Sport | 14:52 / 04.03.2024
20732
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi turnirda o‘zbekistonlik dzyudochilar 6 ta medal oldi

Toshkentda o‘tgan dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turnirida O‘zbekiston jamoasi vakillari o‘z natijasini yaxshilab, Fransiya va Yaponiyadan keyin 3-o‘rinni egalladi.

1–3 mart kunlari Toshkent shahrida dzyudo bo‘yicha xalqaro «Katta dubulg‘a» turniri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, jami 6 ta medalga sazovor bo‘ldi. Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, dunyoning 68 mamlakatidan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirokida kechgan musobaqada o‘zbekistonliklar Fransiya va Yaponiyadan keyin umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

1 mart kungi bahslarda –60 kg vazn toifasidagi Doston Ro‘ziyev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ilk bor IJF tasnifidagi musobaqalar finalida ishtirok etgan ushbu sportchi jahon chempionati sovrindori, gurjistonlik Giorgi Sardashvilini mag‘lubiyatga uchratib, jamoaning ilk medaliga sazovor bo‘ldi.

Doston Ro‘ziyev

Bu chempionlik Ro‘ziyevga jahon va Parij-2024 reytingi uchun 1000 ochko taqdim etdi.

Shu kuni –52 kg vazn toifasi vakili Gulhayo Jo‘rayeva ham medalga ega chiqdi. U ham faoliyatidagi ilk katta musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etdi va yarimfinalda Olimpiada va jahon chempionati sovrindori, hozirda jahon reytingida 6-pog‘onada turgan britaniyalik Chelsi Jaylsni mag‘lub etib finalga chiqdi.

Gulhayo Jo‘rayeva chapda birinchi

Ammo hal qiluvchi bahsda fransiyalik dzyudochi, Tokio olimpiadasi finalchisi, jahon chempionatlarining ko‘p karra g‘olibi, hozirda jahon reytingida 3-pog‘onada joylashgan Amandin Busharga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Shu kuni –66 kg vazn toifasida bronza medali uchun kurashgan Sardor Nurillayev esa braziliyalik Vilyam Limaga yutqazdi.

2 mart kungi bahslar ham jamoaga ikki medal taqdim etdi.

–73 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shahram Ahadov beshinchi bor «Katta dubulg‘a» turnirida sovrindor bo‘ldi. U uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda rossiyalik Mahmadbek Mahmadbekovdan (neytral atlet maqomida ishtirok etgan) ustun keldi.

Shahram Ahadov

O‘zbekiston jamoasining –73 kg vazn toifasidagi yana bir vakili Obidxon No‘’monov ham bronza medali egasiga aylandi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda qozog‘istonlik Daniyar Shamshayev taqiqlangan usul qo‘llagani uchun g‘alaba o‘zbekistonlik sportchiga berildi.

Obidxon No‘’monov

Ahadov va No‘’monov o‘z hisoblariga jahon va Parij-2024 reytingi uchun 500 ochkoni qo‘shib qo‘yishdi.

Shu kungi bahslarda –70 kg vazn toifasida bronza medal uchun kurashgan Gulnoza Matniyozova esa niderlandiyalik Margit de Vugtga yutqazdi.

3 mart kuni O‘zbekiston jamoasi yana bitta oltin va bitta bronza qo‘lga kiritdi.

–90 kg vazn toifasi vakili Davlat Bobonov uchinchi o‘rin uchun bahsda kubalik Ivan Moralesni 16-soniyadayoq mag‘lubiyatga uchratdi. Bobonovning «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi medallari soni to‘qqiztaga yetdi. U 2022 yilda Toshkentda o‘tgan musobaqada dzyudo bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgandi.

Jahon chempioni, Masters turniri va Osiyo o‘yinlari g‘olibi Muzaffarbek To‘raboyev (–100 kg) o‘z titullarini yana bittaga ko‘paytirdi. U finalda oldingi ikki musobaqasida mag‘lubiyat nimaligini bilmagan rossiyalik Matvey Kanikovskiy (neytral maqomda)ni 13-soniya ichida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa, To‘raboyev jahon va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari reytingi uchun 1000 ochkoni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

+100 kg vazn toifasida bronza medal uchun kurashgan Shohrux Baxtiyorov esa rossiyalik Inal Tasoyevga (neytral atlet) mag‘lub bo‘ldi.

Mavzuga oid