Alisher Usmonov Yevropa sanksiyalarini olib tashlash bo‘yicha sudda yutqazdi
Yevropa umumiy yurisdiksiya sudi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning o‘ziga qarshi sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha bergan da’vo arizasini qanoatlantirmadi.
Usmonov Ukrainadagi urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan edi. Yevropa Ittifoqi o‘z qarorini izohlar ekan, Usmonovni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «ayniqsa yaqin aloqaga ega shaxs» sifatida ta’rifladi.
«U Rossiya hukumatining Ukrainani beqarorlashtirish siyosatini faol qo‘llab-quvvatladi», deyiladi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari qarorida.
Yevropa sudi, shuningdek, Rossiya bosh vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalovning ham xuddi shunday shikoyatini rad etdi. Yevropa Ittifoqi uni «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi harakatlar va siyosatlarni qo‘llab-quvvatlovchi» sifatida tavsiflaydi.
2023 yil avgustida Avstriyaning Kurier gazetasi Usmonovga sudda yutqazib qo‘ydi, uning maqolasida Usmonov Putinning «sevimli oligarxlaridan biri» deb atalgan edi. Hamburg sudi nizoda tadbirkor tomonida bo‘ldi va bu bayonot tuhmat degan xulosaga keldi. 2023 yil sentabrida YeI Kengashi Usmonovga nisbatan «oligarx» ta’rifidan voz kechdi.
Alisher Usmonov Rossiyaning eng boy biznesmenlari reytingida 8-o‘rinda. Tadbirkor USM holdingining asoschisi va asosiy aksiyadori (49%) bo‘lib, o‘z navbatida «Metalloinvest» va «Megafon» kompaniyalariga egalik qiladi. Rossiyaning Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 2023 yilda 14,4 milliard dollarni tashkil qilgan.
Mavzuga oid
00:45 / 23.12.2024
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
22:44 / 22.12.2024
YeI Ukrainaga qarshi boshlangan urushga uch yil to‘lishi munosabat bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
21:33 / 20.12.2024
Viktor Orban Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishdan oldin Trampning inauguratsiyasini kutmoqchi
17:42 / 20.12.2024