Jahon | 23:41 / 12.01.2024
6351
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik yozuvchi Boris Akunin «chet el agenti» deb e’lon qilindi

U Rossiyaning Ukraina hududidagi harbiy operatsiyasiga qarshi chiqqani, Rossiya va Rossiya Qurolli Kuchlari haqida salbiy imij yaratishga qaratilgan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Kommersant’

Rossiya Adliya vazirligi «chet el agentlari» reyestrini kengaytirdi. Jumladan, unga yozuvchi Boris Akunin (haqiqiy ismi Grigoriy Chxartishvili) kiritildi. 

Adliya vazirligining xabariga ko‘ra, Grigoriy Chxartishvili Rossiyaning Ukraina hududidagi harbiy operatsiyasiga qarshi chiqqan, Rossiya va Rossiya Qurolli Kuchlari haqida salbiy imij yaratishga qaratilgan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan, Ukraina Qurolli Kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ yig‘ish tadbirlarida qatnashgan, xorijiy agentlarning materiallari va xabarlarini tarqatish bilan shug‘ullangan. 

Grigoriy Chxartishvili 1956 yilda Gruziyada tug‘ilgan, yozuvchi, tarjimon, jamoat arbobi. Detektiv, sarguzasht, fantastika va tarixiy janrlardagi asarlari bilan nom qozongan. Uning asarlari asosida «Azozil», «Turk gambiti», «Davlat maslahatchisi», «Josus», «Leviafan», «Fandorin» kabi film va seriallar suratga olingan. 

O‘zining siyosiy qarashlari va Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimini tanqid qilishi bilan ham nom qozongan. 2014 yilda Rossiyani tark etgan va xorijda istiqomat qiladi. 

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, «chet el agenti» deb e’tirof etilgan fuqarolar va tashkilotlar o‘z faoliyati va xarajatlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga muntazam ravishda hisobot taqdim etishi, barcha maqolalarida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham «chet el agenti» ekanini belgilab qo‘yishi shart. 

2022 yildan boshlab, ularga dars berish, axborot mahsulotlari yaratish, ommaviy tadbirlar tashkil etish, saylov komissiyasi a’zosi bo‘lish taqiqlandi. 2022 yil oxiridan boshlab Rossiya Adliya vazirligi chet el agentlarining yagona reyestrini yuritib kelmoqda.

Mavzuga oid