O‘zbekiston | 14:14 / 07.02.2024
16954
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda “Sharmanda doskasi” paydo bo‘ldi

Jinoyat sodir etgan shaxslarning surati ilinadigan ana shunday devoriy peshlavhalar Navoiydagi mahallalarga tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgani aytiladi Kun.uz manbasi ma’lumotida.

Navoiydagi mahallalarda “Sharmanda doskasi” paydo bo‘ldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, ana shunday “Sharmanda doskasi” Karmana tumanidagi mahallalarga tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan.

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Navoiy viloyati Mahallalar uyushmasi raisi G‘ofur Aliyev bilan bog‘landi.

“Bunday turdagi taxtadan xabarim yo‘q. Bizga bu borada biror topshiriq ham berilmadi. O‘zim ham endi eshitib turibman. Menimcha, “Sharmanda doskasi” bo‘lishining o‘zi unchalik to‘g‘ri emas”, deya ma’lum qildi uyushma raisi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Kun.uz Karmana tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Nabijon Cho‘liyev bilan bog‘lanib, holatga izoh oldi. Uning ta’kidlashicha, taxtaning nomlanishi xato ketgan.

“Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomda sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxsning fotosurati u tomondan sodir etilgan jinoyat to‘g‘risidagi ma’lumot bilan birga mahalla fuqarolar yig‘inidagi barchaga ko‘rinadigan e’lonlar taxtasiga bir oylik muddatga joylashtirilishi belgilangan.

Joylarda firibgarlik holatlari ko‘paymoqda. Ayrim mahallalarda odamlar o‘sha mahallada yashovchi, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxsni tanimasdan, unga aldanib qolishyapti. Shuning uchun, Nizom talablarini bajarib, shunday shaxslar haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda e’lonlar taxtasiga ildirib qo‘yamiz.

Aslida e’lonlar taxtasi bo‘lishi kerak edi, uni tayyorlashda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Hozirda xatolikni tuzatib, mahallalarga shunday e’lonlar taxtasini o‘rnatib chiqyapmiz”, deydi Nabijon Cho‘liyev.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomda keltirilishicha, sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxs sudning oqlov hukmini taqdim qilgan taqdirda, uning fotosurati va sodir etilgan jinoyat to‘g‘risidagi ma’lumot profilaktika inspektori tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inidagi e’lonlar taxtasidan darhol olib tashlanadi. Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha avval o‘tkazilgan muhokama yuzasidan uch kun muddatda raddiya tayyorlanib, e’lonlar taxtasiga bir oylik muddatga joylashtiriladi.

Mavzuga oid