Jahon | 10:22 / 28.02.2024
9567
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning tarafdorlari tushdan keyin saylovga kelishga chaqirildi

Rossiya Federatsiyasidagi saylov uchastkalarida 17 mart kuni bo‘lib o‘tadigan aksiyani qo‘llab-quvvatlash - Aleksey Navalniyning so‘nggi iltimosi, dedi uning tarafdori Leonid Volkov.

Foto: Liesa Johannssen/REUTERS

Aleksey Navalniy tarafdorlari Rossiya prezidenti saylovi kuni - 17 martda tushda saylov uchastkalariga kelishga va shu tariqa hibsda vafot etgan muxolifatchining «so‘nggi vasiyatini» bajarishga chaqirildi. «Bizda Aleksey Navalniydan to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy vasiyat bor – ushbu aksiya», dedi Navalniyning tarafdori Leonid Volkov 27 fevral, seshanba kuni videomurojaatida Navalniyning 1 fevraldagi posti skrinshotini ko‘rsatib. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu uning so‘nggi siyosiy posti, u (Aleksey Navalniy) yetkazgan oxirgi gapi». «Bu endi yolg‘izlikni yengishga qaratilgan siyosiy aksiya emas, bu ham motam mitingi, fuqaroni yod etish marosimi, agar xohlasangiz, bu Aleksey Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan aksiya. Bu Aleksey Navalniy bizdan amalga oshirishni so‘ragan aksiya», - deb ta’kidladi Volkov. 

Shuningdek, u aksiyaning asosiy mazmuni - 17 mart kuni soat 12:00 da Navalniy «so‘nggi vasiyatini» bajarib, kelish ekanligini, saylov uchastkalarida nima qilish - saylov byulletenlarini yaroqsiz holga keltirish yoki nomzodlardan biriga ovoz berish muhim emasligini aytdi. 

«Siyosiy kurash 17 martda tugamaydi» 

Rossiyadagi saylovlardan keyin nima bo‘lishi haqida gapirar ekan, Volkov muxolifatchilarning siyosiy kurashi «rejim tugaguncha» davom etishiga va’da berdi. «17 martdan keyin yangi siyosiy loyihalar, yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi, biz Alekseysiz, lekin uning tamoyillariga ko‘ra, uning buyrug‘iga ko‘ra o‘zimiz ishlab chiqishimiz kerak. G‘ayrioddiy g‘oyalar, umumiy qabul qilingan siyosiy amaliyotga zid bo‘lgan loyihalar bilan chiqish lozim, lekin rejim oxir-oqibat parchalanmaguncha unga zarba beriladi», dedi Leonid Volkov. 

Aleksey Navalniy 1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan so‘nggi postida o‘zini qo‘llab-quvvatlayotganlarni 17 mart kuni roppa-rosa tushda saylov uchastkalariga kelishga chaqirib, buni «to‘liq qonuniy va xavfsiz haqiqiy umumrossiya norozilik aksiyasi» deb atadi.

16 fevral kuni Federal jazoni ijro etish xizmati (UFSIN) Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha boshqarmasi Aleksey Navalniyning 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida vafot etganini ma’lum qildi. Navalniyning sheriklari muxolifat yetakchisining o‘ldirilgani ehtimoli yuqori ekanini aytdi.

Mavzuga oid