Jahon | 15:00 / 27.01.2024
8136
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya IIV yozuvchi Boris Akuninni qidiruvga berdi

«Mediazona» nashri Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirligining federal qidiruv bazasida mashhur yozuvchiga nisbatan qidiruv kartochkasini aniqladi.

Foto: AP

Yozuvchi Boris Akunin (Grigoriy Chxartishvili) Rossiya ichki ishlar vazirligining federal qidiruv bazasidagi ro‘yxatga qo‘shildi. Buni «Mediazona» 26 yanvar, juma kuni aniqladi. 2014 yildan beri Akunin Londonda yashaydi. U Rossiya hukumati va shaxsan prezident Putinning siyosatini bir necha bor tanqid qilib, Qrimdagi holat va Ukrainadagi urushni ochiq qoralagan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Akunin asarlari Rossiya Federatsiyasida kuchli senzura bosimiga duchor bo‘ldi. Uning pesalari asosidagi spektakllar afishalaridan nomi olib tashlandi va ba’zi teatrlar bunday spektakllarni bekor qildi. 2023 yil dekabr oyi o‘rtalarida AST nashriyoti yozuvchining kitoblarini tarqatishni to‘xtatayotganini bildirdi. «Chitay-gorod - Bukvoyed» do‘konlar tarmog‘ida ham savdo to‘xtadi. Xavfsizlik kuchlari Akunin kitoblarini nashr etuvchi Moskvadagi «Zaxarov» nashriyotida tintuv o‘tkazish uchun keldi.

Rosfinmonitoring 18 dekabr kuni yozuvchi Boris Akuninni «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritdi. Ko‘p o‘tmay, tergov qo‘mitasi yozuvchiga nisbatan Rossiya qurolli kuchlari haqidagi «feyklar» va terrorizmni omma oldida oqlash haqidagi moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qildi. 

Akunin «ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritilganidan keyin «chet el agenti» deb e’lon qilindi

12 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi adliya vazirligi Boris Akuninni «chet el agentlari» reyestriga kiritdi. Undan tashqari, yangilangan ro‘yxatga Moscow Calling Telegram-kanali muallifi Andrey Kurshin, «Novaya gazeta» jurnalisti Aleksandr Minkin va Mari El respublikasidan sobiq munitsipal deputat Anton Sokolov kirdi. 

Idora, shuningdek, Minkindan tashqari hamma «Rossiya Federatsiyasi va uning qurolli kuchlari haqida salbiy imidj yaratishga qaratilgan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgani»ni bildirdi. Xususan, Akunin bo‘yicha Adliya vazirligi yozuvchi «Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ yig‘ish tadbirlarida qatnashgan» deb ta’kidladi. 

Boris Akunin o‘zining «chet el agentlari» reyestriga kiritilganidan hayratda ekanini aytdi. «Ular bugun meni chet el agenti deb e’lon qilishdi, deb yozishmoqda. Men terrorchi va ekstremistmanmi?! Men o‘zimni noto‘g‘ri parkovka uchun jarima yozilgan bin Lodindek his qilyapman», - deb yozdi u o‘shanda Telegram-kanalida. 

Mavzuga oid