O‘zbekiston | 15:21 / 24.01.2024
46359
6 daqiqa o‘qiladi

Rus propagandachilari nimani ko‘zlayapti?

Oxirgi paytlarda rossiyalik propagandachilar O‘zbekistonga axborot bilan hujum qilishi qayta-qayta takrorlanyapti. Kuni kecha rus tarixchisi Mixail Smolin NTV telekanalidagi chiqishida “inqilobgacha o‘zbek millati bo‘lmagan” deb iddao qildi.

“Masalan, o‘zbeklar inqilobga qadar mavjud emasdi, bunday etnik nom bo‘lmagan. Markaziy Osiyoning bir nechta xalqlarini olib turib, ulardan o‘zbeklar hosil qilingan”, – dedi u.

Xo‘sh, bu kabi ochiqdan ochiq yolg‘on, provokatsiya va kamsitishlar bilan chiqayotgan rus mafkurachilari nimani maqsad qilgan? Imperialist tafakkurida qotib qolgan bunday shaxslarga O‘zbekiston qanday javob qaytarishi kerak? O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja bu boradagi o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Imperiya degan tushuncha Mixail Smolinning qon-qoniga singib ketgan. E’tibor bering, u “Xalq radiosi”da “Imperatorlik ongi” va “Kitoblar imperiyasi” radiodasturlari muallifi va boshlovchisi, “Imperator uyg‘onishi” jurnalining noshiri va bosh muharriri bo‘lgan. Shuningdek, “Imperatorlik yo‘lidagi ocherklar. 19-asrning ikkinchi yarmi – 20-asrning birinchi yarmidagi noma’lum rus konservatorlari", “Rossiya imperiyasining siri”, “Rus tafakkurining imperator an’anasi ensiklopediyasi” , “Monarxiyami yoki respublika? Qo‘shnilarga imperator xatlari” kabi kitoblarni yozgan. Asarlaridan tortib ishlagan lavozimlari, hatto ko‘rinishidan ham imperiya islari taralib turadi (mayli, shaxsiyatiga to‘xtalmayman). Bu kabi shaxslar o‘ta konservator, eski tuzum qaytishini istaydi. Uni imperiyani tiklash ideologlaridan biri deyish mumkin.

Rossiya imperiyasining targ‘ibotchisiga aylangan Mixail Smolin kabi yuqori, o‘rta va quyi qatlam tajovuzkorlari tomonidan bunday fitnalar doim bo‘lgan. Bir vaqtlar Jirinovskiy janoblari bor edi, o‘lib ketdi, qutuldik. Bu birinchisi ham, oxirgisi ham emas. Bizda o‘zimizga nisbatan noto‘kislik kompleksi bo‘lishi kerak emas. Bizning tariximizda ham imperiyalar bo‘lgan. Biz ham imperiyalarning merosxo‘rlarimiz. Tarixda o‘zimizning bojxonamiz, xavfsizlik xizmatimiz, tilla tangamiz, diplomatlarimiz mavjud edi – katta imperiya bo‘lganmiz. Biroq bizda imperiyani tiklash niyati yo‘q. Hayot qanday siyosat yuritishni talab etayotganini ko‘rib turibmiz. Ammo ba’zi davlatlar, xususan, marginal Rossiyada imperiyani tiklashga istaklar bor. Bunday fitnalarga nisbatan “It hurar, karvon o‘tar” deb ham qarashimiz mumkin, lekin shaxsan bunday chiqishlar meni xavotirga soladi.

Birinchidan, bugungi provokatsiyalarda Rossiya imperialistlarining strategik maqsadlari yashirilganini esdan chiqarmasligimiz kerak. Buning zohirida nima bor? Avvalo, Mixail Smolinning gaplar ortida “o‘zbek millati qadimmi, qozoq millati qadimmi yoki tojik millati qadimmi” degan savolni o‘rtaga tashlab, nizo-nifoq chiqarish niyati turibdi. Ya’ni – bo‘lib tashla, hukmronlik qil. Ayni shu narsadan ehtiyot bo‘lishimiz zarur.

Ikkinchidan, Mixail Smolin kabilar sodda va anoyi emas, ular bizning buyuk tariximizni juda ham yaxshi bilishadi. Bugungi yaxlit Rossiyaning vujudga kelishida bizning turkiylar hissasi borligini ham yaxshi anglashadi. Smolin va uning ortida turganlar aniq nishonni mo‘ljallab olgan. Bundan 150 yil avval ham ruslar Turkistonni o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojikka bo‘lib tashlagan, keyin bolsheviklar boshqaruvni davom ettirgan. Oxir-oqibat, imperiya tanazzulga yuz tutdi. Mana, mustaqillikka erishganimizga 33 yil bo‘ldi, lekin ular arqonni qo‘yvorgisi kelmayapti-da... Imperiyani tiklash istagi borki, shu kabi propagandalarni amalga oshiryapti. Ammo tarixni yana shunday – aslicha qaytarib bo‘lmaydi. Shuni yaxshi tushunishimiz kerakki, bizni endi bo‘lib tashlab boshqarib bo‘lmaydi, bizni parchalab bo‘lmaydi, bizga nifoq kirgazib bo‘lmaydi. Biz o‘sha paytlarda Buxoro amirligi, Qo‘qon, Xiva xonligi qilgan xatolarni qaytarmaymiz. Uning uchun ahil bo‘lib, vaziyatni tushunishimiz kerak.

Bu borada ziyolilarga ko‘proq yuzlanmoqchiman. Ziyolilar, keling, birlashaylik. Tuxmat, fitnalarga tashqi va ichki holatlarga qarshi birdam turaylik. Agressiv fazaga kirayotgan imperialistlarning provokatsiyalariga uchmasligimiz kerak. Biz turkiylarining dinimiz, yaylovlarimiz, osmonimiz, suvimiz bir bo‘lgan – tarixda turkiylar bitta bo‘lganmiz. Bugun bir-birimizga raqobatchi davlat sifatida qaramasdan, o‘zaro yordam berishimiz lozim. Ikki jugut birlashsa, shirkat tuzar, ikki turkiy birlashsa, davlat tuzar, degan gap bor.

Provokatorlarning bu kabi chiqishlari bizni o‘z tariximizni anglashga, tariximiz haqida kuchliroq o‘qib-o‘rganishga yana bir bor undadi. Keling, bugun tariximizni chuqur o‘rganaylik va turli tahdidlarga qarshi mustahkam immunitetni o‘zimizda shakllantiraylik.

Mavzuga oid