaqin kishi asir olinib, sektor hududiga olib ketildi.

Bu hujumlar Isroil hukumati uchun ayni muddao bo‘ldi - bosh vazir Binyamin Netanyahu urush e’lon qildi va bu urush HAMAS tugatilguniga qadar davom etishini bildirdi. Sektor hududi to‘liq qamal qilindi, hududga faqat oz miqdorda oziq-ovqat va dori-darmonlar o‘tkazilishiga imkon berildi, elektr va yonilg‘i ta’minoti butkul to‘xtatildi. «Temir qilich» nomi ostidagi amaliyotning dastlabki bosqichi aviazarbalardan iborat bo‘ldi va sektor hududi bemisl darajada o‘qqa tutildi, isroillik harbiylar hamaschilar yashiringanini iddao qilib aholi yashash hududlariga ham zarbalar yo‘lladi, shifoxonalar hududlarida ham portlashlar ro‘y berdi.

Mojaro boshlanganida atrofdagi arab davlatlari ham unga aralashishi mumkinligi haqida taxminlar bor edi, ammo faqat Livanda harakat qiluvchi «Hizbulloh» harakati vaqti-vaqti bilan raketa zarbalari yo‘llash bilan cheklandi, boshqalar quruq so‘zda qo‘llab-quvvatlashdan nariga o‘tmadi. Bu vaqtda esa Isroilning asosiy ittifoqchisi AQSh har tomonlama yordam ko‘rsatdi.

Isroillik harbiylar asosiy harbiy harakatlar sektor shimolida kechishini ma’lum qilib, mazkur hududlar aholisiga sektor janubiga ko‘chib o‘tishni tavsiya etdi va yuz minglab falastinliklar uylarini tashlab chiqishdi.

Oktyabr oyi oxirlariga kelib Isroil qo‘shini quruqlik amaliyotini ham boshladi. Isroil armiyasi qisqa muddat ichida sektorning shimoliy qismidagi asosiy hududlarni nazoratiga oldi va sektor markaziga ham shiddatli harbiy harakatlar maydoniga aylandi.

Noyabr oyining oxirgi haftasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga amal qilindi va bu muddat davomida bir necha bor asirlar almashinuvi o‘tkazildi - Isroil qamoqxonalardagi yuzlab falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborish evaziga sektorda garovda ushlab turilgan o‘nlab isroilliklarni qaytarib oldi. Shuningdek, sektor hududiga o‘tkaziladigan insonparvarlik yordamlari hajmi oshirildi. Ammo sulhni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘ldi va 1 dekabrda harbiy harakatlar qaytadan boshlandi.

Dekabr oyining ikkinchi yarmida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi va harbiy harakatlar hamon davom etmoqda.

HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon Isroil aviazarbalari oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 20 mingdan oshgan - ularning aksar qismi ayollar va bolalar. Shuningdek, harbiy harakatlar hududida BMTning 100 dan ortiq xodimlari va 25 nafar jurnalist ham halok bo‘lgan.

Argentinadagi saylov

Argentinaning yangi prezidentiga aylangan Xaviyer Miley singlisi Karina Miley (o‘ngda) bilan La-Platadagi saylovoldi mitingi vaqtida, 2023 yil 12 sentabr
Marcos Gomez / AG La Plata / AFP / Scanpix / LETA

Yakunlanayotgan yilda yana bir mamlakatdagi prezidentlik saylovlari jamoatchilik diqqat markazida turdi - so‘nggi yillarda iqtisodiy muammolar girdobida qolgan Argentinada inqilobchi siyosatchi katta sahnaga chiqdi.

19 noyabr kuni o‘tkazilgan ikkinchi turda faol saylovoldi kampaniyasi davrida «Janubiy Amerika Trampi», «Benzopila ko‘targan siyosatchi» laqablari bilan tanilgan iqtisodchi Xaviyer Miley g‘olib chiqdi mamlakatni iqtisodiy inqirozdan qutqarish uchun o‘z rejalarini bajarishga kirishdi.

53 yoshli iqtisodchi-roker so‘nggi yillarda Argentina televizon dasturlarida balandparvoz va mojaroli chiqishlari bilan omma diqqatini o‘ziga jalb qilib kelayotgan edi. U Markaziy bankni «portlatib yuborish», peso o‘rniga dollar joriy qilish, «jamoat ishlari»ga chek qo‘yish, subsidiyalarni qisqartirish va o‘qotar qurol olib yurishga ruxsat berish kabi va’dalari bilan tanilgandi.

Prezidentlikka saylanganidan keyin esa birinchi navbatdagi ishi vazirliklarni qisqartirish bo‘ldi. Bundan tashqari uning hukumati iqtisodiyot vaziri mamlakatni oyoqqa turg‘azish uchun quyidagi choralarni e’lon qildi:

  • davlat tomondan piarga ketadigan barcha reklama va tegishli xarajatlarni bekor qilish;
  • davlat ishchilari, shtatni 34 foizga qisqartirish;
  • 1 yildan kam muddatda ishlagan har bir davlat xodimini ishdan bo‘shatish;
  • barcha infratuzilma xarajatlarni to‘xtatib turish (o‘tmishda ko‘p asossiz xarajatlar bo‘lgani sababli);
  • energiya va transport subsidiyalarini qisqartirish;
  • valutani devalvatsiya qilish (dollarizatsiyaga tayyorlanish uchun);
  • eksport va import kvotalari va savdoga to‘siqlarni bekor qilish;
  • ijtimoiy yordam: bolalar nafaqasi va oziq-ovqat bilan aholiga yordam ko‘lamini kengaytirish.

Prezidentning o‘zi esa shaxsiy samolyotdan voz kechdi va oddiy aholi bilan bitta samolyotda uchmoqda. Uning so‘nggi kunlardagi e’tiborga molik ishlaridan biri RF prezidenti Vladimir Putin hamda Xitoy rahbari Si Jinpingga maktub yo‘llab, mamlakati BRICS tashkilotiga a’zo bo‘lmasligi haqida bildirishi bo‘ldi. 2022 yil yozida Argentina hukumati sobiq prezident Alberto Fernandes davrida ittifoqqa qo‘shilish uchun ariza bergandi, biroq Miley ma’muriyati ushbu tashkilotga a’zolik mamlakatga iqtisodiy foyda keltirmaydi deb hisobladi.

Mavzuga oid